Breaking News

Amerikalik ekspert: Moskva uchun Ozarbayjon - “mukofot,” Armaniston esa “vosita”


2014-yilda olingan surat
2014-yilda olingan surat

Rossiya, Eron va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Hasan Ruhoniy va Ilhom Aliyev Bokuda xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, terrorchilar o’tadigan korridorga aylangan Kaspiy mintaqasida xavfsizlik bobidagi hamkorlik so’zlashuvlarning asosiy mavzusi bo’ladi.

Prezidentlar shu oy boshida Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida Tog’li Qorabog’ yuzasidan mojaro o’t olganidan keyin majlis qilishga kelishib oldi. Tog’li Qorabog’ rasman Ozarbayjonga tegishli bo’lsa-da, 1994-yildan buyon Armaniston qo’shinlari nazoratida qolmoqda, taraflar o’rtasida vaqti-vaqti bilan qurolli to’qnashuvlar bo’lib turadi.

Moskva va Tehron bir-birini harbiy harakatlarni birinchi bo’lib boshlaganlikda ayblayotgan Ozarbayjon va Armanistonni tinchlik muzokaralari boshlashga undayapti.

Amerikalik ekspert: Moskva uchun Ozarbayjon - “mukofot,” Armaniston esa “vosita”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:44 0:00

O’tgan hafta janglar boshlanganidan keyin AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Lavrov bilan telefon orqali suhbatlashdi. Lavrov Ozarbayjon va Armanistonda bo’lib qaytgach, otishma to’xtatildi. AQSh ham Boku va Yerevanni muzokara boshlashga undamoqda.

Ozarbayjon va Armanistonga nisbatan nozik munosabat

Ma’lumotlarga ko’ra, Tog’li Qorabog’dagi so’nggi to’qnashuvlarda 64 odam halok bo’lgan.

Rossiya mojaroni hal etish maqsadida tuzilgan “Minsk guruhi”ning asosiy ishtirokchisi. Guruh katta muvaffaqiyatga erisha olmadi. Buning sabablari haqida gapirar ekan, Sovet Ittifoqi bo’yicha taniqli mutaxassis Pol Gobl tinchlik jarayoniga Rossiyaning o’zi to’siq qo’ygan, deydi.

“Moskva “Minsk guruhi” doirasidagi so’zlashuvlar siljimaganining asosiy sababchisi. Rossiya bu mojarodan o’z manfaatida foydalanish maqsadida uning hal bo’lishini istamadi, garchi Kreml rasmiylari beradigan bayonotlar boshqacha bo’lsa-da”, - deydi u.

Goblning fikricha, agar sharoit Kremlga Tog’li Qorabog’ni Ozarbayjon nazoratiga qaytarishda yordam berishga imkon bersa, Rossiya hamkori Armanistondan voz kechishga ham tayyor.

“Moskva uchun Ozarbayjon – mukofot, Armaniston esa unga erishish uchun vosita”, - deydi ekspert.

Gobl nazarida, Kremlni Ozarbayjonning geosiyosiy joylashuvi va yirik neft zaxiralari qiziqtiradi.

Informatsion urushda “Islomiy davlat” kartasi

4-aprel kuni, Armaniston-Ozarbayjon sulhidan bir kun avval Kremlga xayrixoh “Layfnyus” (LifeNews) telekanali Ozarbayjon qo’shinlari Tog’li Qorabog’ga “Islomiy davlat” jangarilarini yuborganini iddao qildi. Reportajda “Islomiy davlat”ning ozariy jangarilari Suriyadan Turkiya orqali Ozarbayjonga o’tgani va bahsli hududda arman qo’shinlariga qarshi kurashayotgani ta’kidlandi.

Rasmiy Boku iddaolarni inkor etdi va ularni Ozarbayjon suvereniteti, hudud yaxlitligi va daxlsizligiga tahdid bo’lgan Kreml targ’iboti deb atadi.

Shundan so’ng “Layfnyus” muxbirlari Ozarbayjonda akkreditatsiyasiz ishlaganlik, yolg’on ma’lumot berganlik hamda provokatsiya qilganlikda ayblanib, mamlakatdan chiqarib yuborildi.

Aholisining 90 foizini musulmonlar tashkil etsa-da, Ozarbayjon dunyoviy davlat. AQShdagi “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi 2013-yilda o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat ozarbayjonliklar mamlakatning islomiy davlatga aylanishiga qarshi. Buning ustiga, ozariylarning katta qismi shialar. “Islomiy davlat” esa shialarni qirmoqda.

“Soufan Group” konsalting firmasiga ko’ra, “Islomiy davlat” saflariga 216 ozariy qo’shilgan, ularning 49 nafari vataniga qaytgan va shularning 40 nafari hibsga olingan.

Bundan bir necha oy oldin “Islomiy davlat”ning ozariy a’zosi internet orqali terrorchilarga qo’shilganini shunday izohlagan edi:

“Bu yerga kelishimizning sababi – Ozarbayjon. Bizga bosim o’tkaziladi. Bizni odam sifatida ko’rishmaydi. Matbuot bizga qarshi, bizni vahobiy deb tamg’alashadi. Shuning uchun biz Suriyaga keldik”, degan edi u.

“Ozarbayjon hukumati diniy faollarga qattiq munosabati uchun keskin tanqid qilinadi”, - deydi taniqli rossiyalik jurnalist, “Kavkaz siyosati” (Kavpolit) axborot agentligi bosh muharriri Maksim Shevchenko.

Uning aytishicha, “Layfnyus” telekanalining Ozarbayjon Tog’li Qorabog’da islomiy jangarilardan foydalanayotganini iddao qilishi mish-mishlarga asoslangan uydirma, yolg’on.

Kanalni Putinning arman millatiga mansub tarafdori Aram Gabrielyanov boshqaradi.

Pol Gobl ham shu fikrda.

“Nazarimda, bu to’qib chiqarilgan axborot. Ozarbayjon hukumati armiya va huquq-tartibot organlarida radikalizm g’oyalarining tarqalmasligini ehtiyotkorlik bilan kafolatlab kelmoqda. Moskva Ozarbayjon obro’siga putur yetkazmoqchi bo’lgan va shunday qilgan”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG