Breaking News

AQSh va Markaziy Osiyo bir-biriga kerak, deydi yosh olimlar


O'zbekistonlik vakil Xurshid Xolov
O'zbekistonlik vakil Xurshid Xolov

O'zbekistonlik vakil Xurshid Xolov
O'zbekistonlik vakil Xurshid Xolov

Markaziy Osiyo va Kavkaz tabiiy zaxiralarga boy, Sharq va G’arbni bog’lovchi ko’prik va shu bois hamisha yirik davlatlar diqqat markazida bo’lib kelgan.

Bu ikki region tinch ekani va energiya oqimi uzilmay kelib turishi muhim. Mintaqa Afg’onistonga qo’shni ekanini ham unutmaslik kerak.

Xo’sh, region uchun chet davlatlar, xususan, Qo’shma Shtatlarning nima ahamiyati bor? Kim kimga muhtoj?

Markaziy Osiyo va kavkazlik bir necha yosh mutaxassis, jumladan, o’zbekistonlik olim hozir AQShda. Ular Amerika sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld ta’sis etgan va uning nomiga atalgan dastur stipendiatlari.

2008 yilda ish boshlagan loyiha Markaziy Osiyo, Kavkaz va Afg’onistonda ilm-fan, siyosat va biznes ahlini qo’llab-quvvatashni nazarda tutadi. Ular Amerikaga kelib, izlanadi. Bu mamlakat ziyolilari bilan fikr almashadi.

Donald Ramsfeld vazirlikdan ketgach, bu tashabbusni boshlar ekan, yoshlarni hukumatda ishlashga qiziqtirish kerak, - deb chiqqan edi.

Ramsfeld stipendiatlari Vashingtondagi Jons Xopkins Institutida so’zlar ekan, “AQSh Markaziy Osiyo va Kavkaz ahli va hukumatlari uchun muhimmi?” degan savolni o’rtaga tashladi.

O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadan kelgan bu olimlar javobi ko'p jihatdan energetika, xavfsizlik va Afg’oniston bilan bog’liq.

Qozog'istonlik olima Aygerim Shilibekova
Qozog'istonlik olima Aygerim Shilibekova

Qozog’istonlik olima, Regional va Xalqaro Tadqiqotlar Markazi direktori Aygerim Shilibekova fikricha, bu savolga javob berish uchun har ikki regiondagi muammolar, jumladan, etnik va qurolli mojarolar, terrorizm va yadro qurollari tarqalishi xavfi, odam va qoradori savdosi, siyosiy va iqtisodiy beqarorlik va suv taqchilligi muammosini yaxshi bilish kerak.

“Regionda Qo’shma Shtatlarning madadi zarur, - deydi qozog'istonlik olima. Mojarolarning oldini olish va yechish, taraqqiyotni qo’llab-quvvatlash va insonparvarlik yordami, chegara nazorati, demokratiya rivoji va fuqarolik jamiyatlarini yaratish kabi yo’nalishlarda”, - deya tushuntiradi Aygerim Shilibekova.

O’zbekistonlik mutaxassis, Ansher Holding Limited kompaniyasi vakili Xurshid Xolov energetika va transport mavzusida to’xtaldi.

“Markaziy Osiyo va Kavkaz dunyo tabiiy zaxiralarining besh foiziga egalik qiladi", - deydi u. "Region bu jihatdan Xitoy va Hindiston kabi yirik davlatlar, qolaversa, Yevropa va Rossiyani o'ziga tortadi. Qo’shma Shtatlar regiondan gaz yoki neft olmaydi, lekin o’rtada Afg’oniston bor", - deydi Xurshid Xolov.

“O’zbekiston tabiiy gazni asosan Rossiya orqali va Rossiyaga sotmoqda, biroq xaridor qancha ko’p bo’lsa, bitta davlatga tobe bo’lmasak, shuncha yaxshi”, - deydi Xolov. Afg’oniston tinch bo’lsa, qo’shni davlatlar, misol uchun, O’zbekiston yonilg’i tarmoqlarini, transport yo’llarini kengaytirishi, hudud orqali o'tib, dengizga chiqishi mumkin. Shu jihatdan AQShning mintaqaga yordami zarur", - deydi mutaxassis.

Tojikistonlik Firuza Rahimova
Tojikistonlik Firuza Rahimova

Qo’shma Shtatlarda omma xalqaro mavzular bilan emas, ko'proq o'z muammolari bilan ovora. Yaqinda Kongressga saylovlar o’tganida, diqqat iqtisod va boshqa ichki masalalarga qaratildi. Jamoatchilik urushlardan toliqqan ko'rinadi. AQSh ommasi Markaziy Osiyoga qo’l siltasa, undachi?

"Qo’shma Shtatlar dunyoning eng qudratli davlatlaridan", - deydi tojikistonlik tahlilchi Firuza Rahimova. “Shunday ekan, uning bo’ynidagi mas’uliyati, tinchlikni ta’minlash yo’lida majburiyati ham katta. To’qqiz yil oldin Afg’onistonga qo’shin kiritar ekan, AQSh bo’yniga majburiyat olgan".

"Bu yurtdagi harbiy harakatlar ketidan taraqqiyot dasturlari boshlangan va davom etishi kerak, deydi Firuza Rahimova. AQShdagi kayfiyat esa o’tkinchi va iqtisodiy ahvol yaxshilanib, o’zgarishiga aminman”, - deydi olima.

Ozarbayjonlik Hanifa Ahmadov fikricha, AQSh regiondan yuz o’girgan taqdirda yoki ketgan holda ham Ozarbayjon demokratiya va erkinlik yo'lidan qaytmaydi.

Ozarbayjonlik Hanifa Ahmadov
Ozarbayjonlik Hanifa Ahmadov

"Balki, Amerika yordamisiz qiyin bo’lar, buni hech kim aniq ayta olmaydi. Biz qo’shnilar bilan ham, xorij bilan ham, xoh Rossiya, Eron, xoh G’arb bilan teng muloqot yuritishga harakat qilayapmiz”, - deydi Hanifa Ahmadov.

Bu yosh mutaxassislar nazarida dunyo o’zgarib bormoqda va hech bir davlat yakka oyoqqa turishi mumkin emas.

Ularning umumiy fikri quyidagicha:

Bir-birimizga bog’liq ekanmiz, iqtisodiy, siyosiy manfaatlarimiz bir ekan, yechim topishimiz ham oson.

Aloqani uzishdan har ikki tomon birdek yutqizadi. Albatta, Amerika bo’lmasa, boshqa yirik davlatlar - Xitoy, Rossiya va Hindiston bor, biroq Markaziy Osiyo va Kavkaz Qo’shma Shtatlarga ehtiyojmand. AQSh ham bu ikki mintaqa tinch, farovon ekanidan manfaatdor.

XS
SM
MD
LG