Kreml tanqidchilari qattiq bosim ostida

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Vladimir Putin

Britaniya o’tkazgan tergov xulosasiga ko’ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Federal xavfsizlik xizmati sobiq josusi Aleksandr Litvinenkoni Londonda o’ldirishni buyurgan bo’lishi mumkin.

Litvinenko Angliyaga qochib o’tganidan so’ng Kremlning ashaddiy tanqidchisiga aylangan edi.

Rossiya hukumati London o’tkazgan tergov ortida siyosiy sabablar bor, deb uning natijalarini jiddiy qabul qilmadi. Kreml Litvinenkoning 2006-yilda radioaktiv poloniy moddasi bilan zaharlanganiga aloqasi yo’qligini aytib keladi.

Surishtiruv natijalari e’lon qilinmasidan oldin ham Putinning matbuot kotibi bu masalaga qiziqishi yo’qligini bildirib o’tgan edi.

Litvinenkoning o’limi ortidagi sabablar Rossiya-Britaniya aloqalarining sovuqlashishiga yetaklagan. Kreml uni xoin deb biladi.

Qotillikni Putin buyurganmi, yo’qmi, bu borada ko’p bahs bo’lgan, biroq inson huquqlari faollari Kreml tanqidchilariga bosimni kuchaytirib kelganida hamfikr.

“Kreml qotilliklar emas, qonunsizlik muhitining yaratilishida aybdor. Bunday muhitda odamlar javobgarlikdan qo’rqmay, raqib va dushmanlaridan, biznes raqobatchilaridan o’ch olish uchun qotil yollashi mumkin. Agar bunday harakatlar jazosiz qolayotgan bo’lsa, Kreml bunga mas’ul”, - deydi moskvalik tahlilchi Mariya Lipman.

Taniqli muxolifatchi va Putinning tanqidchisi Boris Nemsov o’tgan yil fevralida Kremldan bir necha metr narida otib o’ldirilgan edi. Hudud qattiq qo’riqlanishiga hamda ko’plab nazorat kameralarining borligiga qaramay, qotillik payti tasvirlangan video yuzaga chiqmadi, bir haftagacha hech kim hibsga olinmadi ham.

Qo’lga tushgan chechenlarning Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga aloqadorligi ayon bo’lsa-da va Qodirov ulardan biriga ijobiy ta’rif bergan bo’lsa-da, uning o’zi so’roqqa tutilmadi. Keyinchalik esa Putin Qodirovni hatto davlat mukofoti bilan taqdirladi.

Checheniston rahbarining aytishicha, Rossiyadagi muxolif siyosatchilarni xalq dushmanlari deb tamg’alab, ularni sud qilish, qattiq jazolash lozim. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qodirovning bu so’zlarini qo’llab-quvvatladi.

“Qodirov tizim tashqarisidagi, qonundan chetda faoliyat yuritadigan, qonunlarni buzib, mamlakatga zarar keltirishga tayyor muxolifatni nazarda tutdi”, - deydi Peskov.

2006-yilda “Novaya gazeta” nashrining jurnalisti Anna Politkovskaya Moskvadagi kvartirasida otib o’ldirilgan edi.

Muxolif bu gazeta rasmiylar va Kreml siyosatini ochiq tanqid qiladigan oz sonli nashrlardan. Shu kungacha uning besh muxbiri va bir yuristi o’ldirilgan. Bu ishga aloqador deya ko'rilgan odamlar qamoqqa tashlangan bo’lsa-da, hozircha faqat birining kimligi aniq.

“Ularning hammasi Putin prezidentlikka kelganidan beri yo’q qilingan. Bu g’alati tasodif”, - deydi “Novaya gazeta” bosh muharriri o’rinbosari Sergey Sokolov.

Unga ko’ra, tuzumning mustaqil tanqidchilariga nisbatan toqatsizlik kuchaygan, ularning hech biri o’zini xavfsiz his qilmaydi.

O’tgan yili Rossiyada nomaqbul tashkilotlarga doir qonun qabul qilinib, qator mahalliy va xorijiy guruhlar yopilishga majbur bo’ldi. 2012-yilda qabul qilingan qonunda esa xorijdan pul olib, siyosiy faoliyat bilan shug’ullangan tashkilotlar xorijiy agent deb tamg’alanadi.

2014-yilgi qonunga ko’ra, olti oy mobaynida to’rt marotaba ruxsatsiz namoyish qilgan odamlarni besh yilgacha qamash mumkin.

“So’nggi yillarda Kreml namoyish ko’rinishidagi noroziliklar yoki tanqidga umuman toqat qilmaydigan bo’ldi. Bir kishi namoyishga chiqsa ham”, - deydi Masha Lipman.

Unga ko’ra, Putinning reytingi 80 foizdan baland va Kreml bu raqamni saqlab qolishni istaydi.

“Buni qanday amalga oshirish mumkin? Kremlga bo’lgan sadoqatsizlikning har qanday ko’rinishiga barham berish orqali. Qo’rqitish, qamash, do’pposlash kabi usullar bilan”, - deydi Lipman.

Biroq tahlilchiga ko’ra, Rossiyada keng qamrovli repressiyalar haqida gap ketmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG