Rossiyada internet kompaniyalarga yangi talablar qo'yilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Rossiyalik faollarning ogohlantirishicha, mamlakatda internet ustidan nazorat yanada kuchayishi mumkin. Parlament global qidiruv sistemalari faoliyatini cheklashga doir qonun loyihalari ishlab chiqmoqda.

O'tgan oy hukumat "Facebook", "Twitter" va "Google" kompaniyalariga noma yo'llab, Rossiya qonunlariga bo'ysunishingiz shart, deya eslatib qo'ydi.

Rossiyada "Yandex" va "Google" singari kompaniyalardan internetdagi qidiruv natijalarini filtrlash, taqiqlangan veb sahifalarni ma'lumot bazasidan chiqarib tashlash talab qilinishi mumkin. Parlamentda ana shunday takliflar yangramoqda.

London iqtisodiyot maktabi domlasi Gregoriy Asmolov bir qancha rus gazetalarida ishlagan.

"Yandex" bunday cheklovlarga qarshi harakat boshlagan, ammo ovozdan o'tsa baribir bo'ysunishga majbur bo'ladi. "Google" esa Rossiyada xorijiy agent deb tamg'alanishi mumkin. Lekin bu qidiruv sistemasi Rossiyada joylashmagani uchun o'z xatti-harakatlarida biroz erkinroq", - deya sharhlaydi Asmolov.

Yevropa Ittifoqida o'tgan yili bir qonun kuchga kirdi. Unga muvofiq agar internet kompaniyalardan eskirgan ma'lumotlarni qidiruvdan o'chirib tashlash so'ralsa, talab bajarilishi shart. Rossiyada ko'rib chiqilayotgan loyihaga ana shu qonun asos qilib olingan.

"Loyiha matnida aytilganki, internetda uch yil va undan ortiq muddat saqlangan ma'lumotlarni o'chiring, deb talab qo'yish mumkin", - deydi Gregoriy Asmolov.

Uning qayd etishicha, Rossiyada 2012-yildan boshlab internet ustidan nazorat kuchaya boshlagan. O'shanda senator Ruslan Gattarov bu senzura emas, deya ta'kidlagan edi.

"Ekstremist g'oyalarni tashviq etuvchi ma'lumotlarni taqiqlayapmiz. Yana bir maqsad - farzandlarimiz pedofil va narkomanlar ta'siriga tushmasligini ta'minlash", - degan edi Kremlga moyil qonunchi.

Muammo shundaki, deydi Asmolov, ekstremizmga qanday ta'rif berishni hukumatning o'zi belgilaydi va buni siyosiy muxolifatga bosim o'tkazish uchun qo'llaydi.

Rus muxolifati 2012-yilgi namoyishlarni uyushtirishda internetdan foydalangan. O'shanda hibsga olingan oppozitsionerlar orasida Aleksey Navalniy ham bor edi. Uning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, Rossiyada internetni nazorat qilish kampaniyasi 2015 va 2016-yilgi saylovlar bilan bog'liq.

"Nodavlat tashkilotlar fuqaro jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar bilan chiqishi, fuqarolarni ko'chaga chiqishga undashi mumkin. Kreml ana shunday tashkilotlardan qutulmoqchi", - deydi Navalniy.

Rossiya hukumatiga ko'ra, cheklovlar faqatgina jamiyatni muhofaza qilishga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG