Rossiya aksil-terror qonunlariga o'zgartirishlar kiritildi

  • Amerika Ovozi

Rossiya rahbari Vladimir Putin aksil-terrorizm qonunlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risidagi loyihaga qo'l qo'ydi.

Bu bilan terrorizm va ekstremizmga aloqador jinoyatlar uchun jazo kuchaytirilmoqda, lekin mutaxassislarga ko'ra, terrorizm va ekstremizm nima ekanini belgilovchi kriteriyalar mavhum. Hukumat bularni istaganicha talqin etishi mumkin.

Qonundagi turli bandlar keskin tanqid qilinyapti. "MegaFon", "VimpelCom", "MTS" va "Tele2" mobil aloqa kompaniyalari rahbarlari, huquq faollari, musulmon tashkilotlar va hatto Kremlning inson huquqlari kengashi ham o'zgarishlardan norozi.

Xususan, mobil aloqa operatorlaridan mijozlar haqidagi ma'lumotlarni yarim yildan uch yilgacha saqlash va organlarga uzatish talab qilinadi. Ijtimoiy tarmoqlarni yurituvchi kompaniyalar esa shifrlangan yozishmalarni ochib berishga majbur.

Yangi qonunga binoan ommaviy axborot vositalari yoki internet orqali qo'zg'olon, qurolli isyon va terrorizmga da'vat etish jinoyat deb hisoblanadi. Jinoyat ro'y berishi haqida bila turib, organlarga xabar bermaslik uchun ham fuqarolar jazolanishi mumkin.

Rossiyada bundan buyon diniy sektalarning missionerlik faoliyati ham qattiq cheklanadi. Musulmon siyosatchilar va diniy arboblar buni tanqib qilib chiqdi.

Qonun loyihasi parlamentning har ikki palatasida ovozdan o'tib, imzo uchun prezidentga uzatildi. Siyosiy tahlilchi Dmitriy Oreshkin buni yaqinlashayotgan parlament saylovlari bilan izohlaydi.

"Prezident Vladimir Putin xalq orasida reytingi tushib ketayotganini ko'rib turibdi. O'z imidjini saqlab turishi uchun resurslar avvalgidek mo'l emas", - deydi u.

"Byudjetdagi mablag' tezlikda qurib borayotgani ayon bo'lib qoldi. Xarajatlar esa katta. Kamomad bilan mamlakatni boshqarish juda qiyin", - deydi Dmitriy Oreshkin.

U Putinni demokratik tartib-qoidalardan hazar qiladigan rahbar deb ta'riflaydi. Hozirgi iqtisodiy jihatdan og'ir sharoitda uning maqsadi jamiyatning ayrim shum a'zolarini chetlatish, deydi sharhlovchi, toki ular boshini ko'tarmasin.

Oreshkin fikricha, yangi qonun bu ishda juda qo'l keladi. Ayrimlarni qamashadi, ayrimlarni jazolashadi, qolganlar qo'rquvda sukut saqlaydi.

Moskvadagi Iqtisodiyot oliy maktabidan Ilya Shablinskiyga ko'ra, Putin qonun jamiyatda ancha shov-shuvga sabab bo'layotganidan xabardor.

"Odamlarni fuqarolikdan ayirish, mamlakatdan chiqarmaslik va yana bir qancha bandlar loyihadan chiqarib tashlandi", - deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Ammo unga ko'ra, Rossiyadagi mobil aloqa va internet kompaniyarga qo'yilayotgan talablar haqiqatan tanqidga loyiq.

"Xavfsizlik idoralariga kerak degan bahona bilan, ulardan juda katta miqdorda ma'lumotni arxivlash so'ralyapti. Kompaniyalar uchun bu iqtisodiy zarar va bosim", - deydi Shablinskiy.

Huquq faollariga ko'ra, prezident imzolagan qonun xalqaro me'yorlarga, Yevropa inson huquqlari konvensiyasi va Rossiya konstitutsiyasiga ham to'g'ri kelmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG