Rossiya Eronga S-300 raketa tizimi savdosiga qo'yilgan cheklovni bekor qildi

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning S-300 zenitli raketa tizimi

Rossiyaning S-300 zenitli raketa tizimi

Obama ma'muriyati Rossiyaning Eronga S-300 rusumidagi zenitli raketa tizimini sotish ehtimolidan xavotirda.

S-300 mukammal havo mudofaasi tizimi bo'lib, 800 million dollarga teng shartnoma 2007-yilda imzolangan edi. Tehronga beshta batareya yetkazilishi kerak edi. Biroq BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga nisbatan sanksiya joriy etgach, Rossiya 2010-yilda bitimni muzlatib qo'ygan edi.

Prezident Vladimir Putinning bugungi qarori 2010-yilgi siyosatni bekor qildi. Kreml Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar muvaffaqiyatli kechayotganiga ishora qilib, shunday qarorga kelinganini bildiradi.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Davlat kotibi Jon Kerri yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv chog'ida AQShning bu boradagi e'tirozlarini bildirgan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Meri Xarfning aytishicha, Rossiya Eronga S-300 tizimini sotib Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarini buzayotgani yo'q. Ammo, deydi u, mintaqadagi notinchlikni hisobga olganda qurolni Tehronga hozir uzatishni mavridi emas.

Lavrovga ko'ra, S-300 hujumkor tizim emas, faqat mudofaa uchun ishlangan, demak, Eron hech bir davlatga tahdid sola olmaydi, jumladan Isroilga.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG