AQShda Rossiya harakatlarini tergov qilayotgan guruh raisi o'zgardi

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning 2016-yil prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni tekshirish uchun tuzilgan tergov qo’mitasi sobiq raisi kaliforniyalik respublikachi kongressmen Devin Nunyes

AQSh Kongressi Vakillar palatasida Rossiyaning 2016-yil prezident saylovlariga aralashgani haqidagi da’volarni tekshirish uchun tergov qo’mitasiga yangi rahbar tayinlandi. Bungacha Vakillar palatasi Razvedka idorasining boshlig’i, kaliforniyalik respublikachi kongressmen Devin Nunyes raislik qilgan edi, ammo u tergovga doir ayrim ma’lumotlarni Oq uy bilan muhokama qilgani uchun noxolislikda ayblandi.

“Nunyes o’ta muhim tergovning izdan chiqmasligi va unga qarshi da’volardan o’zini tozalash uchun tergov guruhi raisligidan ketib to’g’ri ish qildi”, - deydi palata spikeri Pol Rayan.

Razvedka qo’mitasining demokrat a’zosi Adam Shiff ham Nunyes qarorini olqishladi.

“Jarayonni yangidan boshlashga imkon tug’ildi. Nunyes o’tgan oy Oq uyda bo’lib, noma’lum manba ko’rsatgan maxfiy hujjat bilan tanishib, uning mazmunini Prezident Tramp bilan muhokama qildi”, - dedi Shiff.

Trampning aytishicha, Nunyes unga ko’rsatgan hujjatdan shunisi ma’lumki, sobiq Prezident Barak Obama haqiqatan saylov kampaniyasi paytida uning saylov shtabini maxfiy ravishda kuzatishni buyurgan. Biroq Federal qidiruv byurosi bunga dalil yo’qligini aytmoqda.

Vakillar palatasining Axloq qo’mitasi Nunyes harakatlarini tergov qilib, maxfiy hujjat mazmunini oshkor qilishda qonunni buzgan-buzmaganini aniqlamoqchi.

Rossiya bo’yicha tergov bilan shug’ullanayotgan qo’mitaga endi uch respublikachi qonunchidan iborat guruh raislik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG