Donald Ramsfeld Andijon voqealariga qanday yondashgan?

  • Amerika Ovozi

Donald Ramsfeldning memuari "Biz bilgan va bilmaganlar" deb ataladi

Donald Ramsfeldning memuari "Biz bilgan va bilmaganlar" deb ataladi

Shu yil fevralida AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld memuarlari bitilgan kitob nashrdan chiqdi.

“Biz bilgan va bilmaganlar” deb nomlangan kitobning uch sahifasi 2005-yil mayida Andijonda ro’y bergan qonli voqealarga bag’ishlanadi.

AQShning liberal jurnali “The Atlantic” Ramsfeldning voqealarga yondashuvini tanqid qiladi.

Jurnal kitobning O’zbekistonga doir qismini tahlil qilar ekan, Donald Ramsfeldning “Bush ma’muriyati Andijon voqealari borasida xatoga yo’l qo’ygan” degan so’zlarini keltiradi.

Ramsfeldning Andijon voqealari bo’yicha umumiy xulosasi, deyiladi maqolada, ko’p xalqaro tashkilotlarnikidan butunlay farq qiladi.

"Andijonda qatliomdan oldin qurollangan kishilar qamoqxonaga hujum qilib, sud hukmini kutayotgan 23 tadbirkor va yana ba’zilarni ozod qiladi. So’ng hukumat kuchlari korrupsiya, iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan nolib, Bobur maydoniga to’plangan minglab tinch aholini o’qqa tutadi. Rasmiy manbalarga ko’ra, 187 kishi, norasmiy manbalarga ko’ra esa mingga yaqin odam o’ladi".

Bu xalqaro inson huquqlari tashkilotlari, xorijiy matbuot, guvohlar, AQSh razvedkasi va, hattoki, Davlat departamentining Andijon voqealari haqidagi bayoni.

Biroq Ramsfeld o’z memuarlarida buning aksini aytadi. Ya’ni “qamoqxonaga hujumdan maqsad islomiy davlat qurmoqchi bo’lgan ekstremistik guruh a’zolarini ozod etish bo’lgan. Askarlar, ba’zilar ta’kidlaganidek, begunoh aholini qirmagan”.

Ramsfeld xulosasi faqat O’zbekiston hukumati bayoni bilan hamohang xolos, deb yozadi “The Atlantic” jurnali.

Qizig’i shundaki, deyiladi maqolada, Ramsfeld so’zlari Pentagon razvedkasi rahbari tayyorlab, sobiq vazirning internet sahifasida hamda qisman kitobda tilga olingan ma’lumotga ziddir. Unda aytilishicha, razvedka andijonlik tadbirkorlarning islomiy jangarilarga aloqasini aniqlay olmagan. “Bundan odamlarning islomiy tuzum o’rnatish da’vati emas, korrupsiya va zulmga qarshi asosli da’volari sabab maydonga to’planganini xulosa qilish mumkin”, deyiladi Pentagon qoshidagi Mudofaa razvedka boshqarmasi xulosasida.

Maqola muallifi o’tgan oy Ramsfeld bilan suhbatlashib, undan kitobi va razvedka bergan ma’lumotlar o’rtasidagi nomutanosiblik haqida so’raganida, sobiq mudofaa vaziri “kitobimda bitilgan narsa haqiqat” deyish bilan cheklangan edi.

Maqolada aytilishicha, Donald Ramsfeld nazarida huquq faollari paytdan foydalanib, hukumatga qarshi harakatlarini kuchaytirgan, biroq, deydi muallif, AQSh hukumati ham Ramsfelddan o’zgacha fikrda bo’lgan. Buni sobiq vazirning o’zi ham kitobida tasdiqlaydi. Uning aytishicha, AQSh hukumati ichida O’zbekistonga nisbatan qanday siyosat tutish bo’yicha ko’p bahs bo’lib, Ramsfeld munozarada yengilgan. O’sha payt Bryusselda o’tgan NATO uchrashuvida Ramsfeld Andijon voqealari vo’yicha xalqaro tergov salbiy oqibatlarga olib keladi, deya unga qarshi chiqqan edi.

Sobiq mudofaa vazirining aytishicha, AQShning tanqidiy pozitsiyasi sabab Qo’shma Shtatlar Afg’onistondagi operatsiyalar uchun o’ta muhim bo’lgan “Xonobod” harbiy bazasidan ayrildi. Ustiga-ustak, deydi Ramsfeld, O’zbekiston hukumati demokratiya va inson huquqlarini uncha pisand qilmaydigan Xitoy va Rossiya bilan aloqalarni kuchaytirdi.

Maqola muallifining xulosa qilishicha, Donald Ramsfeld Bush ma’muriyati xatosi haqida gapirib, o’zi xato qilmoqda. Sobiq vazirga shunchaki bahsni boy bergani alam qilyapti xolos, deyiladi “The Atlantic” jurnalida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG