Rossiyada demokratik jarayonlar: 20 yil o'tib

  • Amerika Ovozi

Rossiyada demokratik jarayonlar: 20 yil o'tib

Rossiyada demokratik jarayonlar: 20 yil o'tib

Sovet Ittifoqi 20 yil avval qulaganidan beri Rossiyada iqtisodiy yuksalish kuzatildi. Fuqaro daromadi 10 karra oshdi. Bunday o'zgarishlar kommunistik tuzumning yemirilishiga olib kelgan namoyishlar mahsuli edi. Bugun chiqishlar mamlakatni yana qamrab olmoqda.

Oy boshidagi parlament saylovlari ommaviy namoyishlarga turtki bo'ladi, deb hech kim o'ylamagan edi. Kuzatuvchilarga ko'ra, ommaviy axborot vositalari va davlat boshqaruvi Putin va jamoasining qattiq nazoratida bo'lgan bir sharoitda bunday bo'lishi amri mahol edi. Xalq demokratik islohotlarni talab qilib ko'chaga chiqdi.

Karnegi jamg'armasining Moskvadagi idorasida tahlilchi Masha Lipman 20 yil oldingi namoyishlarni eslaydi.

"SSSR qulaganidan roppa-rosa 20 yil o'tib jamoatchilikning yana faollashishini ramziy hol deb bilaman", - deydi u.

1991-yilda iqtisod dolzarb masala edi. Muxolifat yetakchilaridan biri Vladimir Rijkov o'shanda Oltoy o'lkasi rahbariga endigina o'rinbosar etib tayinlangan edi.

"Iqtisod barbod bo'lgan edi. Hech bir korxona ishlamasdi. Har kungi majlislarda oddiy muammolarni hal etishga harakat qilardik. "Ko'mirni qayerdan olamiz? Kerosinnichi?" Shaharda non va sut ta'minotini yo'lga qo'yish ham oson emasdi", - deya eslaydi Rijkov.

Bugunga kelib, hayot ancha yaxshilangan. Ammo demokratik taraqqiyot iqtisoddan oqsamoqda.

Saylovlarni mustaqil ravishda kuzatuvchi "Golos" tashkiloti vakili Liliya Shibanovaning aytishicha, demokratik islohotlar uzoqqa bormasdan to'xtab qoldi.

"Haqiqiy saylovlar, munozaralar, turli siyosiy kuchlarni o'z ichiga olgan hukumat - barchasining umri qisqa bo'ldi".

Ommaviy so'rovlar o'tkazuvchi markaz mutaxassisi Lev Gudkovning aytishicha, demokratik institutlar Rossiyada ildiz otmadi.

"Hukumat markazlashgan, jamiyat nazoratida emas. 20 yildagi o'zgarishlarga qaramay Sovet Ittifoqida yaratilgan tizim saqlanib qoldi. Rejim siyosiy va jinoiy politsiyaga tayanadi, sud tizimi mustaqil emas", - deydi u.

So'nggi yillar Rossiya jamiyatining barcha qatlamlari uchun ham farovon bo'lmadi. Oddiy xalq va hukumat o'rtasida jarlik kengaymoqda. Internet jadal rivojlanar ekan, ayrimlar zamon bilan hamqadam, boshqalar undan qolib ketgan.

Moskvadagi Zamonaviy taraqqiyot instituti xodimi Igor Yurgensning aytishicha, mamlakatda feodalizm va modernizm bir-biriga qorishib ketgan.

"Bu yaxshi emas, biroq vaqt o'tib, hammasi joy-joyiga tushib ketadi, deydi u. Xoh evolyutsiya, xoh revolyutsiya orqali", - deydi Yurgens.

Shu shanba poytaxtda yirik namoyish o'tishi rejalangan. Eng qizig'i, SSSRning tugatilganiga deyarli 20 yil to'lgan kun.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG