Moskvada bayramga tayyorgarlik avjida, kelajakdan xavotirlar kuchli

  • Amerika Ovozi

Rossiyada Yangi yil bayrami yaqinlashar ekan, aholi orasida bayramona kayfiyat hukmron. Ammo xavotirlar ham yo’q emas. Rublning qadrsizlanishi, iqtisodiy ahvolning og’irlashishi – moskvaliklar shikoyat qilayotgan masalalardan.

Iqtisodiyotga oid xavotirlarga qaramay, Moskvada Yangi yil bayramiga tayyorgarlik avjida.

Biroq ahvol og’ir. Neftning arzonlashishi hamda G’arb joriy etgan sanksiyalar oqibatida rubl qiymati pasayib ketdi, demak, narxlar baland. Mamlakat itisodiyoti inqiroz bo’sag’asida.

Prezident Vladimir Putin bunday vaziyat ko’pi bilan ikki yil davom etishini aytdi, ammo rossiyaliklar, baribir, tashvishda.

“Bu haqda o’ylamaslikka harakat qilyapman. Ahvol juda yomon. Ko’ramiz, nima bo’ladi. Dahshat,” – deydi Soso ismli bir yigit.

Ko’plab rossiyaliklar bu yil odatdagidek xorijga safar qila olmaydi, qishki ta’tilda vatanida hordiq chiqaradi.

Xosh, mahalliy biznes ahli bu haqda qanday fikrda? Ko’chada yong’oq sotayotgan ayoldan so’raymiz.

“Menimcha, puli bor kishi yong’oqqa sarflashdan qaytmas, to’g’rimi? Qariyalar, pensionerlar, kam maosh oladiganlar emas, puli bor odamlarni aytyapman. Ularda doim pul bo’ladi,” – deydi Galina ismli tadbirkor.

Bayramga tayyorgarlik ko’rayotganlar kamroq pul sarflashga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin, ammo bozor qilishdan qochayotganlar yo’q, deydi o’zi to’qigan narsalarni sotayotgan Mariya.

“Iqtisodiy muammolarimiz sababli odamlar, albatta, qimmat bo’lmagan va kerakli buyumlarni xarid qilyapti. Lekin bizning mahsulotning bozori chaqqon. Puli kam bo’lgan odamlar ham sovg’a sotib oladi”, - deydi u.

Qorboboning esa Yangi yilga atagan maslahati bor.

“Men afsungar ham emasman, joduni ham billmayman. Men shunchaki qish sehrgariman. Yangi yilda nima bo’lishi faqat o’zingizga bog’liq. Yangi yilni qanday kutib olsangiz, o’sha kecha nima qilsangiz, butun yil ham shunday o’tadi. Hammasi sizga bog’liq. Hayotimda yaxshi o’zgarishlar ro’y bersin, desangiz, aynan shunday bo’ladi”, - deydi u.

Bayramona kayfiyatlar orasida Kremlga ta’na toshlarini otayotganlar ham kam emas. Rossiya rahbariyati nochor iqtisodiyot va Ukrainadagi muammolar yuzasidan eng ko’p tanqidga uchramoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG