Yevropa Komissiyasi: Rossiya Minsk bitimiga amal qilsa, sanksiyalar olib tashlanadi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker va Prezident Vladimir Putin, Sankt-Peterburg, 16-iyun, 2016-yil

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker va Prezident Vladimir Putin, Sankt-Peterburg, 16-iyun, 2016-yil

Yevropa Komissiyasi Prezidenti Jan-Klod Yunker Rossiya Qrimni o'ziga qo'shib olganidan beri tashkilotning bu mamlakatga tashrif buyurgan eng yuqori lavozimli rasmiysi bo'ldi. Uning Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda aytishicha, Ukraina bo'yicha Minsk shartnomasi to'liq bajarilmaguncha Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinmaydi.

Forumda Italiya Bosh vaziri Matteo Rensi va Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi ham qatnashdi. Kremlga yaqin ayrim odamlarning aytishicha, bu insonlarning Rossiyaga kelishi uning yakkalangani haqidagi gaplarni puchga chiqardi.

Yevropa Ittifoqiga a'zo ayrim mamlakatlar rahbarlari Yunkerning Rossiyaga safariga norozilik bildirgan, ayniqsa sanksiyalarni uzaytirish masalasining muhokamasi arafasida bo'lgani sabab. Ammo komissiya rahbarining aytishicha, Rossiya muhim davlat va u bilan muloqot uzilmasligi lozim.

Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa kengashi tahlil markazi xodimi Fredrik Vesslauning aytishicha, Yunkerning safari Yevropa Ittifoqida Rossiya bo'yicha yagona pozitsiya yo'q degan signal yuborishi mumkin.

Rossiya rasmiylari, moliya va mudofaa sektorlariga nisbatan joriy etilgan olti oylik sanksiyalar muddati iyul oyida yakunlanib, 28 a'zolik tashkilot kelasi hafta ularni uzaytirishga qaror berishi kutilmoqda.

Qo'shma Shtatlar Minsk shartnomasi ijro etilmaguncha sanksiya bekor qilinmasin, demoqda. Sankt-Peterburgdagi forumda so'zlagan Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Yevropa bu masalada AQSh chizgan chiziqdan chiqa olmayapti.

So'nggi oylarda qit'aning ayrim mamlakatlarida sanksiyalarni bekor qilish da'vatlari yangramoqda. Fransiya parlamenti aprel oyida shu mazmunda rezolyutsiya qabul qildi, Italiyaning bir necha viloyati qonunchilari ham Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarning cheklangani yevropalik tadbirkorlarga jiddiy zarar yetkazayotganini aytib, hukumatdan sanksiyalarni uzaytirmaslikka ovoz berishni so'radi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayer esa may oyi oxirida ularni asta-sekin yengillashtirish kerakligini aytdi.

Yunker nazarida Rossiya-Yevropa Ittifoqi aloqalari qanday bo'lishini Qo'shma Shtatlar belgilamasligi kerak, ammo Rossiya ham Minsk bitimi bo'yicha olgan majburiyatlarini bajarishi lozim.

“Rossiya ma'lum majburiyatlarni o'z bo'yniga olib, hujjatni imzolagan. Demak, unga endi to'liq amal qilish kerak. Iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilishning yagona yo'li shu va bu masalada Yevropa Ittifoqi ham, Katta Yettilik ham hamfikr”, - dedi Yunker.

Rossiya Qrimni qo'shib olganidan so'ng Katta Sakkizlikdan haydalgan edi.

Tahlilchi Vesslauning aytishicha, Yunkerning izohlariga qaramay, uning Rossiyaga borgani Putinga qo'l kelmoqda.

“Rossiya Yevropani bo'lib qo'yishga, zaiflashtirishga urinmoqda. Kreml "Yevropa Ittifoqi va Rossiya aloqalari yaxshilanmoqda, Yevropa Qrimning Rossiyaga qo'shib olinganini tan olishga majbur bo'lyapti" degan tasavvur yaratishga harakat qilyapti. Yunker ana shu tasavvurning bir qismiga aylandi", - deydi ekspert.

Unga ko'ra, Moskva Minsk shartnomasini bajarishni xayoliga keltirgani ham yo'q.

"Buning o'rniga bu masalada olg'a qadam tashlanmayotgani uchun barcha aybni Kiyevga to'nkayapti", - deydi Vesslau.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG