Rossiya Interpol xizmatini suiiste'mol qilayotganlikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Yangi hisobotga ko’ra, Rossiya siyosiy muxolifat vakillarini hibsga olish va deportatsiya qilish talabi bilan xalqaro Interpol tashkiloti xizmatlarini suiiste’mol qilyapti. Bunday talablar oqibatida qidiruvdagi shaxs sayohat qilish va bankdan hisob ochish kabi imkoniyatlardan mahrum bo’ladi.

Interpolning 190 a’zosi boshqa davlatlar hududidagi jinoyatchilarni hibsga olishni so’rab global huquq-tartibot organiga murojaat qilish huquqiga ega. Henri Jekson jamiyati e’lon qilgan hisobot muallifi Deyvid Satterga ko’ra, ayrim davlatlar bu huquqdan noto’g’ri foydalanadi.

“Bunday talablarni yuborish juda oson. Interpol esa ishonch asosida ishlaydi. Demak, Interpolni aldash oson”, - deydi u.

Moskva siyosiy muxolif shaxslarga qarshi bu huquqdan juda ko’p foydalanishi aytiladi.

“Rossiyada nohaq ayblangan odamlar ko’p. Ular siyosiy sabablarga ko’ra javobgarlikka tortiladi. Bunday yolg’on ayblovlarni Interpolga ham oshirib turadi. Natijada qidiruvdagi shaxslar xorijda ham yura olmaydi”, - deydi u.

Kremlga ko’ra, bunday shaxslar jioyat sodir etgani uchun Rossiyaga qaytarilishi va sudga tortilishi kerak.

“Hermitage Capital” jamg’armasi ijrochi direktori Bill Brouder ham Rossiya qidiruvga bergan shaxslardan.

Brouderning advokati Sergey Magnitskiy davlat idoralaridagi korrupsiyani fosh qilishga uringani uchun 2009-yil qamoqxonada o’ldirilgan edi.

Moskva Brouderni firibgarlikda ayblab, uni hibsga olish uchun Interpoldan yordam so’ragan, ammo bu iltimos bajarilmagan edi. Brouder hanuz hayoti xavf ostida ekanini aytadi.

“Ular meni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga, Interpol va boshqa ma’muriy choralar orqali qo’lga olishga urinishmoqda. Agar ilojini topishsa va sezdirmaslikning imkoni bo’lsa, ular meni bir lahzada o’ldirishi ham mumkin”, - deydi u.

O’tgan yili oktabrda Bolgariya sudi siyosiy muxolif Nikolay Koblyakovni Rossiyaga esktraditsiya qilmaslik haqida qaror chiqardi. Koblyakov adolat qaror topganidan xursand.

“Bu haqiqiy Yevropa tamoyillariga asoslangan adolatning bir namunasi bo’ldi”, - deydi u.

Interpol vakolatlarining suiiste’mol qilinishiga yo’l qo’ymaslik uchun Interpol ma’lumotlarini nazorat qilish komissiyasini tuzganini aytadi. Ammo bundan natija kam, deydi Deyvid Satter.

“Komissiya hamma ishlarda va har doim ham yaxshi ishlamaydi. Agar Rossiya kabi davlatlar Interpol xizmatlarini suiiste’mol qilishda davom etsa, bunday davlatlarga ortiq xizmat ko’rsatilmasligi kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Interpol rasmiylari “Amerika ovozi” bilan suhbat qilishni istamadi, ammo yozma bayonot berib, xizmatlari suiiste’mol qilinayotgani haqidagi da’volar asossiz ekanini ma’lum qildi. Tashkilotga ko’ra, jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish talabini bajarish yoki bajarmaslik qarorini o’sha shaxslar joylashgan davlatlar beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG