Rossiya himoyasidagi Abxaziya Gruziya bilan tinchlik tarafdori

  • Amerika Ovozi

2008-yilgi Rossiya va Gruziya urushidan so’ng Kreml Abxaziyani mustaqil davlat sifatida e’tirof etgan. So’ngra hududi Kosovo bilan baravar bu o’lkaning havo, dengiz va chegara qo’shinlari uchun yarim million dollar ajratgan. Xo’sh, Abxaziyadagi hozirgi vaziyat qanday? “Amerika Ovozi” yaqinda bu o’lkada bo’ldi.


Rossiya harbiy va diplomatik ma’noda Abxaziyani o’z panohiga olganidan besh yil o’tib, Qora dengiz bo’yidagi bu subtropik o’lkada tinchlik hukm surmoqda.

Aholi rus tilida so’zlashadi, Rossiya pasportiga ega, savdo-sotiq Rossiya rublida amalga oshiriladi.

Yagona temir yo’lidan shimolga, Sochi, so’ngra Moskvaga borish mumkin.

Bu barqarorlik o’laroq joriy yilda Abxaziyani ikki million rossiyalik sayyoh ziyorat qilish niyatida.

Poytaxt Suxumida urush paytida vayronaga aylangan maydonning bir chetida “Nuzhnaya gazeta” mahalliy haftanomasi binosi joylashgan.

Muharrir Izida Chaniya deydiki, yozda rossiyalik turistlarga mehmonxonalarda joy yetmadi.

Mahalliy aholidan so’sarangiz, ular Rossiya kurortida emas, mustaqil Abxaziyada yashayotganiga urg’u beradi.

Abxaz Milliy universitetida Rossiya ajratgan moliyaviy ko’mak yordamida yotoqxona qayta ta’mirlanmoqda. Beslan Barateliya iqtisodiyotdan dars beradi.

"Talabalar Rossiyaga borib, ko’proq pul topish mumkinligini biladi. Lekin aksariyat yoshlar Abxaziyadan ketmoqchi emas", - deydi muallim.

Abxaziyada qayoqqa qaramang urush asoratlari ko’zga tashlanadi.

Gruziyaga qarshi kurash natijasidan g’ururlanadigan abxazlar milliy qahramonlarini qadrlaydi. 200 ming gruzin Abxaziyani tark etishga majbur bo’lgan.

Biroq bugun Gruziyada ham vaziyat o’zgarmoqda.

Mamlakatning yangi bosh vaziri Bidzina Ivanishvili Rossiya bilan aloqalarni qayta tiklashga urinmoqda. Tanqidchilar uning Kreml yordamida hokimiyatga kelganini aytadi.

Ivanishvili Gruziya va Abxaziya o’rtasidagi temir yo’lini qayta tiklamoqchi. U harbiy paradlarni bekor qilib, Reintergratsiya vazirligi nomini Sulh vazirligiga o’zgartirdi.

Abxaziya Tashqi ishlar vaziri Vyacheslav Chirikba bu masalani ehtiyotkorlik bilan izohlaydi:

“Gruziyada yangi davr boshlanganiga o’rganib qoldik. U yerdagi jarayonlarni uzoqdan kuzatish quvonarli. Ular siyosiy hayotimizning bir qismi emas, xorijiy davlat”.

Abxaziya Gruziya bilan chegaradan o’tishni osonlashtirmoqchi, deydi rasmiy.

“Gruziyadagi ijobiy o’zgarishlarga tegishli javob beramiz. Uning tinchlik tashabbuslarini Abxaziya olqishlaydi, albatta. Gruziya bilan abadiy dushman bo’lishni istamaymiz,” - deydi Abxaziya rasmiysi.

Gruziyaning bu hududga bostirib kirishi ehtimoli kamayar ekan, Abxaziya azaliy dushmani bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG