Ruslan Chagayev chempionlik kamarini qaytarib olish umidida


Ruslan Chagayev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

Ruslan Chagayev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda

28-yanvar kuni Germaniyaning Gamburg shahrida o'zbekistonlik professional bokschi, o'ta og'ir vazndagi sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev yana ringga chiqadi.

10 raundlik jang reyting ko'rsatkichlarini yaxshilash uchun tashkil qilinmoqda. 33 yoshli Chagayev Kosta-Rikodan Kertson Mansvel bilan bellashadi.

O'tgan yili chempionlik uchun jangda rossiyalik Aleksandr Povetkinga ochkolar bo'yicha boy bergan Ruslan Chagayev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda chempionlik kamaridan umidini uzmaganini aytadi.

28-yanvar kuni bo'ladigan jangda Ruslan Chagayev g'olib chiqsa, reyting jadvalidagi ahvolini yaxshilab oladi. Gamburgdagi mashg'ulotlar zalida jangga hozirlik ko'rayotgan Ruslan boy berilgan imkoniyatlarni tiklash uchun ter to'kmoqda.

Chagayev Povetkin bilan bo'lgan jang natijasidan afsusda, biroq maqsadga erishish uchun yangi imkoniyat paydo bo'lgani uni ruhlantiradi.

"Hozirgi jang - bu reyting jangi. Shu yil davomida uch-to'rt bor ringga chiqib, reytingda ko'tarilib olishim kerak. Menedjerni yangiladik. Joriy yilda 8-10 raundli 3-4 jang uyushtirib berishmoqchi. Keyin, xudo xohlasa, yetakchi o'rinlarga chiqsam, jahon chempioni kamari uchun jang qilish imkoni bo'ladi", - deydi Chagayev.

33 yoshli Chagayevning raqibi kosta-rikolik Kertson Mansvel

33 yoshli Chagayevning raqibi kosta-rikolik Kertson Mansvel

Rossiyalik mashhur va haybatli bokschi Nikolay Valuyev bilan 2009-yilda o'tgan jangdagi g'alabadan so'ng kamarni qo'lga kiritgan Ruslan Chagayev uchun chempionlikni ushlab turish og'ir kechdi.

"U paytda juda yaxshi formada edim. Sababi juda ko'p janglar o'tkazayotgan edim. Bu esa ringni his qilib turishimga yordam berdi. Ammo Valuyevdan keyin uzoq tanaffus bo`ldi, jarohatim tufayli shifoxonada yotdim. Keyin esa jangni belgilashda g'irromlik qilishdi. Xullas, to'rt yilda uchta jang qildim, xolos, bu juda kam. Germaniyaga endigina kelganimda, bir yilda 10 ta jang o'tkazar edim", - deydi Chagayev.

Sportda g'alaba va mag`lubiyat hamisha yonma-yon yuradi. Chempionlik shuhratini qozonish bilan birga mag'lubiyat alamini ham tortishdan benasib bo'lmagan Ruslan Chagayev o'z falsafasiga ega.

"Ruslarda bir gap bor: nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechish kerak. Men o'z vaqtida nimalardandir voz kechdim; o'rtoqlarimdek vaqtichog'lik qilmagandirman. Asosiy xulosa shuki, nimagadir erishish uchun astoydil mehnat qilish kerak", - deydi u.

Artur Grigoryan, sobiq jahon chempioni

Artur Grigoryan, sobiq jahon chempioni

Ruslan Chagayevga yana bir o'zbekistonlik mashhur bokschi, o'z vazn toifasida ko'p bor jahon chempioni bo'lgan Artur Grigoryan yaqindan yordam bermoqda. Uning aytishicha, Chagayevning jang qilish taktikasiga o'zgarishlar kiritildi.

"Navbatdagi jangning Ruslan foydasiga hal bo'lishiga ishonchim kuchli", - deydi Grigoryan.

Ruslan Chagayev ko'pdan beri Germaniyada yashayotganiga qaramasdan janglarda O'zbekiston sharafini himoya qiladi, ringga o'zbek bayrog'i ostida chiqadi. Fursat bo'lganda hamisha vatanga borib turishini aytadi.

Ruslan Chagayev "rus devi"ni mag'lub qilib, chempionlikni qo'lga kiritganida uni O'zbekistonda dabdaba bilan olqishlashgan, poytaxt ko'chalari suratlari bilan bezalgan edi.

Ruslan Chagayev chempionlik kamarini qaytarib olish umidida

Ruslan Chagayev chempionlik kamarini qaytarib olish umidida

Ammo bugunga kelib, davlat matbuoti Ruslan Chagayev haqida unutgan. Sportchining o`zi bu holatga bosiqlik bilan yondashadi.

"Bilasizmi, bu faqat bizda emas, hamma joyda shunaqa. Yutsangiz, siz haqingizda gapirishadi, yutmasangiz, gapirmay qo'yishadi. 1997-yilda havaskorlar bo'yicha jahon chempionligini qo'lga kiritganimda hamma yoqda gapirishgan edi. 1999-yilgi musobaqada yutqazganimdan so'ng hech kim eslamadi ham. U paytda yosh edim, rosa xafa bo'lganman. Ammo keyinchalik bunga ahamiyat bermaydigan bo'ldim. Hayotni o'zi ko'rsatadi, hammasini joy-joyiga qo'yadi", - deydi sobiq chempion.

Ruslan Chagayevning aytishicha, shuhrat o'tkinchidir.

"Sportda erishgan muvaffaqiyatlarim bilan o'zbek yoshlariga qaysidir ma'noda o'rnak bo'la olgan, ularni biror g'alabaga ilhomlantira olgan bo'lsam, men uchun shuning o'zi kifoya", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG