G'arb Rossiyaning gomoseksuallarga qarshi siyosatini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Sankt-Peterburgda besoqolbozlar huquqlariga qarshi o'tkazilgan namoyishdan, 17-may, 2012-yil.

Sankt-Peterburgda besoqolbozlar huquqlariga qarshi o'tkazilgan namoyishdan, 17-may, 2012-yil.

Olti oydan so’ng Rossiya Sochida qishki olimpiya o’yinlariga mezbonlik qiladi. 2018-yilda futbol bo’yicha jahon chempionati ham Rossiyada o’tadi. Rasmiy Moskva 2020-yilgi jahon ko’rgazmasiga ham mezbon bo’lmoqchi. Ammo gomoseksuallarni himoya qilishni taqiqlovchi yangi qonun kuchga kirgach, jahon hamjamiyatining Kremlga qarshiligi kuchaydi.


Shu yil boshida besoqolbozlar himoyachisi Duma binosi oldida hujumga uchradi. Iyul oyida esa poytaxtdagi bolalar kutubxonasi oldida namoyishga chiqqan olti faol hibsga olindi. G’arbda bir jinslilar nikohini qo’llovchilar soni oshayotganiga qaramay, Rossiyada bunga qarshilik kuchli.

Sankt-Peterburgda gomoseksualizmni targ’ib etishga qarshi qonun loyihasi iyun oyida prezident Vladimir Putin imzosini olib, butun mamlakatga joriy etildi. Qonunga deputat Vitaliy Milonov mualliflik qilgan.

“Shubhasiz, huquq-tartibot idoralari bizni, bolalarimizni bachchabozlik va pedofiliyadan himoya qilishini talab etamiz”, - deydi Vitaliy Milonov.

Qonun “noan’anaviy jinsiy aloqalar” haqida jamoat joyida bahs yuritishni taqiqlash orqali yosh bolalarni himoya qilishni ko’zda tutadi.

Ammo tanqidchilar nazarida chora gomoseksualizmga jinoyat tamg’asini bosib, bunday juftliklar himoyachilarini tazyiq ostiga oladi.

Britaniyadan faol Piter Tetchelning aytishicha, qonun Rossiyada fuqarolik jamiyatiga qarshi keng ko’lamli hujumning bir ko’rinishidir.

“Jurnalistlar, huquq himoyachilari, huquqshunoslar va muxolifatning tahdidga uchrab, ushlanishiga, hatto soxta ayblovlar bilan sudlanishiga guvoh bo’lyapmiz. Yangi qonun shu maqsad uchun qo’l keladi va avtoritarizmning bir qismidir”, - deydi Tetchel.

Rossiyadagi ahvol G’arbda gomoseksuallar jamoasini g’azabga solmoqda. Ular barlardan rus arog’ini olib tashlayapti. Sochidagi olimpiya o’yinlarini boykot qilishga chaqirmoqda.

Shanba kuni Londonda va boshqa bir qator yirik shaharlarda minglab faollar Rossiyadagi qonunga qarshiligini bildirib, ko’chalarga chiqdi.

Britaniyalik aktyor Stefan Fray Sochi olimpiadasida qatnashayotgan sportchilarga murojaat qildi.

“O’yinlar davomida birdamlik, hamdardlik izhor etish kerak. Chunki olimpiada, baribir, bo’lib o’tadi. Ular olimpiadaga borishdan oldin, juda bo’lmasa, qo’llarini krest qilib ko’rsatishlari kerak”, - deydi aktyor va huquq faoli.

AQSh prezidenti Barak Obama ham e’tirozini yashirmayapti.

“Gomoseksuallarga qarshi qonun hammadan ko’ra meni ko’proq xavotirga solmoqda”, - deydi Amerika rahbari.

Rossiyada aholining aksariyati qonunni ma’qullaydi.

Piter Tetchel fikricha, omma, asosan, konservatorlar ekani Putinga qo’l kelmoqda.

“Rossiyada Putin rejimi cherkov bilan birgalikda gomoseksualizmni millatning o’zligi va madaniyatiga qarshi qo’ymoqda. Bu hukumat qo’llayotgan juda qulay taktika. Nazarimda Putin va uning partiyasi siyosiy ustunlikka erishish va boshqa tanqidlarni aylanib o’tish uchun ataylab shunday qilmoqda”, - deydi huquq faoli Tetchel.

Rossiyaning BMTdagi vakili Vitaliy Churkin namoyishchilarga murojaat etib, yangi qonun gomoseksualizmni taqiqlash uchun emas, balki bolalarni himoya qilish maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.

Huquq faollari nazarida esa qonun gomoseksuallarni yoqlagan har qanday shaxsga qarshi qo’llanishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG