Rossiya, Belarus, Qozog’iston iqtisodiy ittifoqiga kirdi

  • Amerika Ovozi

Armaniston va Qirg’iziston yil oxiriga qadar qo’shilmoqchi. Sobiq sovet davlatlaridan beshtasi shu tariqa bir ittifoqqa bosh qo’shadi.

Rossiya, Belarus va Qozog’iston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini tuzishga doir hujjatni ma’qulladi. Armaniston va Qirg’iziston yil oxiriga qadar qo’shilmoqchi.

Sobiq sovet davlatlaridan beshtasi shu tariqa bir ittifoqqa bosh qo’shdi. Tanqidchilar nazarida Moskva sovet ittifoqini tiklab, o’zining iqtisodiy qudratini mustahkamlamoqchi.

Ostonada kechgan tantanali marosimda Ukrainadan vakil yo’q edi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Kiyevni tanqid qilmoqda.

“Ukraina xalqi o’ziga ziyon qilganini bir kun kelib tushunadi”, - deydi Lukashaneko Kiyevning G’arbga yuz tutganini izohlar ekan.

Rossiya prezidenti, oxirgi bir yil Ukrainani Moskva ta’sir doirasiga qaytarishga uringan Vladimir Putin nazarida Yevrosiyo ittifoqi davlatlar suverenitetiga tahdid solmaydi.

Nyu-York Universitetida Rossiya bo’yicha mutaxassis Mark Galeotti so’zlariga ko’ra, Putin Kiyevni Moskvaning nazoratiga qaytarishga harakat qilishda davom etadi.
“Ukrainasiz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini salmoqli deb bo’lmaydi”, - deydi u.

Ukraina aholisi 46 million kishi. Bu Armaniston, Belarus, Qirg’iziston va Qozog’iston aholisini qo’shib hisoblaganda ham 10 million odamga ko’p.

Moskvadagi Karnegi fondidan olima Masha Lipmanning aytishicha, Kreml Kiyevni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga jalb qilolmaydi. Rossiya bu kurashni boy berib bo’ldi, deb hisoblaydi u.

Ukraina yangi rahbariyati kelasi oy Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikka doir hujjatga qo’l qo’ymoqchi. Gruziya va Moldova shu kabi kelishuvni iyun oxirida imzolaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG