O'zbekiston va AQSh bir-biri uchun juda muhim davlatlar, deydi Donald Ramsfeld


Toshkent, 24 fevral 2004

Toshkent, 24 fevral 2004

Donald Ramsfeld (Rumsfeld) desangiz, amerikaliklardan turfa fikrlar eshitasiz. Kimdir uni dono arbob, o’tgan yarim asr davomida AQSh tashqi siyosatida o’chmas iz qoldirgan siyosatchi desa, boshqalar uni Amerika sha’nini bulg’agan, yolg’onchi, oxirgi 10 yilda ochilgan ikki urush va talofatlar uchun javobgar shaxs deb biladi.

Ramsfeldning shu yil nashrdan chiqqan memuari - “Biz bilgan va bilmaganlar” (Known and Unknown) mana shu iddaolarga javob berishga harakat qiladi.

O'zbekiston va AQSh bir-biri uchun juda muhim davlatlar, deydi Donald Ramsfeld

O'zbekiston va AQSh bir-biri uchun juda muhim davlatlar, deydi Donald Ramsfeld

Siyosiy faoliyatini 1960-yillarda boshlagan Ramsfeld o’z kitobida vatanparvar, omilkor va dunyo ishlaridan yaxshi xabardor shaxs sifatida gavdalanadi. 1975-77 yillarda Jerald Ford prezidentligi davrida, shuningdek 2001-2006 yillarda Jorj Bush prezidentligi paytida Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligini boshqargan.

1974-75 yillarda u Oq Uy boshqaruvchisi, undan oldin Amerikaning NATOdagi elchisi, 1963-65 yillar orasida esa Kongressda o’zi tug’ilib o’sgan Illinois shtati vakili bo’lgan. Ramsfeld AQSh dengiz flotida ham xizmat qilgan.

Terrorga qarshi urushda hamkorlar... Islom Karimov va Jorj Bush, Oq Uy, Vashington, 12 mart 2002

Terrorga qarshi urushda hamkorlar... Islom Karimov va Jorj Bush, Oq Uy, Vashington, 12 mart 2002

Ramsfeld va O’zbekiston

AQSh 2001 yilning kuzida Afg’onistonda Tolibon va “al-Qoida”ga qarshi urush ochar ekan, Ramsfeld Toshkentga borib, O’zbekiston rahbari Islom Karimovni Qarshi-Xonobod harbiy havo bazasini ochishga ko’ndiradi. “Biz bilgan va bilmaganlar” kitobida Ramsfeld Karimovni kommunistik ruhda tarbiya topgan, sovetcha ish yuritadigan, ammo gapning po’skallasini aytadigan lider sifatida ta’riflaydi. Uningcha, Karimov AQSh va Rossiya bilan muvozanatli, hech bir tarafni norozi qilmagan holda ishlashni istagan. “Afg’onistonda faqat afg’onlar urushadi”, - deya Karimov AQShni ehtiyorkorlik bilan qadam tashlashga undagan. Safarlari davomida Ramsfeld va Karimov orasida o’ziga xos do’stlik va ishonch paydo bo’ladi.

“Amerika Ovozi” bilan muloqotida, Ramsfeld Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston bilan aloqalar 2001 yilgacha uncha faol emas edi deydi. Terrorga qarshi urush tomonlarni yaqinlashtirgan.

“Men o’zim shaxsan bu mintaqa, uning rahbarlari va boshqalar bilan tanishib bag’oyat mamnun bo’lganman”, - deydi u.

Toshkent 4 noyabr 2001

Toshkent 4 noyabr 2001

“Inson huquqlari xavfsizlikdan ustun”

AQSh Mudofaa vaziri bu rishtalarni asrab-avaylash uchun Davlat departamenti, O’zbekistonni huquq va demokratiya bobida tanqid qilib kelayotgan vazirlik bilan ko’p achchiq so’zlar almashganini ayon qiluvchi rasmiy hujjatlar bugun www.rumsfeld.com - Ramsfeldning shaxsiy saytida turibdi.

Pentagon O’zbekiston bilan apoq-chapoq edi, lekin AQSh hukumatining boshqa idoralari hamda Kongressda Islom Karimovni diktator va zolim rahbar deb bong urayotganlar ko’p edi. Terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan Karimov repressiyaga zo’r bermoqda, tuzumni tanqid qilganlar soxta ayblar bilan qamalmoqda, qiynoqqa solinmoqda deya o’nlab hisobotlar yozildi.

2004 yilga borib, Ukraina va Gruziyadagi demokratik inqiloblar Markaziy Osiyo rahbarlarini sarosimaga solib qoy’di. Huquq va erkinlikni targ’ib qiluvchi tashkilotlarga bosim kuchaydi. AQShda asoslangan Ochiq Jamiyat Instituti, “Internews”, IREX, ACCELS va boshqalar tazyiq ostida birin-ketin mamlakatni tark etdi. Davlat departamenti ular himoyasi uchun gapirsa, Pentagon bu masala AQSh-O’zbekiston aloqalarining bir qismi xolos, hozir eng muhimi xavfsizlik va diqqatni terrorga qarshi urushdagi hamkorlikka qaratish kerak deya jar soldi.

Toshkent, 5 oktabr 2001

Toshkent, 5 oktabr 2001

2005 yilda Andijondagi qo’zg’olon kuch bilan bostirildi, yuzlab insonlar halok bo’ldi. Fuqarolarga qarshi qurolli kuch safarbar etilgani xalqaro hamjamiyat, xususan G’arb tomonidan keskin qoralandi. O'zbekiston bilan aloqalarni, ayniqsa harbiy hamkorlikni cheklovchi choralar ko'rildi.

Vashingtonning tanqidlaridan g’azabga kelgan O’zbekiston hukumati 2005 yilning yozida, Andijon fojiasidan sal o’tmay, AQShni Xonobod bazasidan chiqarib yuborishga ahd qildi.

Ramsfeld aloqalar bunchalik darz ketishida Amerikaning aybi bor deb keladi. Uning fikricha, Andijonda jangarilar xuruj qilgan va hukumat qurol bilan javob berishga majbur bo’lgan. Huquqni bayroq qilib olgan va o’zini “huquq himoyachisi” deb atagan muxolifatchilar olib borgan targ’ibot natijasida, deya mulohaza yuritadi u, Amerika muhim bir hamkoridan ayrildi. Ramsfeld Kongress a’zolari va Davlat departamenti bilan qanchalik bahslashmasin, “inson huquqlari xavfsizlikdan ustunroq” degan javob oladi.

Ramsfeld fikricha AQSh uzoqni o'ylab ish tutganida O'zbekistonda konkret o'zgarishlarga erishish mumkin bo'lar edi. Keskin tanqid samara bermadi, deydi u, aksincha Karimovni Rossiya quchog'iga otdi.

Ramsfeld fikricha AQSh uzoqni o'ylab ish tutganida O'zbekistonda konkret o'zgarishlarga erishish mumkin bo'lar edi. Keskin tanqid samara bermadi, deydi u, aksincha Karimovni Rossiya quchog'iga otdi.

AQShdan xafsalasi pir bo’lgan Karimov o’zini Rossiya quchog’iga otishga majbur bo’ldi, deya xulosa qiladi Ramsfeld. Bush ma’muriyati huquq ustun dedi, ammo na uni epladi va na xavfsizlik bobidagi hamkorlikni. Ramsfeld nazarida Markaziy Osiyoga nisbatan konkret bir siyosiy dastur ishlab chiqish kerak edi. Aniq strategiya mavjud emas edi, deya yozadi u kitobida, O’zbekiston bilan ishlash kerak edi, tanqid muammoning yechimi emas edi. Amerika uzoqni o’ylab siyosat yuritmadi, aksincha, vaziyatni baholashga shoshildi, uzoq muddatli manfaatlar esa chetda qolib ketdi.

"Inson huquqlari bilan bog’liq ahvol yaxshilanmadi, chunki hukumat Rossiya tomon burilib, ularning iznida harakat qildi",- deydi Ramsfeld.

Rumsfeld o'z kitobida Islom Karimovni uddaburo, sovetcha ish yuritadigan ammo gapning po'skallasini aytadigan rahbar deya eslaydi

Rumsfeld o'z kitobida Islom Karimovni uddaburo, sovetcha ish yuritadigan ammo gapning po'skallasini aytadigan rahbar deya eslaydi

“Biz bu davlatlarning o’ziga xos tomonlari haqida o’ylab, tahlil qilib ish ko’rishimiz kerak edi”,- deydi u.

Ramsfeld savollarimizga to’liq javob bermadi, umumiy gaplar bilan cheklandi. Munosabatlarni mustahkamlash uchun nima qilmoq zarur deb so’raganimizda, jumladan, shunday dedi:

“O’zbekiston bilan aloqalarimiz kuchayadi deb umid qilaman. Bu O’zbekiston xalqi uchun ham, inson huquqlari uchun ham, biz uchun ham foyda keltiradi”.

O'zbekiston va AQSh bir-biri uchun juda muhim davlatlar, deydi Donald Ramsfeld

O'zbekiston va AQSh bir-biri uchun juda muhim davlatlar, deydi Donald Ramsfeld

Ramsfeld bugun nima bilan mashg’ul?

Bugungi kunda Donald Ramsfeld Vashingtonda o’z maslahatchi firmasiga ega. Tashqi siyosat, xavfsizlik va mudofaa masalalarida ekspert xizmat taklif qiladi.

Shuningdek, Donald Ramsfeld o'z jamg'armasidan maxsus stipendiyalar ta’sis etgan. Ulardan biri orqali, masalan Markaziy Osiyo va Kavkazdan yosh mutaxassislar kelib, AQSh davlatchiligi va siyosiy organlari bilan yaqindan tanishadi. Ramsfeld ular bilan suhbat qurib, bu yoshlarni rag’batlantiradi; Amerikani do’st deb bilib, o’zaro manfaatlar yo’lida xizmat qilishga undaydi.

Masala borki, murakkab deya yozadi keksa arbob, uni oq va qoraga ajratish bilan ish bitmaydi. Muammoning yechimi, deydi u, qarshi tomon bilan ham islashni talab qiladi.

Lekin G’arbda Donald Ramsfeldning kitobiga nisbatan bildirilgan keskin tanqidlardan biri shuki, u asarni o’z qora ishlarini oqlash uchun yozgan. “Biz bilgan va bilmagan” deb muallif hammaga ayon haqiqatni etak bilan yopishga urinmoqda degan sharhlar Amerika va Yevropa matbuotida chiqdi.

2001 yilda Afg’onistonda, 2003 yilda Iroqda ochilgan urushlar hamon davom etmoqda. Bu jamiyatlar kelajagi mavhum ekan, mazkur harbiy harakatlar boshida turgan, ularning loyihasini tuzganlardan biri Donald Ramsfeld ekanini unutish qiyin.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG