Roza Otunbayeva Vashingtonda mukofot bilan taqdirlandi


Roza Otunbayeva

Roza Otunbayeva

Qirg’izistonni 2010-11 yillarda boshqargan Roza Otunbayeva Vashingtonda yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Sobiq prezident bugun Roza Otunbayeva Tashabbusi degan xalqaro jamg’armaga asos solgan. Maqsad – Qirg’iziston jamiyatini taraqqiy ettirish.

"Ta’lim sifatini yaxshilashdan boshlab, fuqarolarning siyosiy faolligini oshirishgacha, har bir jabhada ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga hissa qo’shishni istaymiz”, - deydi Otunbayeva, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Markaziy Osiyo bo’ylab turli loyihalar yurituvchi Yevrosiyo Jamg’armasi Roza Otunbayevani Bill Maynes (The Bill Maynes Award) sovriniga loyiq topdi.

Tashkilot nazarida Otunbayeva nafaqat o’z yurti balki butun mintaqaning yaqin tarixida muhim rol o’ynagan va vatanini murakkab, ammo o'ta zarur islohotlar tomon boshlagan.

“Ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish yo’lida bu ayolning xizmati beqiyos”, - deydi Yevrosiyo Jamg’armasi prezidenti Xorton Bibi-Senter.

“Roza Otunbayeva qay lavozimni egallamasin vijdonan ish tutdi va haqiqiy lider ekanini namoyish qildi. U kuchli iroda egasi. Eng qiyin vaziyatlarda ham mardona turib berdi”,- deydi Bibi-Senter.

Vendi Sherman, AQSh Davlat kotibi muovini, mintaqada shu paytgacha biror prezident vaqtida lavozimni bo’shatmagan, deydi.

Roza Otunbayeva Yevrosiyo Jamg'armasi mukofotini oldi, Vashington, 13-dekabr, 2012

Roza Otunbayeva Yevrosiyo Jamg'armasi mukofotini oldi, Vashington, 13-dekabr, 2012

“Otunbayeva – Markaziy Osiyoda birinchi ayol prezident. Shuningdek, demokratik tuzumda rahbarga belgilangan muddat bitgach u lavozimni tark etishi kerakligini isbotlab bergan arbob. Qirg’iziston prezidentlik tuzumidan parlament sistemasiga o’tar ekan, Otunbayeva xizmati bilan bu jarayon silliq kechdi”,- deydi Sherman xonim.

Roza Otunbayeva Sovet davridayoq yuqori lavozimlarda edi. Vatani mustaqillikka erishgach, Qirg’iziston tashqi siyosati va diplomatiyasi yulduziga aylandi. G’arbda elchilik qildi, vazir bo’ldi, muxolifatga yetakchilik qildi.

Qurmanbek Bakiyev bir paytlar uning safdoshi edi, ammo u 2005-yilda prezidentlikka kelganidan keyingi o’zgarishlar Otunbayevada keskin norozilik uyg’otdi. 2010-yilning aprelida Qirg’izistonda yana bir inqilob yuz berdi. Bakiyev hokimiyatdan ag’darildi. Roza Otunbayeva muvaqqat rahbar sifatida hokimiyatni egalladi.

Roza Otunbayeva Vashingtonda jurnalistlar va ekspertlar bilan muloqotda, 13-dekabr, 2012

Roza Otunbayeva Vashingtonda jurnalistlar va ekspertlar bilan muloqotda, 13-dekabr, 2012

​Lekin o’sha yilning yozida, iyun oyida Qirg'iziston janubida yuz bergan etnik xunrezlik Otunbayeva siyosiy faoliyatidagi katta dog’ desak xato bo’lmaydi.

Uning o’zi ham “Amerika Ovozi” bilan gaplashganida bu borada afsus-nadomatlar bildirdi.

O’sh va Jalol-Obod etnik nafrat va zo’ravonlik tufayli qonga belangan paytda, yuzlab ming o’zbeklar jon saqlash uchun O’zbekiston tomon chegarada iltijo qilib turgan damlarda Qirg’iziston hukumati ularni himoya qila olmagan.

Axir ular ham shu davlat fuqarolari edi, nima uchun adolat ta’minlanmadi deb so’raganimizda, Otunbayeva qo’lidan kelgan barcha chorani ko’rganini aytadi.

Vaziyat oxir–oqibat nazoratga olindi, deydi Otunbayeva, etnik totuvlikka urg’u berildi. Sobiq prezident vaziyat hamon qaltis ekanini tan oladi.

Vashingtonda mukofotni qabul qilar ekan, u jumladan shunday dedi:

"Yurtim istiqboli uchun harakat qilishda davom etaman. Vatan uchun xizmat qilish - muqaddas burch".

Roza Otunbayeva bilan yuzma-yuz suhbatni tez fursatda shu sahifada tomosha qiling.

Video arxivdan:

<br />

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG