Rossiyani xorijliklar tark etmoqda

  • Amerika Ovozi

Moskva

Moskva

Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz va G’arb bilan tarang aloqalar sabab minglab xorijliklar bu mamlakatni tark etmoqda. Rossiyada xorijliklarga xizmat ko’rsatuvchi bizneslar yopilmoqda, zarar ko’ryapti.

Moskvada xorijliklarning ilk yarmarkasi ular uchun eng qiyin davrga to’g’ri keldi. Neft narxining tushib ketgani va Ukrainadagi voqealar yuzasidan Rossiyaga qo’yilgan G’arb sanksiyalari tufayli Rossiyada yashab ishlagan minglab chet elliklar mamlakatdan chiqib ketdi. Xorijiy kompaniyalar kichraydi, boshqa mamlakatlarga ko’chdi yoki butunlay yopilib ketdi.

“Mijoz kompaniyalarning ko’pi o’zlarida ishlayotgan xorijiy xodimlari sonini qisqartirdi. Maoshni ularga xorijiy valyutada to’lash kerak, bu esa ko’p shirkatlarga qimmatga tushmoqda”, - deydi Viza Dilayt (Visa Delight) kompaniyasidan Aleksey Filipenkov.

Rossiya javob sanksiyalari sifatida G’arbdan oziq-ovqat xarid qilishni to’xtatib qo’ydi, Yevropa oziq-ovqat mahsulotlari defitsitga aylandi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yaxshi imkoniyat bo’ldi.

“Bozorga kirib olsak, odamlar mahsulotlarni solishtirib, nima yaxshiyu, nima yomonligini o’zlari aniqlab oladi”, - deydi ana shunday shirkatlardan birining rahbari Grant Zozulinskiy.

Yarmarka tashkilotchilariga ko’ra, hozir xorijiy kompaniyalar uchun sarmoya kiritishga eng yaxshi payt.

“Mahsulot va xizmatlar kamayib ketgan bir paytda xorijliklarga aynan hozir xizmat ko’rsatish kerak. Ayrim sarmoyadorlar ikkilanib turgan bo’lsa-da, sarmoya uchun ayni payt”, - deydi Rossiyadagi xorijiy shirkatlardan birining rahbari Jeral Otye.

Rossiyada qolishga qaror qilganlar yaxshi kunlar qaytib kelishiga ishonadi.

“Ketmasdan biroz kutsang, ketganlardan qolgan bo’sh joyni egallashga imkon tug’iladi. 1998-yilgi inqirozdan keyin xuddi shunday bo’ldi. Ko’p shirkatlar Rossiyani tark etdi. Ketmaganlari keyinchalik tezroq rivojlandi, ketib qaytganlar esa bozorga qayta kirishda qiynaldi”, - deydi belgiyalik tadbirkor Piter Rixter.

Rossiyadagi iqtisodiy inqirozdan oldin Moskva dunyodagi eng qimmat shaharlardan biri edi. Dollar va yevro kursi oshar ekan, xorijiy valyutada maosh olayotgan xorijliklar og’ir kunlarni boshdan kechirayotgan rublda oylik olayotganlarga qaraganda yaxshiroq yashamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG