Olimpiya chempionlari yoki terrorchilar?

  • Amerika Ovozi

Dog’istonning Xasavyurt shahrida kurash bo’yicha maktablar ko’p. Bu o’lka Olimpiada chempionlari vatani. Ayni vaqtda respublikada islomiy jangarilar faol. Ular yosh, kuchli sportchilarni o’z saflariga qo’shishga harakat qiladi. Sentabr oyida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi kurashni Olimpiada o’yinlari qatoridan chiqarib tashlash masalasini ko’rib chiqishi kutilmoqda. Qaror minglab dog’istonlik kurashchilar hayoti va kelajagiga ta’sir qiladi.


Xasavyurtdagi Irbayxanov nomli Olimpiada maktabida kurashchi bolalar mashq qilmoqda. Katta bo’lganida ular Olimpiada chempioni bo’lishni orzu qiladi.

Ammo orzuga erishish oson bo’lmasligi aniq.

Sentabr oyida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi a’zolari Argentinada yig’ilib, 2020-yildan boshlab kurashni Olimpiada o’yinlaridan chiqarib tashlash masalasini ko’rib chiqmoqchi.

Bu haqda qanday qaror qabul qilinishi dog’istonlik ko’plab bolalar taqdirini belgilaydi. Nafaqat chempion bo’lishi yoki bo’lmasligini, chunki bu yosh sportchilar oldida jiddiy tahdid bor: Shimoliy Kavkazda terrorchilar sportchi yigitlarni o’z safiga jalb etishga urinadi.

Lekin Irbayxanov nomli maktabning bosh treneri Asruddin Batayevga ko’ra, Olimpiada chempioni bo’laman, deb sport zalida kunu-tun shug’ullangan bola ekstremistlar qo’liga tushmaydi.

“Maktabimizda 2000 odam o’qiydi. Shaharda kurash bo’yicha maktablar ko’p. Ularga qatnaydigan qanchadan qancha bolani biz ekstremizm va terrorizmdan saqlab qoldik. Ular egri ishga qo’l urmaydi endi”, - deydi u.

Mashqlar uchun mablag’ bevosita Moskvadan olinadi. Dog’istondan shu paytgacha qator Olimpiada chempionlari chiqqan. Xasavyurt aholisi 133 ming kishini tashkil etadi. Bu yer kurashchilari Olimpiada o’yinlarida jami sakkizta oltin medalni qo’lga kiritgan.

Ko’chaning narigi betida joylashgan yana bir maktabda Yevropa chempioni Zaur Batayev mashqlar o’tkazmoqda. U ham Irbayxanov nomli maktab bitiruvchisi. Olimpiada o’yinlariga kurash kiritilmasa, bizga ajratilayotgan moliya ham to’xtatiladi; buning oqibatlari yomon bo’lishi aniq, deydi Batayev.

“Agar kurashni Olimpiada o’yinlaridan chiqarib tashlashsa, ko’pgina maktablar uchun mablag’ ajratilmaydi, maktablar yopilishi mumkin. Kurash endi Olimpiada o’yini emas, deb hamma sport zallari yopilsa nima bo’ladi? Birinchi navbatda jinoyatchilik ko’payadi. Nimaiki salbiy holat bo’lsa, ko’payishi shubhasiz”, - deydi murabbiy.

Shimoliy Kavkaz Islom tadqiqotlari markazi rahbari Ruslan Gereyev esa ekstremistlar saflariga qo’shilayotgan sportchilar soni yildan-yilga kamayayotganini aytadi.

“Noqonuniy qurollangan guruhlarga qo’shilgan har bir sportchi davlatga zarba. Ammo Xasavyurtdagi hozirgi vaziyatni bundan ikki yil oldingi holat bilan qiyoslasak, ilgari terrorchi va isyonchi jangarilar hujumlari ancha ko’p bo’lganini tushunamiz”, - deydi u.

Hozirda Xasavyurtda minglab o’g’il bolalar va yosh yigitlar kurash bilan band. Ular Olimpiada chempioni bo’lishni orzu qilib, joni-jahdi bilan mashq qilmoqda.

Ammo bu yerdagi barqarorlik uzoq muddatli va mustahkammi? Kelajakda bu yigitlarning orzulari ushaladimi? Bu savollarning javobi kurashning Olimpiada o’yinlari ro’yxatida qolish-qolmasligiga bog’liq.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG