AQSh Rossiya doping dasturi haqidagi da'voni tekshiradi

  • Amerika Ovozi

Rossiya sportchilari doping qabul qilishida davlatning roli borligi haqidagi da'volar AQSh sudida ko'rib chiqiladi.

"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, Rossiya hukumatining doping dasturi doirasida o'nlab sportchi taqiqlangan preparatlarni qabul qilgan bo'lishi mumkin. Nyu-York tuman prokurorlaridan biri bu ishni olib boradi.

Rossiya antidoping boshqarmasining sobiq rahbari Grigoriy Rodchenkovning da'vo qilishicha, sportchilar, davlat rasmiylari, mahalliy antidoping idorasi xodimlari til biriktirib ish qilgan.

Odatda AQSh sudida sportda doping bilan bog'liq ishlar ko'rilmaydi. Biroq agar bunday preparatlarni qabul qilgan sportchilar Amerikadagi musobaqalarda qatnashgan bo'lsa yoki bu ish uchun Amerika banklaridan foydalangan bo'lsa, tergov o'tkazilishi mumkin. Bunday holatlarda prokurorlar xorijda yashovchi chet elliklarni ham sudga berishi mumkin.

Rodchenkovning o'zi bunday firib ishlarida ishtirok etganini tan oladi. Xususan, Rossiya hukumati ko'rsatmasiga ko'ra siydik analizi natijalarini almashtirganini. Rodchenkov Rossiyadan qochib hozir Amerikada yashamoqda.

Rossiya Sport vaziri Vitaliy Mutko Britaniyaning "The Sunday Times" (Sandi Tayms) gazetasiga bergan intervyusida sport murabbiylari, sportchilar va mutasaddilarning jiddiy xatolarga yo'l qo'yganini tan olsa-da, hukumatning bu ishga aloqadorligi xususida ma'lumot bermadi.

Doping mashmashasi tufayli xalqaro musobaqalardan vaqtincha chetlatilgan Rossiya yengil atletikachilarining yozda Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya o'yinlarida ishtirok etishi savol ostida turibdi. 17-iyun kuni bu borada aniq qaror chiqariladi.

Agar Rossiya hukumatining doping dasturini yuritgani haqidagi da'volar isbotini topsa, Rossiya olimpiya jamoasi yozgi musobaqalardan butunlay chetlatilishi mumkin.

Xalqaro Olimpiya qo'mitasining seshanba kuni ma'lum qilishicha, 2008-yilgi Pekin Olimpiadasida doping qo'llagani aniqlangan 31 sportchi ham Rio-de-Janeyroga bormasligi mumkin.

Qo'mita Jahon antidoping boshqarmasini 2014-yilgi Sochi Olimpiadasi bo'yicha to'liq tergov o'tkazishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG