Rossiya nazarida Xitoy bilan 30 yillik bitim G’arb uchun qattiq zarba

  • Amerika Ovozi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Zinpin Shanxayda, 21-may, 2014

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Zinpin Shanxayda, 21-may, 2014

Xitoy va Rossiya o’rtasida 10 yil davom etgan muzokaralarga nihoyat samara berib, 30 yillik bitim imzolandi. Rossiya Xitoyni muntazam ravishda tabiiy gaz bilan ta’minlashga so’z berdi. Xo'sh, bu hamkorlik mohiyati va uning ortidagi omillar qanday?

G’arb Ukraina masalasi sababli Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni joriy etganidan so’ng Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlashga qaror qilgan prezident Vladimir Putin Pekin bilan ulkan kelishuvga erishdi.

Shanxayda jurnalistlarning savollariga javob berarkan, u kelasi 30 yil davomida Xitoy bilan aynan gaz sohasida 400 milliard dollarlik biznes qilinishini aytdi.

“Sobiq Sovet Ittifoqi va Rossiya gaz sanoati tarixidagi eng yirik kontrakt bu”, - dedi mamnuniyat bilan Putin.

U, shuningdek, kontraktga 75 milliard dollarga teng quvurlar va boshqa infratuzilma qurish loyihalari ham kirganini ma’lum qildi. Bu Rossiya iqtisodi uchun faqat o’sishni anglatadi, dedi prezident.

“Bu dunyo tarixidagi eng katta qurilish loyihasi bo’ladi”, - der ekan Rossiya rahbari minglab yangi ish joylari yaratilishiga ham urg’u berdi.

Bitim 21-may kuni imzolangach, uning amaliyoti uchun mas’ul “Gazprom" rahbari Aleksey Miller “bu tijoriy sir” deb, narxni oshkor etishdan bosh tortdi.

Rossiyaning G’arb bilan aloqalari nihoyatda zid bir paytda bunday kelishuv ortida siyosiy sabablar borligi aniq. Hujjatga qo’l qo’yilayotgan paytda Rossiya va Xitoy harbiy kemalari Shanxay bandargohida yig’ildi. Qo’shma mashqlardan oldin fotosuratchilarga bu damlarni tasvirga tushirish imkoni berildi. Putinning tashrifi chog’ida, shuningdek, Amur daryosi ustida temir yo’lli ko’prik barpo etish hamda uzoq masofaga uchadigan yo’lovchi samolyot ishlab chiqarish haqidagi kelishuvlar ham imzolandi.

Moskvadan xitoyshunos Yelena Safronova bu harbiy hamkorlik emas deydi.

“Bu harbiy ittifoq emas, balki qo’shnilar o’rtasida chuqurlashayotgan sheriklikdir”.

Xitoy Rossiya va Ukraina orasidagi mojaroga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Sabablardan biri: Ukraina Xitoyning makkajo’xori bo’yicha eng yirik hamkori. Ayni vaqtda Xitoy kompaniyasi Rossiyadan Qrimgacha 4 kilometrlik ko’prik qurish haqida muzokaralar olib bormoqda.

Rossiayning Qrimni o’z hududiga qo’shib olishi AQSh va G’arbiy Yevropa tomonidan qattiq tanqid qilindi va iqtisodiy sanksiyalarga olib keldi.

Sanksiyalar joriy etilgan shaxslar ro’yxatiga kiritilgan Rossiya rasmiysi Aleksey Pushkov 21-may kuni “Tvitter” ijtimoiy tarmog’ida quyidagini yozdi:

“Xitoy bilan 30 yillik gaz kontrakti strategik ahamiyatga ega. Obama Rossiyani yakkalash siyosatini to’xtatishi kerak. Chunki u natija bermaydi”.

Londondagi “Chatham House” tadqiqotlar markazidan Yevrosiyo bo’yicha mutaxassis Bobo Lo deydiki, Rossiya-G’arb munosabatlari yomonlashganida Xitoy bundan hamisha foyda ko’rgan.

“Rossiyaning Xitoyga qaramligi oshadi. Hozirda ham ular energetika bozorida Xitoyga tobe bo’lib qoldi, birinchi navbatda geosiyosatda”.

Rossiya gazi Xitoyga shu o’n yillik oxirigacha bu mahsulot iste’molini uch baravar ko’paytirish imkonini beradi. Hozirda bu mamlakat Turkmaniston va Birmadan gaz import qiladi. Ayni vaqtda Avstraliya, Mozambik va Qatardan sotib olingan suyuq gazni Xitoyga kemalarda yetkazish uchun 14 ta terminal qurilmoqda.

Rossiya gazi shu o’n yillikning oxirida Xitoyga quvurlar orqali oqa boshlaydi va bu davlat ehtiyojining 10 foizini qoplaydi.

Tahlilchi Bobo Lo deydiki, aslida Xitoy Rossiyaga emas, balki Rossiya Xitoyga muhtoj.

“Pekin uchun eng ustuvor davlat – AQSh. Ikkinchi o’rinda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi. Rossiya undan ham pastgi o’rinda”.

Ammo Xitoy bilan imzolangan bitim Putinga ruhiy madaddir. Rossiya rahbari 6-iyun kuni Fransiyada Ikkinchi Jahon urushining 70 yilligini nishonlash uchun qator davlatlarning rahbarlari bilan uchrashishga tayyorgarlik ko’rar ekan, bu ayniqsa muhim.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG