Breaking News

Qrim tatarlari Rossiya hukmi ostida yashashni istamayapti


Qrim tatarlari Rossiya hukmi ostida yashashni istamayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:05 0:00
Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olgandan ko'p o'tmay, rubl mintaqada rasman muomalaga kiritildi. 2,3 million kishilik Qrim aholisining yarmi rus pasportini olish uchun ariza topshirdi. Ammo Rossiya hukmronligini hanuz tan olmayotgan bir guruh bor. Bu mintaqaning oz sonli Qrim tatar musulmonlaridir.
Moskvada o’tkazilgan Qrim tatarlari san’at ko’rgazmasi ko’plab rus ziyolilarini jalb etdi.

Rossiya musulmonlari bosh muftiysi Ravil Gaynutdin Qrim Rossiyaga qo’shilgandan so’ng mintaqaga tashrif buyurgan ilk yetakchilardan bo’ldi. U 250 ming kishilik Qrim tatarlarini Rossiyaning 20 millionlik musulmonlari ochiq yuz bilan kutib olishini ta’kidladi.

“Yaqin kelajakda Qrim tatarlari yaxshi hayotga va Rossiya Federatsiyasi tarkibida davlat idoralarida o’z vakillariga ega bo’ladi degan umiddaman va shuni so’rab duo qilaman”, - deydi muftiy Gaynutdin.

Rossiya deputati va islomshunos tadqiqotchi Mixail Margelov 1944-yil Iosif Stalin buyrug’i bilan qatag’on qilingan tatarlarni oqlash haqida prezident Vladimir Putin chiqargan qarorga urg’u beradi.

“Putinning surgunga uchragan millatlarni reabilitatsiya qilish haqidagi qarori natijasini bermoqda va berishda davom etadi. Qrim tatarlariga qarshi sodir etilgan tarixiy adolatsizlik va jinoyatlar taroziga solinib, oqibatlari yo’q qilinishi kerak”, - deydi u.

Rassom Mamut Churlu esa ko’plab Qrim tatarlari Moskva hukmronligidan cho’chishini aytadi.

“Odamlar kechasi bilan kiyinib, yuklarini tayyor qilib o’tirishgan. Ular deportatsiya qilinamiz, deb o’ylashgan”, - deydi u.

18-may kuni Qrim tatarlarining deportatsiya qilinganiga 70 yil to’ldi. Kiyevda xotira tadbirlari o’tkazildi.

Odamlar “Qrim tatarlari va ukrainaliklar birodar xalq” deb yozilgan shiorlarni ko’tarib chiqdi, “Ukraina birinchi navbatda” deya hayqirishdi.

Referendumdan beri 15 ming tatar Qrimni tark etgan. Anifer Kursitova oilasi bilan Kiyevga ko’chib keldi.

“Biz uchun juda qiyin. Qrimga qaytamiz va o’sha yerda yashaymiz, deb umid qilamiz. Bu yerda vaqtincha turibmiz. Qrimda esa 2-3 barobar qiyinroq, chunki u yerda mitinglar o’tkazish taqiqlangan”, - deydi u.

Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jemilov Rossiyani Qrimni tark etishga chaqirdi.

“Umid qilamanki, yaqin orada Qrim tatarlari bu bosqin yakun topadigan sanani bayram qilib nishonlashadi”, - deydi u.

Rossiya nazoratidagi Qrimning amaldagi Bosh vaziri Sergey Aksyonov Mustafo Jemilovning Qrimga kirishini taqiqlab qo’ydi. Shuningdek, o’tgan oy deportatsiyaning 70 yilligini xotirlash tadbirlari ham man qilindi. Shunga qaramay, ayrimlar yig’inlar tashkil etishga muvaffaq bo’ldi, faqat tepada ularni rus harbiy vertolyotlari kuzatib turdi.

Agar Qrim tatarlari tazyiqqa uchrashda davom etsa, ayrim kuzatuvchilar xavotiricha, ular orasidan Suriyada jang qilayotgan rusiyzabon jangarilar safiga qo’shiladiganlar ko’payishi mumkin. O’tgan oy o’zini Abdul Karim Qrimskiy deb tanitgan jangari bu elatni Suriyadagi jihodga qo’shilishga yoki o’z vatanlarida muqaddas urush boshlashga da’vat etgan edi.

“Qrim va Ukrainadagi musulmonlar, tatarlar haddan ziyod oyog’osti qilindi. Bu yerda esa musulmonlar mag’rur va erkin yuradi”, - deydi u.

Moskvada rasmiylar Qrim tatarlarini radikallashishdan saqlab qolish yo’llari haqida qayg’urmoqda. Iqtisodiy ko’mak va biroz siyosiy erkinlik berish shu yo’lda ko’zlangan choralardan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG