"Chegara bilmas muxbirlar": Yevropa O'zbekistonga bosimni oshirsin


Prezident Islom Karimov Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso bilan, Bryussel, 24 yanvar, 2011

Prezident Islom Karimov Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso bilan, Bryussel, 24 yanvar, 2011

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarga nisbatan bosim oshib borayotgani haqida ogohlantirmoqda. So’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat yanada og’irlashgan, deyiladi so’nggi tahlilnomada.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro hamjamiyatni, ayniqsa, G’arb davlatlarini masala yuzasidan O’zbekiston hukumatiga bosimni kuchaytirishga undamoqda.

Tashkilotning aniqlashicha, ayni paytda Islom Karimovning Germaniyaga safar qilishi muhokamada. O’zbekistonda inson huquqlari va so’z erkinligi o’ta og’ir bir sharoitda, deya bildiradi “Chegara bilmas muxbirlar”, bu mamlakat prezidentining Yevropada olqishlanishi toqat qilib bo’lmaydigan hol.

Viktor Krimzalov jurnalistlik qilgani uchun jarimaga tortildi; Yelena Bondar ham aynan jurnalist ekani uchun jinoiy tergov ostida; Aleksey Volosevich qattiq bosim ostida; xorijlik muxbirlar Viktoriya Ivleva va Natalya Antelava Toshkent aeroportidanoq deportatsiya qilingan, deya izohlanadi Parijda chiqqan bayonotda.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch singari tashkilotlar ham O’zbekistonda o’nga yaqin jurnalist qamoq jazosini o’tayotganini eslatadi.

G’arb davlatlari bunday holatlar yuzasidan pozitsiyalarini ochiq-oydin bildirib, masalani O’zbekiston bilan konkret muhokama qilishi va o’z shartlarini qo’yishi kerak, deydi faollar.

Shu munosabat bilan Germaniya kansleri Angela Merkelga bevosita murojaat qilinmoqda.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Yoxan Bir deydiki:

Yoxan Bir, "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari

Yoxan Bir, "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha rahbari

“Bizdagi ma‘lumotga ko’ra, Islom Karimov Germaniyaga kelishni xohlayapti. Biroq hozircha Angela Merkel ma‘muriyati bu tashrifga rozilik bermagan va Toshkentga inson huquqlari bobida islohotlar o‘tkazish talabini qo‘ygan. Biz bu talablar qat‘iy bo’lsin deymiz. Shuningdek, siyosiy mahbuslar haqida gap ketganida, qamoqda o’tirgan 10 jurnalist ham ozod etilishini istaymiz“.

Shu oy boshida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi oldida bir guruh jurnalist va suratkashlar piket qilgan edi.

“Novaya gazeta“ muxbiri, O’zbekistonga kiritilmay aeroportdanoq orqaga qaytarilgan Viktoriya Ivleva tashkil etgan bu namoyishda Karimov rahbariyatidan erkinlikni ta’minlash talab qilingan.

Ivleva va “Bi-Bi-Si“ (BBC) muxbiri Natalya Antelava tanqidiy maqolalar yozgani uchun ham deportatsiya qilingani ta‘kidlanadi.

Viktor Krimzalov yozmagan maqolasi uchun jarimaga tortilgan bo’lsa, Yelena Bondar yozilmagan maqolada irqiy adovat va millatlararo nizo qo’zg’atishga uringanlikda ayblanmoqda.

Yoxan Bir nazarida O’zbekistonda matbuot erkinligi yo’lida biror ijobiy o’zgarish yo‘q. Boshqa kuzatuvchilar ham shuni aytadi: hukumat kim tanqid qilsa, o’shaning og’zini yopish yoki undan bir amallab qutulish harakatida.

“Chegara bilmas muxbirlar” panjara ortidagi jurnalistlarning ism-shariflarini keltiradi:

Xayrulla Hamidov, Dilmurod Sayid, Rustam Ibragimov, Davron Qobilov, Ravshanbek Vafoyev, Abdulaziz Dadaxonov, Botirbek Eshqo‘ziyev, Solijon Abdurahmonov, Yusuf Ro‘zimurodov va Muhammad Bekjon.

Xayrulla Hamidov 2010-yilda noqonuniy diniy guruhga a‘zolikda ayblanib, olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Muxolifatdagi “Erk“ gazetasi muharriri Muhammad Bekjon esa 1999-yilda tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib, qamoqqa tashlangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG