Krizisdan zarba yegan Rossiya xorijiy investorlarga darvozani kengroq ochmoqda


Krizisdan zarba yegan Rossiya xorijiy investorlarga darvozani kengroq ochmoqda

Krizisdan zarba yegan Rossiya xorijiy investorlarga darvozani kengroq ochmoqda

Rossiya xorijiy investorlarni mamlakatga jalb qilishga urinmoqda. Yaqinda Kaliforniya gubernatori Arnold Shvarsennegger boshchiligidagi tadbirkorlar delegatsiyasi Moskvada bo’ldi.

Rossiya, shuningdek, ko’p yillik urinishlardan so’ng Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo’lish umidida.

Global moliyaviy inqirozdan Rossiyada ko’plab kompaniyalar kasodga uchradi. Iqtisodiy o’sish sur’ati Xitoy, Hindiston va Braziliya darajasidan ikki baravar past.

Britaniya sobiq elchisi, endilikda Lloyds sug’urta kompaniyasi vakili Toni Brentonning aytishicha, Rossiya og’ir davrni boshdan kechirmoqda.

“Iqtisodiy o’sish deyarli to’qqiz foizga tushib ketgan. Lekin hukumat inqirozdan o’ziga yarasha saboq oldik demoqda”.

Xorijiy investorlar Rossiyada ishlashdan hayiqadi, tavakkal qilishni istamaydi. Kreml deyarli 20 yillik harakatdan so’ng nihoyat kelasi yili Jahon Savdo Tashkilotiga qo'shilib, ular ishonchini qozonmoqchi.

Amerika Savdo palatasi prezidenti Endryu Somers deydiki, tashkilotga a’zolik o’ziga yarasha sifat belgisi. “Rossiyaga bozor sifatida qaramagan kompaniyalarga da’vat bo’lib xizmat qiladi”.

Prezident Dmitriy Medvedev yozda Kaliforniyada bo’lib, yuqori texnologiyalar vatani bo’lmish Silikon vodiysi bilan tanishgan edi. Shtat gubernatori Arnolg Shvarsennegger ham Medvedev taklifi bilan Moskvaga borib, Rossiyani iqtisodiy imkoniyatlarga to’la oltin kon deb atagan.

“Imkoniyat serob, ko’rgan odam “ajabo” deydi. Oltin yoki olmos koniga qiyoslash mumkin. Konga tushginu, boyliklarni hovuchla”, - deydi Gollivud sobiq yulduzi.

Kremlning besh yillik va 50 milliard dollarlik xususiylashtirish dasturiga qaramay, ko’p mahalliy kompaniyalar hali ham davlat qo’lida.

“Investorlar mana shu kompaniyalarni qo’lga kiritishni, samarali ishlay olishini bilishi kerak”, - deydi Toni Brenton.

Asosiy to’siqlardan biri – korrupsiya. Aeroflot aksiyadorlaridan biri Aleksandr Lebedevning shikoyat qilishicha, yaqinda uning raqobatchilari xavfsizlik kuchlariga pul to’lab, unga qarashli bankda reyd uyushtirgan.

Jahon bo’ylab korrupsiya darajasini o’rganuvchi Transparency International tashkiloti Rossiyani 178 mamlakat ichida 154-o’ringa qo’yadi. Ya’ni, Yevropada korrupsiya eng rivojlangan davlat.

“Rossiyadagi vaziyatni “korrupsiyalashgan barqarorlik” deb ta’riflasa bo’ladi”, -deydi tashkilot vakili Yelena Panfilova.

Muammolarga qaramay, ba’zi chet el kompaniyalarining ishi baroridan kelmoqda. Kelasi uch yilda Rossiya Yevropadagi eng katta avtomobil bozoriga aylanishi mumkin.

Janubiy Koreyaning Xyunday kompaniyasi yaqinda zavod ochdi. Fransiyaning Reno kompaniyasi esa davlatga qarashli zavodda ulushini ko’paytirmoqchi.

KPMG xalqaro auditorlik kompaniyasi vakili, Rossiyada 15 yildan beri ishlayotgan Endryu Krenstonning aytishicha, “Rossiyada ishlash oson qaror emas”.

XS
SM
MD
LG