Breaking News

Levada Markazi: Kremlning AQShga qarshi targ'iboti avjida


Lev Gudkov
Lev Gudkov

Rossiyaliklarning Amerika hamda Moskva-Vashington munosabatlari haqida fikri salbiyligicha qolmoqda. Levada Markazi o’tkazgan ommaviy so’rovga ko’ra, ikki davlat aloqalarini aksar aholi “ziddiyatlarga to’la (45 foiz) yoki “dushmanona” (29 foiz) deb baholagan.

So’rov 2015-yil oktabr boshida Rossiyaning 85 o’lkasidan 46 tasida 1600 odam orasida o’tkazilgan.

Ukrainadagi mojaro boshlanganidan buyon AQSh haqida salbiy fikrlovchi rossiyaliklar soni oshgan: 2015-yil oktabrida 71 foiz bo’lsa, 2013-sentabrida 50 foizga teng bo’lgan.

Yevropa Ittifoqiga oid fikrlar ham asosan salbiy. So’ralganlarning 42 foizi Rossiya va Yevropa Ittifoqi aloqalarini “tarang”, 32 foizi esa “sovuq” deb baholagan.

Levada Markazi rahbari Lev Gudkov so’rov natijalarini “Amerika Ovozi” bilan muhokama qildi.

Rossiyaliklar AQSh olib borayotgan siyosatni salbiy baholashiga nima sabab bo’lmoqda?

Lev Gudkov: Avvalambor, so’nggi yillarda olib borilayotgan propaganda. Bu jarayon Vladimir Putin hokimiyatga kelganida boshlangan, 2007-yilda Myunxenda qilgan nutqidan so’ng aksil-G’arb targ’iboti yanada kuchaydi. Rossiyada ommaviy namoyishlar bo’lib o’tganidan keyin yana avj oldi, chunki prezidentdan norozilik kuchaydi, u odamlar ishonchini oqlay olmadi. 2012-yil oxirida mamlakatda fuqaro jamiyati, muxolifat va erkin matbuotga qarshi qator qonunlar qabul qilindi.

Bunday siyosatning asosiy maqsadi nima?

Gudkov: So’z erkinligi, ma’lumot erkinligi, sud tizimi mustaqilligi, qonun ustuvorligi kabi demokratiya asoslarini qadrsizlantirish, vaholanki, aksariyat aholi bu qadriyatlarni qabul qilgan edi. Kreml targ’ibotchilarining bosh vazifasi ham shundan iborat bo’ldi va Ukrainadagi "Maydan"dan keyin ayniqsa dolzarb tus oldi. O’shanda mustaqil televizion kanallar siquvga olindi va nihoyatda agressiv propaganda boshlanib ketdi. Ayni vaqtda ular AQShni tahdid sifatida ko’rsata boshladi.

G’arbning qanday jihati rossiyaliklarning jig’iga tegadi?

Gudkov: Gap shundaki, G’arb haqidagi tasavvurlar bir xil emas. Bir tarafdan, G’arb rossiyaliklar o’zlari erisha olmagan qadriyatlar o’lkasi, masalan, harakat va safar qilish erkinligi, ijtimoiy himoya, yuqori darajadagi turmush tarzi, farovonlik… Ayni vaqtda odamlar hozirgi tuzum o’zgarmas ekan, bularga erishib bo’lmasligini yaxshi tushunadi. Shu sababdan odamlarda ushalmagan orzular poydevorida vujudga kelgan g’azab bor.​

Aksil-Amerika propagandasi Rossiya milliy manfaatlari bilan hamohangmi?

Gudkov: Bu rejim va shaxsan Putin manfaatlaridan kelib chiqayotgan siyosat. Korrupsiyalashgan, avtoritar tuzum barcha uslublar orqali jamiyat ustidan nazorat o’rnatmoqchi va barcha ma’lumot manbalarini, tanqidni yo’q qilmoqda. Muxolifat va mustaqil fuqaro jamiyati siquvga olingan. Lo’nda qilib aytsam, o’z fikrini bildirayotganlar, Kreml siyosatidan norozilar ovozini o’chirishga qaratilgan siyosat olib borilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG