Rossiya internetni cheklashda Xitoydan maslahat olmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya hukumati internet nazoratini yanada kuchaytirish niyatida. Kreml ham Xitoydagi kabi boshqaruv usulidan foydalanishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Rossiyaning Xavfsiz internet ligasi deb nomlangan lobbi guruhi Moskvada xitoylik internet nazoratchilari ishtirokida forum o'tkazgan. Unda Buyuk Xitoy internet devori nomi bilan mashhur tizim asoschisi Fan Binsin ham qatnashgan.

Ishtirokchilar onlayn axborotni nazorat qilish va cheklash zaruriyatiga urg'u bergan.

Binsin "kiber suverenitet" haqida ma'ruza qilib, davlatlar chegarasi onlayn dunyoda ham amal qiladi va xorijdan bo'ladigan aralashuvlarga internetda ham yo'l berilmasligi lozim, degan fikrni olg'a surdi.

Xitoyning kiberxavfsizlik va internet siyosati bo'yicha rasmiysi Lu Veyga ko'ra, onlayn erkinlik huquq emas, balki mas'uliyatdir. Bunday faoliyat terrorizm kabi noxush oqibatlarga yetaklamasligini ta'minlash zarur, dedi u. Bu bilan u G'arb boshqa davlatlarga nisbatan "axborot urushi" olib boryapti, degan Kreml qarashiga hamohangligini bildirdi.

Ham Xitoy, ham Rossiya mutaxassislari Amerika kompaniyalarining internetdagi hukmronligini keskin tanqid qildi. Xavfsiz internet ligasi rahbari Konstantin Malofeyev Kremlga va sharqiy Ukrainadagi isyonchilarga yaqinligi aytiladi. U Rossiyani internet siyosati bo'yicha Xitoy tajribasidan o'rganishga va onlayn hududlarda suverenitetni himoya qilishga chaqirdi.

Kuzatuvchilarning aytishicha, forum vaqti va unda qatnashgan martabali mehmonlar shu yil oxirida bo'ladigan parlament saylovlari oldidan Kreml axborot nazoratini kuchaytirishga urinayotganini ko'rsatadi. Mamlakat 2018-yilda prezidentlik saylovlari bilan ham yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG