Afg'on urushini tugatishda Rossiyaning ham roli bor

  • Amerika Ovozi

NATO, Shimoliy atlantika ittifoqiga a’zo davlatlar Afg’onistonda 130 minglik qo’shinga ega, shulardan 90 mingi amerikalik. Mintaqada o’z manfaatlariga ega yana bir davlat – Rossiyaning Afg’onistonda zobitlari yo’q, ammo NATOga yaqindan yordam berib kelmoqda.



Sovet Ittifoqi Afg’onistondan o’z qo’shinlarini 1989-yilning fevralida butunlay olib chiqqan edi. Mujohidlarga qarshi 10 yillik qonli urush afg’onlar yodidan ko’tarilmagan.

AQShdagi RAND siyosiy-tahlil markazi eksperti Set Jouns so’zlariga ko’ra, Pokistonni hisobga olmaganda, afg’on jamiyatida bugun hech bir davlatni Rossiyachalik nafrat bilan tilga olishmaydi.

“O’sha 1980-yilgi kampaniya haqidagi alamli xotiralar bois ham ayni paytda Rossiya Afg’oniston missiyasida katta rol o’ynamayotgani maqsadga mufoviq”, - deydi u.

Afg’onistonda bitta ham zobiti bo’lmasa-da, Kreml NATOga astoydil ko’maklashib kelayapti. Chunki, deydi Jouns, Tolibon hokimiyatga qaytishi yoki fuqaro urushi alanga olishidan Rossiya ham ziyon ko’radi.

“Radikal islomiy kuchlar uning chegarasiga yaqinlashishi Rossiyada xavotir bilan tilga olinadi. Xalqaro koalitsiya uchun o’z territoriyasidan yuk olib o’tishga ruxsat bergani ortidagi sabablardan biri shu”, - deydi tahlilchi.

Yaqinda imzolangan kelishuvga muvofiq, NATO poytaxt Moskvadan 900 kilometr naridagi Ulyanovsk harbiy bazasidan foydalana boshlaydi. Rus desantchilari ham shu yerda joylashgan.

Kolumbiya Universiteti professori Aleksandr Kulining aytishicha, aerodrom Afg’onistondan qo’shin va jihozlarni olib chiqayotganda qo’l keladi.
Ulyanovsk-Kobul yo'nalishi

Ulyanovsk-Kobul yo'nalishi


“Buning ahamiyati shundaki, NATO ilk bor Rossiyada harbiy inshootni ijaraga olayapti. Qarorni tanqid qilib, namoyishlar bo’ldi. Lekin baza Ulyanovsk uchun yaxshigina daromad manbai. Mahalliy hukumat tranzitdan millionlab dollar foyda ko’radi”.

AQSh Armiya oliygohida xavfsizlik bo’yicha ekspert Stiven Blank nazarida, oradagi hamkorlikni qanday ta’riflash nozik masala.

“Rossiyadagi omma kayfiyatini hisobga olib, NATO ijaraga olgan inshootni baza deb ta’riflamayapti. Shunchaki Afg’onistondan anjomlarni olib chiqishga mo’ljallangan logistika-tranzit markazi deb nomlangan. U yerdan hech qanday harbiy operatsiyalar olib borilmaydi, xorijiy askarlar joylashtirilmaydi”, - deydi Blank.

Xulosa shuki, Rossiyaning Afg’onistonga nisbatan siyosati ikkiyoqlamadir, deydi Blank.

“Bir tarafdan, AQSh Tolibon va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi olib borayotgan kurash Rossiyaga ham ma’qul. Boshqa tarafdan, Kreml Amerika zobitlari Markaziy Osiyoni tezroq tark etishini istaydi. Ulyanovsk tranzit markazi bu jarayonni tezlashtirish uchun asqatadi”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG