Markaziy Osiyo hukumatlariga ta'sir qilish yo'llari - Ramsfeld stipendiatlari fikri


Bu yilgi stipendiat, o'zbekistonlik Umid Aripdjanov (chapda), Jon Xopkins Universiteti olimi, gruziyalik Mamuka Tsereteli, qirg'izistonlik stipendiat Ruslan Karabukaev (o'ngda). 29-aprel, Vashington, Jons Xopkins Universiteti.

Bu yilgi stipendiat, o'zbekistonlik Umid Aripdjanov (chapda), Jon Xopkins Universiteti olimi, gruziyalik Mamuka Tsereteli, qirg'izistonlik stipendiat Ruslan Karabukaev (o'ngda). 29-aprel, Vashington, Jons Xopkins Universiteti.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld asos solgan jamg’arma Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdan har yili bir necha yosh liderni poytaxtga olib keladi.


Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida iqtisod mutlaq nazorat ostida, ya’ni xususiy sektor katta emas. Gruziya va Qirg’iziston bu masalada qo’shnilardan nisbatan oldinda – biznes muhiti erkinroq, korrupsiyaga qarshi salmoqli ishlar qilingan. Iqtisodiy erkinlik - taraqqiyot kaliti, deydi Vashingtonda so’zlagan yosh mutaxassislar, mintaqadan kelgan mehmonlar.

AQSh sobiq mudofaa vaziri Donald Ramsfeld asos solgan jamg’arma (Rumsfeld Foundation) Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdan har yili bir necha yosh liderni poytaxtga olib keladi. Ular Vashington va uning atrofida siyosat, shuningdek, ilm ahli bilan uchrashadi; AQSh hukumatining ishi bilan tanishib, siyosiy qarorlar qanday qabul qilinishi, ilmiy-tahlil institutlari va bizneslar bunga qanaqa ta’sir qilishini o’rganadi.

Bu galgi stipendiatlar vatanida biznes sohasida ishlagan. Masalan, Umid Aripjanov O’zbekistonda “Colibri” huquq firmasini yuritadi va chet el sarmoyadorlariga huquqiy, soliq va biznes xizmatlar ko’rsatadi. Ruslan Karabukayev Qirg’izistonda tadbirkor, “Avanta Capital” sarmoya guruhini boshqaradi. Tojikistonlik Manuchehr Qurbonali “Axiom Investments” sarmoya fondining rahbari, jamg’arma Markaziy Osiyoda qator tibbiy markazlarga egalik qiladi.

Bu yoshlarning tan olishicha, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bugun boshqarayotgan aksariyat rahbarlar Rossiyada ta’lim olgan va o’sha davr vakillari. Sovet davlatlari bir-biriga emas, Moskvaga quloq solib o’rgangan. Ularni qo’shnilardagi ahvol qiziqtirmagan. Bu rahbarlar hali ham o’sha eski qarashdan qutulolmayapti.

Vaholanki, deydi Ramsfeld stipendiatlari, avval ichki, mintaqadagi vaziyat haqida bilimni oshirish kerak. Tinimsiz faqat Rossiya, Xitoy yoki Qo’shma Shtatlarga qarab ish tutmasdan, regionning o’zida imkoniyatlar izlashni o’rganish lozim.

Aynan shu sabab Ramsfeld stipendiatlari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog’lovchi o’zaro ta’limiy almashinuv dasturini olg’a surmoqda. CAMCAE (Central Asia, Mongolia, Caucasus) loyihasi studentlarni bir semestrga tajriba almashishga jo’natadi, deydi Ruslan Karabukayev. Masalan, turkmanistonlik talaba O’zbekistonda, gruziyalik yoshlar Ozarbayjonda, arman yoshlari Mongoliyada o’qiydi, vaziyatni o’rganadi. Mintaqani yaxshi bilgan bo’lajak biznes liderlarni tarbiyalashga qaratilgan bu dastur. Bu yetakchilar kelgusida kichik va o’rta bizneslar yaratishda hal qiluvchi rol o’ynashi kerak bo’ladi.

Biroq Markaziy Osiyoda, masalan, nuqson shuki, kichik va o’rta bizneslar prokuratura, soliq idorasiga yem bo’ladi. Hukumatlar bu bizneslar erkin ishlashi uchun sharoit yaratib bera oladimi? Erkinlik tushunchasi bilan o’zini qulay his qila oladimi ular?

Iqtisod butkul hukumatlar nazoratida bo’lib kelgan, deya tan oladi Ramsfeld stipendiatlari. Iqtisodiyot erkin bo’lishi uchun hukumatlar kontrolni boy berishi kerak.

Qozoq-Amerika biznes uyushmasini boshqarayotgan Bill Vil (William Veale) maslahati - mintaqada o’sib kelayotgan bizneslar hukumatlarga ta’sir qila boshlashi kerak. "Iqtisodiy erkinlik ta’minlab berilsa, chegaralarda qatnov osonlashsa, soliq tizimi soddalashsa, poraxo’rlik qisqarsa, davlatga yaxshi, deya hukumatlarni ishontira biling", - deydi u. "Markaziy Osiyo davlatlari shundoq ham o’zaro savdo bobida qoloq. Qo’shnilar bir-biri bilan savdo-sotiq qilishni bilmasligi uyat-ku. Biznes uyushmalar yordamida hukumatlarga ta’sir qilishni o’rganing", - deydi u.

Umid Aripjanovning aytishicha, O’zbekistonda hukumat juda ehtiyotkor. Banklar yoki konsultantlar bergan tavsiyalarni ishonib-ishonmay eshitishadi, chunki Argentina misolini juda yaxshi eslashadi. (Argentina Xalqaro valyuta fondi maslahati bilan 1990-yillar boshida ultraliberal choralar ko’rdi: davlat korxonalari xususiylashtirildi, davlat nazorati sustlashdi, importga tariflar pasayib, proteksionizmdan voz kechilib, xalqaro kompaniyalarga eshiklar ochib berildi. Sakkiz yillik o’sish, chet el sarmoyasi oqib kelishi ketidan mahalliy firmalar import qilingan mol oldida yutqiza boshladi. Mamlakat xorij investitsiyasiga tobe bo’lib qolib, tashqi qarz keskin oshdi va Argentina defoltga uchradi).

Vashingtondagi Jons Xopkins Universitetida Ramsfeld dasturi qatnashchilari bilan muhokamani ingliz tilida tomosha qiling:
Hozircha bu ishlamaydi

Ikkinchidan, deydi Umid Aripjanov, davlat o’ylayapti va muayyan strategiya ishlab chiqishga harakat qilayapti. Uchinchidan, hukumat faqat biznes rishtalarga e’tiborni qaratmoqda.

"Hech kim siyosiy rishtalar yoki siyosiy strategiya haqida o’ylamayapti. Balki bu bir jihatdan yaxshidir. O’zbekiston hukumati faqat Rossiya, Xitoy yoki Turkiya bilan siyosiy jihatdan o’ta yaqinlashishga ro’y-xush bermaydi. Ya’ni maqsad iloji boricha ko’proq davlatlar bilan iqtisodiy aloqa o’rnatish", - deydi Umid Aripjanov.

Ruslan Karabukayev nazarida iqtisodiy erkinlikka erishish uchun vaqt kerak. Bunda harakatlantiruvchi kuch – elita, hukumatdir. Gruziya, Mongoliya, Qozog’iston kabi davlatlar misolida ko’rdikki hukumat boshida turganlar islohotlarni boshlab berdi. Ozarbayjon, O’zbekiston va Turkmaniston kabi davlatlar iqtisodiy erkinlik yo’lidan borishi uchun avlodlar o’zgarishi kerak. Bu to’xtatib bo’lmas jarayondir.

"Hatto Qirg’izistonda iqtisodiy taraqqiyotni kuzatayapmiz, korrupsiyaga qarshi sezilarli choralar ko’rilayapti, odamlar haqqini talab qilmoqda. Abatta buning uchun ikkita inqilobdan o’tdik, yuzlab odamlar qurbon bo’ldi", - deydi qirg’izistonlik tadbirkor.
XS
SM
MD
LG