Rossiya samolyoti Indoneziya tog’larida qulagan

  • Amerika Ovozi

Rossiyaga tegishli samolyot Indoneziya tog’larida qulab, bortidagi yo’lovchilarning barchasi halok bo’lgan. Omon qolganlarni topmadik, deya bildiradi Indoneziya qidiruv-qutqaruv xizmatlari.

Fojia ro’y bergan hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayapti, ammo rasmiylar biror odam tirik qolganiga ishonmaydi. Yangi rusumdagi “Suxoy Superjet-100” samolyoti bortida taxminan 50 kishi bilan Indoneziya poytaxti Jakartadan havoga ko’tarilgan, oradan ko’p o’tmay radardan g’oyib bo’lgan edi.

Avialayner qoldiqlari bugun Jakarta janubidagi Salak tog’ yonbag’rida topildi.

Indoneziya prezidenti Susilo Bambang Yudxoyono qidiruv operatsiyalarini o’tkazishga ko’rsatma bergan. “Nima bo’lganini bilmaymiz. Tergov barcha savollarga javob beradi”, - deydi u.

Bogor mintaqasida samolyotni izlab topish ishlari qattiq yomg’ir, shamol va tuman sababli sekin kechgani xabar qilinmoqda. U bir soat ichida qaytib kelishi kerak edi.

Rossiyaning “Suxoy” kompaniyasi harbiy sohada nom qozongan, Superjet-100 uning xorijiy firmalar bilan hamkorlikda loyihalashtirgan ilk yo’lovchi samolyotidir. Aviatsiya sohasini rivojlantirishga ahd qilgan Rossiya mulozimlari uni mijozlarga ko’rsatish uchun Osiyo davlatlari bo’ylab safar qilmoqda.

Halokatga uchragan layner yo’lovchilari orasida Indoneziya aviakompaniyalari rahbarlari, aviatsiya sohasi mutaxassislari, jurnalistlar va rossiyalik uchuvchilar bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG