Rossiyada buddizmga ixlos ortgan

  • Amerika Ovozi

Rossiyada buddizmga ixlos ortgan

Rossiyada buddizmga ixlos ortgan

Rossiyaning Buryatiya Respublikasi poytaxti Ulan-Ude bu davlat buddizm markazi hisoblanadi. Baykal ko’li bo’yida mamlakatdagi eng yirik buddist ibodatxonasi joylashgan.

Mamlakatda bugun bir milliondan ziyod buddistlar yashaydi. Yoshlar ota-bobolarining e’tiqodiga qaytmoqda.

Chor Rossiyasi istilo qilgan yerlarda mahalliy aholi diniga aralashmas edi. Ammo dinni afyun deb bilgan Sovet Ittifoqida dindorlarga qarshi kurash e’lon qilindi. Buddistlar bundan mustasno bo’lmadi.

Ibodatxonalar yer bilan tekislandi. Qadimiy qo’l yozmalar maxorkaga o’rab chekildi. Yuzlab rohiblar otib o’ldirildi, qolganlari GULAG larga yuborildi.

Rohiba Tenzin Choidrinning aytishicha, kommunistik tuzum paytida buddistlar madaniyatiga katta zarar yetdi.

"Repressiyalar oqibatida Rossiyada buddistlik deyarli yo’qoldi. Buddistcha qarashlar, turmush tarzi, qadriyatlar barbod bo’ldi", - deydi u.

Sovet davrida qatag’ondan qutulib qolgan buddistlar e’tiqodini yashirishga, pinhona sig’inishga majbur bo’ldi. Shu sabab balki, Qalmiqiston, Tuva, Buryatiyada buddizm saqlanib qoldi.

Bu dinga sig’inuvchilar soni Rossiyada Oktabr inqilobidan oldingiga qaraganda ancha ko’p bo’lsa-da, Kreml ularning asosiy iltimosini qondirmoqchi emas – Tibet diniy rahnamosi Dalay Lamaning Rossiyaga tashrif buyurishiga qarshi.

Buryatiya

Buryatiya

Arbob 2004-yildan beri viza ololmaydi.

Kreml asosiy hamkorlaridan biri Xitoyni ranjitmoqchi emas. Rasmiy Pekin Dalay Lamani bo’lginchi deb biladi, jahon buddistlari sardori esa Tibet uchun mustaqillik emas, kengroq muxtoriyat so’rayapmiz, xolos, deydi.

Rohiba Tenzin Choidrinning aytishicha, Tibet diniy rahnamosi Rossiyaga kelmasa bo’lmaydi.

Dalay Lamaning tashrifi Rossiyada buddizmning uyg’onishiga turtki bergan bo’lardi, deydi rohiba.

Mart oyida Dalay Lama surgundagi Tibet hukumati raisligidan ketishini ma’lum qilgan. Uning Rossiyaga kelishiga endi to’siq bo’lmasligi kerak, deydi mahalliy buddistlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG