Rossiya Abxaziya bilan yangi harbiy hamkorlik bitimini imzoladi

  • Amerika Ovozi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) va Abxaziya rahbari Raul Xajimba Sochida, 24-noyabr, 2014-yil.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (o'ngda) va Abxaziya rahbari Raul Xajimba Sochida, 24-noyabr, 2014-yil.

Rossiya harbiy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish bo'yicha Abxaziya bilan yangi bitim imzoladi. Abxaziya 2008-yil Rossiya-Gruziya urushi ortidan Gruziyadan ajrab chiqqan edi.

Qora dengiz bo'yidagi Sochi shahrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Abxaziya Prezidenti Raul Xajimba o'rtasida imzolangan bitim tomonlar o'rtasida qo'shma harbiy qo'mondonlik tashkil etishni ko'zda tutadi.

Kelishuvga ko'ra, 240 ming aholiga ega kichik davlat Rossiyadan kelasi yili 100 million dollar miqdorida moddiy yordam ham oladi.

Gruziya Tashqi ishlar vaziri Tamar Beruchashvili kelishuvni qoralab, uni Rossiya tomonidan Abxaziyaning to'g'ridan to'g'ri bosib olinishi deb baholadi.

Unga ko'ra, bu bitim 2008-yil Rossiya va Gruziya o'rtasida urushni to'xtatish bo'yicha tuzilgan tinchlik sulhi shartlarini buzadi.

2008-yilgi urush ketidan Abxaziya va Janubiy Osetiya o'z mustaqilligini e'lon qilgan. Ularni Rossiya va unga ittifoqdosh bir necha davlat tan olgan, xolos. Ayni paytda bu ikki kichik o'lkada Rossiyaning ko'p ming sonli askarlari joylashgan.

Ukraina va Rossiya o'rtasida kelib chiqqan nizo ortidan shu yil Rossiya Qrim yarimorolini ham o'z tarkibiga qo'shib olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG