Rossiyaga qarshi doping ayblovlari sport olamini larzaga soldi

  • Amerika Ovozi

Dopingga qarshi xalqaro agentlik (World Anti-Doping Agency) Rossiyani yengil atletika musobaqalaridan chetlashtirmoqchi. Agentlik komissiyasi tekshiruvi Rossiya sportida korrupsiya chuqur ildiz otganini aniqlagan.

Sportchilar noqonuniy quvvatbaxsh dorilarga mukkasidan ketgan va buning ortida Kremlning o'zi turibdi, deyiladi 323-betli hisobotda.

Xalqaro futbol federatsiyasi atrofida poraxo'rlik mojarosi davom etayotgan bir paytda, bu e'lon sport olamini yana larzaga soldi.

Tekshiruvning asosiy xulosasi shuki, Rossiyaning yengil atletikachilari hukumat homiyligida yillardan buyon doping programmasida qatnashib kelmoqda. Sportchilar, murabbiylar, shifokorlar, sport mutasaddilari, xavfsizlik xizmati... deyarli barcha aloqador shaxslar va organlar bu haqda bilgan, deyiladi hisobotda.

Dik Paund - tekshiruvni olib borgan komissiya raisi.

"Ma'lumotlar yashirilgan, laboratoriyada analiz natijalari yo'q qilingan, doping test natijalari pora bilan o'zgartirilgan", - deydi u.

Sportchilarni tekshiradigan laboratoriyalarda Rossiya xavfsizlik xizmati xodimlari buyruq va ko'rsatma berib turgani davlat aralashuvini ko'rsatadi, deya bildiradi komissiya.

Besh trener va besh atletikachi, jumladan 2012-yilgi London olimpiadasida oltin va bronzani qo'lga kiritganlarni bir umrga sportdan chetlatish tavsiya etilmoqda.

Atletika federatsiyalari xalqaro uyushmasining sobiq rahbari Lamin Diak ham Fransiyada tekshiruv ostida. U rossiyalik sportchilarning analizlarini yashirish evaziga bir milliard yevro pora olganlikda gumon qilinyapti.

"Rossiya atletikachilari kelasi yili Braziliyada o'tadigan Olimpiya o'yinlariga qo'yilmasligi mumkin. Hisobotda keltirilgan tavsiyalar bajarilishi shart", - deydi Paund.

Rossiya Sport vaziri Vitaliy Mutko doping haqidagi ayblovlarni qat'iyan inkor etmoqda.

"Doping faqat Rossiyaning muammosi emas. Bizni alohida ajratib ko'rsatishga hojat yo'q. Bu global muammo va boshqa davlatlar singari biz ham sportda g'irromlikka qarshi kurashyapmiz", - deydi vazir.

Rossiya ahli orasida esa "bu bizga qarshi G'arb fitnasi" degan gaplar ham quloqqa chalinadi.

2012-yilgi Olimpiya o'yinlarida Rossiya oltin medallar soni bo'yicha AQShdan keyin ikkinchi o'rinni egallagan.

Hisobotda tanqid qilingan Atletika federatsiyalari xaqlaro uyushmasining yangi prezidenti Sebastian Kou deydiki, Rossiyaga nisbatan ayblovlar muhokama qilinib, bir qarorga kelinadi.

Sochi olimpiadasi mezboniga sanksiyalar ham qo'yilishi mumkin.

Bu orada, mojaro markazida turgan Moskvadagi laboratoriya yopilgan. Uning rahbari Grigoriy Rodchenkov ishdan ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG