Rossiya muxolif qarashdagilarni ekstremizmda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Tahlilchilar va huquq faollarining aytishicha, Rossiya ekstremizmga qarshi qonunlardan muxolifat ovozini o’chirish maqsadida foydalanmoqda.

Yaqinda o’tkazilgan tadqiqotning ko’rsatishicha, o’tgan besh yil davomida Rossiyada ekstremizmda ayblanib qamalganlar soni uch baravar ko’paygan. Ular orasida jurnalistlar va muxolifat vakillari bor.

Ta’qib ostiga olinganlar faqat faollar emas. Kassir bo’lib ishlagan 46 yoshli oddiy fuqaro Yekaterina Vologjeninova Ukraina ixtilofiga oid ayrim maqolalarni ijtimoiy tarmoqqa joylagani uchun ekstremizmda ayblandi.

U Rossiyaning Qrimdagi amaliyotini va sharqiy Ukrainaga qo’shin kiritganini internetda tanqid qilgani uchun o’tgan oy 320 soatlik “axloq tuzatish ishlari”ga mahkum qilindi.

Vologjeninovaning telefon orqali “Amerika Ovozi”ga aytishicha, sud hukmi uning hayotini barbod qilgan. Nafaqat ishsiz qoldim, balki oilamning kelajagini ham xavf ostida qoldirdim, deydi u.

Rossiyadagi Iqtisodiy va siyosiy islohotlar markazi ma’lumotiga ko’ra, ekstremizmga aloqador ayblovlar bilan qamalganlar soni 2011-yil 137 tadan 2015-yil 414 taga yetgan.

AQSh Davlat departamenti o’zining inson huquqlariga oid so’nggi hisobotida Rossiya hukumati ektremizmga berilgan keng ta’rifdan muxolifat ovozini o’chirish quroli sifatida foydalanayotgani qayd etiladi.

“29-sentabr holatiga ko’ra, Adliya vazirligi ekstremist materiallar ro’yxatini kengaytirib, unga 3072 kitob, video, vebsayt, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar, musiqiy asarlar hamda boshqa mahsulotlarni kiritgan. Bu o’tgan yili shu paytdagi ro’yxatdan 400 taga ko’p”, - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

“Kommersant-Vlast” haftalik jurnalida o’tgan oy chop etilgan maqolada Rossiya Tergov qo’mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Rossiyaning AQSh va ittifoqchilari boshlagan gibrid urush qurboniga aylanganini aytadi. U, shuningdek, Vashingtonni Rossiyaga qarshi axborot urushini boshlaganlikda va radikal islomiy va boshqa mafkuraviy toifalarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi.

Bunga qarshi munosib javob berish uchun Rossiya internet senzurasi chegarasini qayta ko’rib chiqishi lozim va bu yo’lda Xitoy yaxshi namuna bo’la oladi, deydi Rossiya rasmiysi.

Bastrikin ekstremizmga aloqador jinoyatlar qatoriga tarixiy faktlar va hodisalar haqidagi ma’lumotlarni soxtalashtirish, milliy referendum natijalarini inkor etish kabi faoliyatlarni ham kiritish kerak, degan fikrda. Bu bilan u Qrimning Rossiyaga qo’shilishiga qarshi chiqqanlarni jinoiy javobgarlikka tortish lozimligiga ishora qilmoqda.

Rossiya harbiylari Qrimni egallab olgandan so’ng o’tkazilgan referendum natijasiga ko’ra, mahalliy aholining 95 foizi Rossiya tarkibiga kirishni yoqlagan. Xalqaro hamjamiyat jarayonni noqonuniy deya tan olmaydi.

May oyi boshida Moskva yaqinidagi Tver shahrida yashovchi Anton Bubeyev “Qrim Ukraina” deb yozilgan yarimorol xaritasi rasmini blogiga joylagani uchun 27 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud uning bu ishini ektremistik faoliyat deb topgan.

O’tgan yilning dekabrida Moskvadagi Ukraina kutubxonasi rahbari Natalya Sharina ham ekstremizmda ayblanib, uch kun qamoqda saqlangan edi. Xavfsizlik idorasi xodimlari kutubxonada tintuv o’tkazib, u yerdan Rossiyaga qarshi kitoblar topgani bunga vaj sifatida ko’rsatilgan.

Rossiya hukumatining extremism.rf nomli saytida 68 tashkilot va guruh ekstremistik tashkilotlar sifatida ro’yxatga olingan. Ularning 45 tasi Adliya vazirligining rasmiy ro’yxatidan o’rin olgan bo’lsa, 23 tasi Rossiya Oliy sudi tomonidan terrorchi tashkilot deb topilgan.

Bu orada hukumat kuzatuv dasturlari doirasini kengaytirmoqda. Agora tadqiqot guruhi o’tkazgan tadqiqotga ko’ra, sudlar xavfsizlik idoralaridan tushgan iltimosga asosan, so’nggi to’qqiz yilda to’qqiz milliondan ortiq odam ustidan kuzatuv olib borilishiga ruxsat bergan. Bu jami aholining olti foizini tashkil qiladi.

Shu oy Davlat dumasi ekstremizmga qarshi kuchaytirilgan choralarni o’z ichiga oluvchi yangi qonunni qabul qildi.

Qonunchilar olg’a surgan taklifga ko’ra, terror harakatlari, urush yoki genotsid sodir bo’lishiga aloqador faoliyatlar yuzasidan ogohlantirilgan shaxslar besh yilgacha mamlakatdan chiqarilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG