Qrim-tatar Majlisini taqiqlagan Rossiyaga tanqidlar yog'ildi


Rossiyaning qrim-tatarlar Milliy Majlisini taqiqlash qarori xalqaro hamjamiyat noroziligiga sabab bo'lmoqda. AQSh hukumati Rossiyadan bu qarorni bekor qilishni talab qildi. Yevropa parlamenti qrim-tatarlarga nisbatan tazyiqlar oshishidan xavotirda.

Milliy Majlisga ko'ra, Rossiyaning bu tazyiqlari tatarlarni o'z vatani ozodligi uchun kurashishdan to'xtata olmaydi.

Rossiya Adliya vazirligi Majlisni ekstremistik tashkilotlar ro'yxatiga qo'shgan. AQSh Davlat departamenti bayonotida bu organ tarixan davomli tazyiqlar ostiga olingan qrim-tatar xalqi, qadr-qimmati, madaniyatini saqlab kelayotgan muhim tashkilot ekani qayd etiladi. Yevropa Ittifoqi va Turkiya ham keskin bayonotlar bilan chiqishdi.

Milliy Majlis raisi Refat Chubarov Rossiyaning bu qarori ketidan Yevropa parlamentida uchrashuvlar o'tkazib qaytdi. Uning ta'kidlashicha, muzokaralarda Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish lozimligi muhokama qilingan.

Chubarovga ko'ra, Qrimda vaziyat ayanchli, hozirgacha bir qancha odam bedarak yo'qolgan, 10 dan oshiq faollar hibsda. Yaqinda tatar jurnalistlarning uylarida ham tintuvlar o'tkazilgan.

Milliy Majlis qrim-tatarlar uchun o'ta muhim organ. Tashkilot rasmiy maqomga erishmagan, ammo uning rahbarlari, kengashini saylashda nafaqat Qrimdagi, balki dunyo bo'ylab yashayotgan tatar jamoalarning barchasi ishtirok etadi.

Ayrim faollar Majlisning ekstremistik tashkilotga tenglashtirilishini butun boshli elatni haqoratlash deb biladi.

Refat Chubarovning aytishicha, bu qaror Rossiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi turgan qrim-tatarlarni o'z vatanidan siqib chiqarishga qaratilgan. Nafaqat Qrimdagi balki Rossiya siyosatiga bo'ysunadigan boshqa davlatlardagi tatarlarni ham qo'rqitish, tahlikaga solish maqsadi ularning, deydi u.

Ayni damda Qrim Respublikasi Oliy sudida Milliy Majlis ishi yuzasidan mahkama jarayoni davom etmoqda. Prokuratura Majlis faoliyatini taqiqlash yarimoroldagi ayrim tatarlar shikoyati asosida ko'rib chiqilganini da'vo qiladi.

Rossiya Qrimni bosib olganidan ikki yil o'tib, yarimorolda qrim-tatarlarga tegishli ko'plab axborot vositalari yopildi, tatar tilidagi televideniye faoliyati to'xtadi.

Rossiya bosqiniga qarshi turgan Majlis yetakchilari Mustafo Jemilev, Refat Chubarov va inson huquqlari shug'ullanib kelayotgan bir necha faollarning Qrimga kirishi taqiqlandi.

Majlis raisi Refat Chubarov xalqaro jamoatchilikka murojaatida Rossiya agressiyasiga qarshi keskin munosabat bildirishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG