Breaking News

Yevropa sudi: Rossiya Beslan fojeasining oldini olishi mumkin edi


Beslanda qamal ostiga olingan maktab binosi
Beslanda qamal ostiga olingan maktab binosi

Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi 2004-yilgi Beslan fojeasining oldini olishda Rossiya hukumati tegishli xavfsizlik choralarini ko'rmagan, deb topdi. Ehtiyotsizlik natijasida garovga olingan ko'plab insonlar halok bo'ldi, deyiladi sud hukmida.

Uch kunlik qamal Shimoliy Osetiyaning Beslan shahridagi maktabda 2004-yil 1-sentabrda boshlangan edi. Voqeada garovga olinganlarning 330 nafari halok bo'lgan. Ularning 186 tasi bolalar edi. Hodisa Rossiya tarixidagi eng qonli terror xurujlaridan biri hisoblanadi.

Bir guruh rossiyaliklar o'z fuqarolarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko'rmagani uchun hukumatni sudga bergan edi.

Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi shikoyatchilarning da'vosini haqli deb topdi. Sud hukmiga ko'ra, hukumat maktabga hujum rejalanayotgani haqida oldindan ma'lumotga ega bo'lgan, ammo shunga yarasha xavfsizlik choralarini kuchaytirmagan. Shuningdek, hukumat garovdagilar qanday o'lganini va hukumat kuchlari qurollarni qanchalik ishga solganini ham batafsil tekshirmagan.

Rossiya prezidentining so'zlovchisi Dmitriy Peskov Rossiya terror qurboni bo'lganini aytib, sud qarorini tanqid qildi.

Hujum o'quv yilining birinchi kunida sodir bo'lgan edi. 30 ga yaqin chechen va ingushetiyalik jangarilari maktabga hujum qilib, 1100 dan ortiq odamni garovga olgan. Ularning 800 ga yaqini bolalar bo'lgan.

Uch kunlik qamal ortidan Rossiya xavfsizlik kuchlari tanklar yordamida binoga bostirib kirib, jangarilar bilan to'qnashuvga kirishadi. Natijada 330 odam, jumladan, 186 bola halok bo'ladi. Yana yuzlab odam yaralanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG