Rossiyada iqtisodiyot va korrupsiya gurkiramoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Dmitriy Medvedev

Prezident Dmitriy Medvedev

Dunyoda korrupsiya darajasini o'rganuvchi "Transparency International" tashkiloti jadvalida Rossiya Kambodja va Markaziy Afrika Respublikasi kabi davlatlar bilan bir qatorda turadi.

Jahon bozorida neft qimmatlashib, Rossiya g'aznasi to'lib borar ekan, kapital oqimidan korrupsiya ham gurkiramoqda. Dunyoda korrupsiya darajasini o'rganuvchi "Transparency International" tashkiloti davlatlarni bu ko'rsatkichlarga qarab terib chiqqan. Ushbu jadvalda Rossiya Kambodja va Markaziy Afrika Respublikasi kabi davlatlar bilan bir qatorda. Ammo, deya xabar beradi Amerika Ovozining Moskvadagi muxbirimi Jeyms Bruk, bir advokat bunga qarshi astoydil kurashmoqchi.

Rossiya 2012-yil prezident saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, korrupsiya eng dolzarb muammo. 34 yoshli huquqshunos Aleksey Navalniy mavzuni muhokamaga chiqarmoqchi.

"Korrupsiya balosi butun Rossiyani qamrab olgan", - deydi u.

Televideniye Kreml nazoratida bo'lgani uchun efirda yuqori lavozimli poraxo'r rasmiylar haqida lom-lim deyilmaydi. Shu sabab Navalniy internetdan foydalanadi, blog tutadi. O'tgan yili AQShning Yel universitetida izlanish olib borayotganida Rossiyaning "Transneft" davlat kompaniyasiga tegishli hujjatlarni o'z blogiga joylashtirib, undagi ayrim rasmiylarni Xitoygacha uzatilishi rejalangan neft quvuri qurilishiga ajratilgan to'rt milliard dollarni o'zlashtirganlikda ayblagan edi.

"Hujjatlarni bir millionga yaqin odam ko'rdi internetda. Bir necha ming izohlar qoldirildi. Gap hukumatgacha ham yetib borib, Bosh vazir Vladimir Putin tergov buyurdi", - deydi Navalniy.

So'ng huquqshunos ishtirokida korrupsiya mavzusida internetda video munozara uyushtirildi. Uni 700 ming odam ko'rishga muvaffaq bo'ldi. Aleksey Navalniy Putinning "Birlashgan Rossiya" siyosiy partiyasini "o'g'ri va qalloblar to'dasi" deb atagan.

"Transparency International" tashkilotining Rossiyadagi bo'limi rahbari Yelena Panfilovaning aytishicha, davlat matbuotidagi senzura sabab internetning axborot manbai sifatidagi roli kuchaygan. Navalniy bu vosita orqali minglab odamlarni o'z maqsadiga sherik qila oldi.

PANFILOVA ACT
Bu narsani uddalash uchun aql bilan matonat kerak. Odamlar uni qo'llashadi, degan umiddaman. Ma'lumotlarni topishga usta, qobiliyatli yigit, deya faolni tasvirlaydi Panfilova.

Navalniyning shuncha odamni o'ziga qarata olgani xalqning poraxo'r mulozimlardan to'yganidan dalolat, deydi Panfilova.

"Alekseyning ham, bizning ham maqsadimiz bir - davlat boshqaruvi siyosatiga ta'sir qilish", - deydi u.

Rasmiylarning korrupsiya muammosiga munosabati turlicha. Prezident Dmitriy Medvedev saylovlardan oldin o'zini islohotchi deb ko'rsatishga harakat qilar ekan, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashga chaqiradi.

O'tgan oy davlat xizmatchilari ishtirokidagi bir majlisda Medvedev "korrupsiyaning changalidan qutulganimiz yo'q, bu balo butun boshli iqtisodiyotni bo'g'zidan olgan" deb aytgan edi.

"Transneft" kompaniyasi esa rasmiylari jinoiy faoliyatini fosh etgan Navalniyni sudga berdi. Kompaniya vakili Igor Deminning aytishicha, dangasalik qilib, ma'lumotlarni yaxshi tekshirmagan muxbirgina to'rt milliard dollar o'g'irlangan deb jar solishi mumkin.

Jasoratli muxbirlar va advokatlar ta'qib va tazyiq ostidagi bu mamlakatda Navalniy o'z tamoyillaridan chekinmoqchi emas.

"Men qo'rqmayman. Qo'rqqanimda bu ishga qo'l urmagan bo'lardim", - deydi u.

Navalniy boshqalarni ham jasoratga da'vat etadi. Aks holda hayot og'ir va mazmunsiz bo'ladi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG