Romnining saylov kampaniyasi Respublikachilar qurultoyida davom etadi

  • Amerika Ovozi

Tahlilchilar nazarida Florida shtatining Tampa shahrida davom etayotgan Respublikachilar partiyasi qurultoyi Mitt Romni uchun oson kechmaydi. Birinchidan, safdoshlar orasida Romni haqiqiy konservativ arbob ekaniga shubha bilan qarovchilar bor. Ikkinchidan, noyabr yaqinlar ekan, u kimni saylashni bilmay, ikkilanib turgan fuqarolar e’tiborini qozonishi kerak.



Mitt Romni partiya nomzodligini qo’lga kiritish uchun qator saralash bosqichlaridan o’tdi. Yagona da’vogar maqomini qo’lga kiritganiga qaramay, ayrim konservativ respublikachilar ishonchini hanuz qozona olmadi.

Saralash bosqichida uning raqibi bo’lgan ayrim partiyadoshlari bugun Tampa qurultoyida Romnini qo’llab, respublikachilarni yakdil bo’lishga chaqirmoqda.

Xususan, Xerman Keyn konservatorlar orasida hamon mashhur.

“Romni va Pol Rayan asosiy maqsadimiz nima ekanini tobora chuqurroq tushunib borayapti. Bunga men kechagi yig’inda va boshqa joylarda guvoh bo’ldim”, - deydi Keyn.

Romni vitse-prezidentlik uchun Viskonsin shtatidan qonunchi Pol Rayanni tanlab, ko’plab konservativ respublikachilarni shod qildi. Prezidentlik uchun kurashgan, Minnesota shtatidan qonunchi Mishel Bakman ana shulardan.

“Mitt Romni qoyadek mustahkam odam. Iqtisodiyotni juda yaxshi tushunadi. Bunga shubha yo’q. Pol Rayan ham shunday. Men uni yaxshi bilaman. U bilan olti yil birga ishlaganmiz”, - deydi Bakman.

Romni tashqi siyosat bobida tajribali arbob, AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton hurmatini qozona oldi. Sobiq diplomatning “Amerika ovozi”ga aytishicha, respublikachilar tashqi siyosatda Obamaga bas keladi.

“Nazarimda biz Ronald Reygan davridagi kabi, tinchlikni kuch orqali o'rnatish tashqi siyosatiga qaytishimiz kerak. Mitt Romni shu haqda gapirib keladi. U, fikrimcha, ana shunday siyosat olib bormoqchi va partiya qurultoyida ham shuni tilga oladi”, - deydi Bolton.

Romni konservativ qarashdagi safdoshlarini birlashtirishga harakat qilayotgan bir paytda, ovoz berish bo’yicha aniq qarorga kelmagan millionlab saylovchilarni yoddan chiqarmasligi kerak.

Siyosiy tahlilchi Norman Ornsteynning aytishicha, payshanba kungi chiqish Romni uchun eng muhim palla bo’ladi.

“Romni Obama uddalay olmagan mamlakatni samarali boshqara olishini ko’rsatmoqchi. U shu fikrga urg’u beradi”, - deydi tahlilchi.

Boshqa bir ekspert Jeff Grinfild nazarida esa, Romni prezidentning iqtisodiy ko’rsatkichlarini tanqid qilish bilan cheklanishi to’g’ri emas. Jiddiyroq taklif bilan chiqish, ekonomikani rivojlantirish va yangi ish o’rinlarini yaratish bo’yicha nima qilmoqchi ekanini aniq aytishi kerak.

“Agar u bu borada aniq reja taklif qilmasa, saylovchilar orqa o’girib ketishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

Tampaga yig’ilgan delegatlar orasida Romnining eng yaxshi nomzod ekaniga shubha bilan qarovchilar bo’lishi mumkin. Ammo Obamaga ikkinchi bor saylanish imkonini bermaslik borasida ular yakdil.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG