Rossiyaning Suriyadagi hujumlarida tinch aholi orasida qurbonlar borligi aytilmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning Su-25 qiruvchi samolyoti navbatdagi hujumni amalga oshirish uchun havoga ko'tarilmoqda, Hemeymim havo bazasi, Suriya, 22-oktabr, 2015-yil.

Rossiyaning Su-25 qiruvchi samolyoti navbatdagi hujumni amalga oshirish uchun havoga ko'tarilmoqda, Hemeymim havo bazasi, Suriya, 22-oktabr, 2015-yil.

Suriyada uch hafta avval boshlangan Rossiya harbiy havo amaliyotlarida ko’plab tinch aholi vakillari halok bo’layotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Londonda joylashgan Suriya inson huquqlarini kuzatish markazining so’nggi hisobotiga ko’ra, shu hafta 370 odam o’lgan, qariyb uchdan bir qismi oddiy odamlar.

“Rossiya hujumlarida 127 fuqaro o’lgan, ularning 36 tasi bolalar”, - dedi guruh rahbari Rami Abdul Rahmon.

Idlib viloyatidagi kasalxonaga raketa kelib urilganda 13 odam, jumladan, kasalxona xodimlari halok bo’lgan, deyiladi kuzatuv markazi tarqatgan ma'lumotda.

Maktablar, pochtaxonalar kabi fuqarolik inshootlari nishonga olingani haqida ham xabarlar bor.

Rossiya iddaolarni inkor etmoqda

Rossiya havo amaliyotlarini himoya qilib, tinch aholi orasida qurbonlar bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun barcha choralar ko’rilayotganini aytmoqda.

AQShda yashayotgan suriyalik faol Ammor Abdulhamid Rossiya hujumlarida oddiy odamlar halok bo’layotgani haqida Suriyadagi do'slaridan ma'lumot oladi.

“Bu masalada ruslar amerikaliklarga qaraganda ehtiyotsizroq ekani aniq”, - deydi u.

Rossiya hujumlarda "Islomiy davlat" (IShID) guruhini emas, balki ko’proq boshqa muxolif guruhlarni nishonga olayotgani ham tanqidlarga duchor bo’ldi.

Abdulhamidga ko’ra, jihodchilarga aloqador bo’lmagan guruhlarni hujumga olishi natijasida Rossiya ko’proq oddiy fuqarolarni o’ldirgan bo’lishi mumkin.

“Bu isyonchilar IShIDga o’xshamaydi. Ular shu mahallalarning a’zolari va o’z hududlarini o’zlari idora qilishga urinmoqda. Ular tinch aholi vakillari bilan aralashib ketgan”, - deydi suriyalik faol.

Koalitsiya hujumlarida ham oddiy fuqarolar halok bo’lmoqda

AQSh yetakchiligida IShIDga qarshi olib borilayotgan havo amaliyotlarida ham tinch aholi vakillari qurbon bo’layotgani norozilik uyg’otgan.

Suriya kuzatuv markazi ma'lumotiga ko’ra, AQSh iyun oyida amalga oshirgan hujumlarda, taxminan, 3000 kishi o’lgan bo’lsa, ularning 162 nafarini oddiy fuqarolar tashkil qiladi.

“Airwars” nomli boshqa bir mustaqil tashkilot hisobida bu raqamlar ko’proq. Qurbonlar soni 608 tadan 1817 tagacha bo’lishi mumkin.

Koalitsiya ayrim hujumlarda oddiy fuqarolar o'lgan bo’lishi mumkinligini tasdiqlaydi. Rasmiylar bu holatlarni tekshirmoqda.

“Human Rights Watch” tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo’limi rahbari o’rinbosari Nadim Hurining aytishicha, har ikki tomon amalga oshirayotgan amaliyotlarda tinch aholi orasida qurbonlar bor.

Raqamlarni aniqlash oson emas

Qaysi tomondan ko’proq qurbonlar berilayotganini aniqlash qiyin. Rossiya hujumlari nafaqat kech boshlangani uchun, balki hujumlar turli hududlarda amalga oshirilayotgani bois aniq raqamlarni aytish mushkul, deydi Huri.

“AQSh yetakchiligidagi koalitsiya hujumlarini tekshirishning qiyinligi shundaki, ular IShID nazoratidagi hududlarda amalga oshirilyapti. Shuning uchun biz u yerga bora olmaymiz yoki u yerdagi odamlar osonlikcha internetga ulana olmaydi”, - deydi Huri.

“Rossiya hujumlarini tekshirish esa osonroq, - deydi u. – Chunki ular odamlar internetga chiqa oladigan va faollar uzoq yillardan beri ishlayotgan hududlarda ro’y bermoqda. Ular bizga ma’lumotlarni jo’natib turibdi”.

Nadim Huri begunoh insonlar o’limini kamaytirish uchun AQSh va Rossiyani kelishib ishlashga chaqiradi.

“Bugun muloqotlarda shuni ko’rmayapmiz. Fuqarolarni himoya qilishga alohida e’tibor berilishi kerak”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG