Breaking News

Putinga ovoz berganlar uni barqarorlik timsoli deb ko'radi


Rossiyada prezident saylovlari, Moskva, 4-mart, 2012-yil.
Rossiyada prezident saylovlari, Moskva, 4-mart, 2012-yil.

Rossiyada bugun prezident saylovlari. Sovet Ittifoqi qulaganidan beri beshinchisi. Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Bosh vazir Vladimir Putin Kremlga yana ko'chib kirishi mumkin. Shunday bo'lgan taqdirda Putin Rossiyani 2018-yilgacha boshqaradi. Xususan, "Levada" nodavlat ijtimoiy markazi Putin 62 foiz ovoz olishi mumkin, deydi.

Shu paytga qadar 100 million saylovchidan 56 foizi ovoz berib ulgurgan. Eng yuqori ko'rsatkich Chechenistonda qayd etilgan - salkam 95 foiz.

Moskvadagi muxbirimiz Jeyms Bruk saylovdan oldin aholi kayfiyatini o'rgandi.

Poytaxt maktablarining birida tashkil etilgan saylov uchastkasida jarayonni kuzatish uchun ko'ngilli bo'lib yozilgan 37 yoshli Aleksandr Pavlovskiyning aytishicha, u kechasi bilan shu yerda qolib, byulletenlarning hisoblanishini nazorat etadi.

"Keyingi avlod Rossiya rahbari halol va demokratik ravishda saylanishini bilishi kerak", - deydi u.

Mariya Tarasova shu maktabda o'qituvchi. Uchastkaga rais etib tayinlangan. Muxolifat dekabr oyidagi parlament saylovlarida ovozlar soxtalashtirildi deya shikoyat qilgach, prezident saylovlarida yangi qoidalar joriy etildi.

Muallimaning aytishicha, saylov uchastkalarida oddiy xalq safidan kuzatuvchilar soni ko'paygan hamda jarayon veb-kameralar orqali internetga jonli uzatilmoqda.

"Istalgan odam istalgan joydan turib saylovlarni kuzatishi mumkin".

200 mingdan ziyod odam jarayonni uchastkada kuzatish ishtiyoqini bildirgan. Yana 600 ming kishi esa internet orqali kuzatadi. Kameralar salkam 100 ming saylov uchastkasining barchasida o'rnatilgan.

Amerika Ovozi muxbiri jarayonda ilk bor qatnashayotgan Vitaliy Chobanu bilan ham muloqot qildi.

"Besh nomzod orasida hali yaxshi tanilmagan arbob, tadbirkor Mixail Proxorovga ovoz berdim", - deydi bu yosh saylovchi. "Proxorov biznesni tushunadi, demokratiya tarafdori".

Putinga ovoz berganlar asosan barqarorlikni istaymiz, deydi.

Muxolifat bu safar ham ovozlar soxtalashtiriladi, deya yirik namoyishlarga hozirlik ko'rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG