Rossiya chet ellik tabiatparvarlarni qamaydimi?


Braziliyalik ekolog Paula Alminana Masiel Murmansk qamoqxonasida, 30-sentabr, 2013

Braziliyalik ekolog Paula Alminana Masiel Murmansk qamoqxonasida, 30-sentabr, 2013

Arktikaning Rossiyaga tegishli qismida tabiat muhofazasi bilan shug’ullanuvchi xalqaro "Greenpeace" tashkiloti faollari hududda neft qazish ishlariga mone’lik qilish uchun Pechora dengizidagi Prirazlomnaya neft platformasini zabt etishga harakat qildi va buning uchun sud qilinmoqda. Ularga qaroqchilik aybi qo’yilgan, prezident Vladimir Putin esa hissyotga berilmaslikka chaqirmoqda.

18 davlat faollaridan iborat guruhning hibsga olinishi xalqaro jamoatchilik tanqidiga sabab bo’lmoqda.

Prezident Putin prokuraturani masalaga yengilroq qarashga da’vat etgan.

"Tabiiyki, bu qaroqchilik emas", - dedi Putin o'tgan hafta Salexardda Arktika mavzusida o’tgan anjumanda faollar harakatini ta’riflar ekan.

Murmansk shahrida hibsda saqlanayotgan xorijliklar qaroqchilikda aybdor topilsa, 15 yilgacha qamalishi mumkin.

Ekologiya bilan shug’ullanuvchi 40 dan ziyod xalqaro tashkilot Rossiya prezidenti nomiga murojaatnoma yozib, kema va faollarni ozod etishni so’ragan.

"Greenpeace" vakillari Salexard anjumanida qatnashmadi. Tashkilot rahbarlaridan biri Kumi Naydu qaroqchilik ayblovini ahmoqlik dedi.

Unga ko’ra, faollar neftni qazish ishlariga norozilik bildirib, bu Shimoliy Muz okeani ekologiyasiga zarar ekani haqida ogohlantirmoqchi bo’ldi. O’tgan yili grinpischilar Pechora dengizida Gazpromga qarashli bu platformaga chiqib, o’z bayrog’ini tikishga muvaffaq bo’lgan edi.

Prezident Putin fikricha bunday faollikning o’ziga yarasha xavfi bor.

"Faollar harakati odamlarning sog’lig’i va hayotini tahdid ostiga qo’ydi. Bunday piar aksiyalar shunga arziydimi", - dedi Putin.

Duma deputati Mixail Slipenchuk ham shunday fikrda. Uning aytishicha, Grinpis aksiyalari tashkilotni reklama qilishga qaratilgan.

"Shundagina homiylar ko’payib, xayriya ortadi", - deydi deputat.

AQSh Sohilni muhofaza qilish xizmati sobiq xodimi Loson Brigxemning aytishicha, agar Amerikada ham faollar neft platformasiga chiqishga harakat qilsa, javobgarlikka tortiladi.

"Sovuq suvda bunday qilish o’ta xavfli, ular hayotini tahlikaga solmoqda", - deydi u.

Sud faollarni garovga ozod etishdan bosh tortdi.
XS
SM
MD
LG