Moskvada bugun amerikaliklar uchun hayot qanday?

  • Jeyms Bruk

Ukraina kelajagi ustida tortishuv Vashington-Moskva o’rtasidagi shundoq ham sovuq aloqalarni barbod qildi. Ikki davlat bir-biriga nistaban g’animlarcha munosabatda. Rossiyada yashayotgan amerikaliklar hayotida bu qanday aks etmoqda?
AQSh elchisining Moskvadagi rezidensiyasida bir guruh o’quvchilar davlat madhiyasini ijro etayotganini ko’rib, AQSh-Rossiya aloqalarida hammasi joyida deb o’ylaydi kishi.

Ammo yaqinda elchixona Moskvada yashayotgan Amerika fuqarolarini chaqirtirib, yopiq eshiklar ortida uchrashuv o’tkazdi.

AQSh Moskvaga haliyam yangi elchi tayinlagani yo’q. Maykl Makfol elchilikni fevral oyida, Rossiya Qrimni bosib olay deb turganda tark etgan.

“Rossiya televideniyesi propagandaga to’lib ketgan, odamlarning Qo’shma Shtatlar haqida fikri salbiy tomonga o’zgaryapti. Bu muammoni yuqori darajada hal qilish kerak”, - deydi suhbatdosh.

Uchrashuvda Rossiyaga kirish-chiqish to’g’risida savollar tushdi. Tadbirkor Aleks Geller esa ko’proq biznes yo’lida qo’yilayotgan to’siqlardan tashvishda.

Gap shundaki, Rossiya parlamentida qabul qilingan qonun tufayli “Visa” va “MasterCard” to’lov sistemalari bu mamlakatda faoliyatini to’xtatishi mumkin. Bu kompaniyalar Rossiyada 30 million mijozga ega.

“Tasavvur qiling, do’xtirga borasizmi, magazinga kirasizmi, naqd pul kerak. Internetda samolyotga bilet olishning imkoniyati bo’lmay qoldi”, - deydi Geller.

O’zini Fil deb tanishtirgan amerikalik advokat uchun Rossiya ikkinchi vatan. Ukraina g’alvasi boshlanganidan beri rus do’stlari bilan gap topa olmay qolgan.

“Bu mojarodan og’iz ochmayman, chunki tanish-bilishlar bilan aloqani saqlay deyman”, - deydi u.

Rossiyada amerikaliklarga nisbatan kayfiyat keskin o’zgargan. Pujan Kasaju Moskvada ko’chmas mulk moliyasi bilan shug’ullanadi.

“Oldinlari Amerikada hayot qanday, nega Rossiyada ishlashni ma’qul ko’rdingiz deb so’rashardi. Hozir esa Ukrainada sizga nima bor, pishirib qo’yibdimi, deb tanbeh eshitamiz”.

Ba’zilar nazarida Qo’shma Shtatlar ruslarni, ularning psixologiyasini tushunmaydi. Arizona shtatidan Marilin Murrey 12 yildan beri Moskvaga qatnaydi. Ishi shifokorlar malakasini oshirish.

Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, deydi u, Rossiya ko’p marta istilo qilingan. Shu bois o’zini himoya qilish uchun qo’rquvni ishga soladi. “Uning ayiq ramzi ham shundan. Qo’rqinchli, hurmat-e’tiborga tashna”, - deb sharhlaydi Murrey.

Uning aytishicha, Vashington rasmiylari Rossiya biz uchun tahdid emas qabilidagi bayonotlar qilishi Rossiyani yerga urish, behurmat qilish, obro’sini to’kish bilan barobar. Obama ma’muriyati tushunmaydiki, bu gaplarni ruslar ko’ngliga oladi, haqorat deb qabul qiladi, deydi Marilin Murrey.

Moskvada yashayotgan amerikaliklar uchun bu yerdagi sharoit, biznes muhit birdaniga o’zgarib qolganday.

Lekin Pensilvaniya shtatidan Moskvaga borgan mana bu otaxonning taassurotlari ijobiy. “Ko’chada xarita bilan adashib yurganimda, ingliz tilini bilmaydigan bir haydovchi meni gap-so’zsiz Sovet armiyasi muzeyiga olib borib tashladi”, - deydi u.

Shugna qaramasdan, turizm bo’yicha mutaxassislar fikricha, joriy yilda G’arbdan Moskvaga sayyohlar qatnovi 30 foizga kamayishi kutilyapti.
XS
SM
MD
LG