Moskvada Putinga qarshi aksiya uyushtirildi

  • Amerika Ovozi

Moskvada Putinga qarshi aksiya uyushtirildi

Moskvada Putinga qarshi aksiya uyushtirildi

Yakshanba kuni Rossiyada prezident saylovlari. Bosh vazir Vladimir Putin g'alaba qozonishi kutilmoqda. Moskvadagi muxbirimiz Jeyms Brukning xabar berishicha, o'tgan yakshanba kuni minglab odamlar Kreml atrofiga to'planib, norozilik namoyishi uyushtirdi.

Namoyishchilar Kreml atrofida qo'l ushlashib, 16 kilometrli zanjir hosil qildi. Muxolifat oq lentalar bilan chiqqani uchun tadbir "Katta oq halqa" nomini oldi. O'tgan-ketgan mashina signal chalib, kimdir ularni olqishlasa, kimdir norozilik bildirdi.

Namoyish ishtirokchilaridan biri Nikolay Shapelov. Yoshi 32 da, programmist, qo'lidagi oq lentochkada "Putinsiz Rossiya" degan yozuv bor.

"Saylovlar halol bo'lishini istaymiz. Ammo aslida bunday emas. Televizorda faqat Putinni ko'rasiz, bu adolatdanmi", - deydi u.

Vladimir Putin 2000-2008 yillarda prezident bo'lgan. Konstitutsiya bo'yicha ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanish mumkin bo'lmagani uchun lavozimini Dmitriy Medvedevga topshirib, o'zi shu kungacha bosh vazirlikni bajarmoqda.

Namoyishchilardan yana biri, 37 yoshli Aleksandrning aytishicha, hukumat korrupsiyaga botgan. Ko'pchilikning ko'zi endi ochilmoqda, deydi u.

50 yoshli Vadim Roshin esa ko'chaga 18 oyli qizi Katya bilan chiqdi. Putin jamiyatni bo'lib tashlamoqda, deydi u.

"Fikrlar xilma-xilligi bor jamiyatda yashashni istayman. Xalq bunga tayyor", - deydi u.

55 yoshli arxitektor va restavrator Aleksey Denisov nazarida korrupsiya sabab Moskvada tarixiy imoratlar buzilmoqda.

"Odamlar "bir nima qilaylik, hayotni o'zgartiraylik, bundan keyin bunday yashash mumkin emas" deya birlashmoqda. Aks holda Rossiya kelajagi mavhum", - deydi Denisov.

Ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Putin birinchi bosqichdayoq 50 foizdan ko'p ovoz olib, g'alabani qo'lga kiritishi mumkin. Ammo yirik shaharlarda saylov natijalari qanday bo'lishi ma'lum emas.

Namoyish tashkilotchilaridan biri, yozuvchi Boris Akuninning aytishicha, bu muxolifatning so'nggi tinch chiqishi bo'lishi mumkin.

50 yoshli teleprodyuser Yuriy Bershidskiy bu fikrga qo'shiladi. Putin g'alabasidan so'ng namoyishlar bostiriladi, deydi u.

"Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarda ko'pchilik ularga qarshi bo'lsayu, jim turishadimi", - deydi Bershidskiy.

"Oq halqa" aksiyasi bir yarim soat davom etdi.

Dumaga "Adolatli Rossiya" partiyasidan saylangan deputat Ilya Ponomaryov so'zlariga ko'ra, mahalliy kuzatuvchilar parlament saylovlarida ro'y bergan qonunbuzarliklar prezident poygasida takrorlanishining oldini olishga harakat qiladi.

"Agar ovozlar bu safar ham keng ko'lamda soxtalashtirilsa, muxolifat bo'yin egmaydi, Rossiyada konstitutsion tartibni tiklash yo'lidan qaytmaydi", - deydi Ponomaryov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG