Sovet Ittifoqi o'tmish, unga qaytmaymiz, deydi Karimov


Belarus, Qozog'iston va Rossiya davlat rahbarlari Ostonada o'tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi forumida, 29-may, 2014-yil

Belarus, Qozog'iston va Rossiya davlat rahbarlari Ostonada o'tgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi forumida, 29-may, 2014-yil

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10-dekabr kuni Toshkentga safar qilishi kutilar ekan, konstitutsiya kuni munosabati bilan bergan bayonotida O'zbekiston rahbari Islom Karimov Sovet ittifoqini qayta tiklash yo'lidagi harakatlar kuchayayotganidan xavotir bildirdi.

Kremlning bildirishicha, bu tashrif aynan Karimov taklifiga binoan rejalangan. Muzokaralarda avvalo strategik hamkorlik, xususan siyosiy rishtalarni mustahkamlash, shuningdek, savdo va sarmoya ko'lamini kengaytirish haqida so'z ketadi. Markaziy Osiyo xavfsizligi va Afg'onistondagi vaziyat muhokama qilinadi. Bir necha hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Karimov fikricha ittifoq haqida gap-so'z ko'paygan va bu g'oya tarafdorlari soni ortmoqda.

Tantanali marosim qatnashchilariga qarata o'tmishni qo'msayotganlarning og'zini yopishni taklif etgan Islom Karimov, hech qachon O'zbekiston bu kabi davlatlar qatoriga qo'shilmasligini aytgan.

O'zbekiston rahbari bu gaplarni Putinning shu oy Toshkentda rasmiy tashrifi arafasida bayon etmoqda. Sobiq ittifoqni tiklash g'oyasining asosiy muallifi esa Putindir.

2015-yildan Belarus, Rossiya va Qozog'iston ishtirokidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi rasman ish boshlaydi. Mintaqaning yana ikki davlati, avval Qirg'iziston, keyinroq Tojikiston ham Rossiya yetakchiligidagi Bojxona ittifoqiga kirishga hozirlik ko'rmoqda.

Siyosatshunoslar bugunga kelib Rossiyaning mintaqa ustidan ta'siri ancha kuchayganini e'tirof etishadi. O'zbekiston va Qozog'iston prezidentlarining yaqinda Ostonada o'tgan uchrashuvida o'zaro hamkorlikni kuchaytirish haqidagi kelishuvlari ham shu xavotirlarga borib taqaladi.

Ammo mintaqa xavfni anglashga bir qadar kechikdi; Vladimir Putin o'z g'oyasini endi amaliyotga tatbiq etishni boshladi, deydi qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqov.

“Karimov va Nazarboyev o'rtasidagi ambitsiyalar, o'zaro raqobatni inobatga oladigan bo'lsak, ularning hamkorlikda bir qaror chiqarishi shubhali ko'rinadi. Mintaqada esa Rossiya siyosatining qudrati bosqichma-bosqich oshib bormoqda. Agar ertaga biror favqulodda holat yuz berib, Rossiya Qozog'istonga o'z qo'shinlarini kiritadigan bo'lsa, mintaqada Putin bilan ochiq konfrontatsiyaga boruvchi kuch ham, imkoniyat ham yo'q. Buning ustiga butun mintaqa jamoatchiligi Rossiya axborot vositalarining ta'siri ostiga tushib bo'lgan”, - deydi Aydos Sodiqov.

Turli iqtisodiy, siyosiy tashkilotlar doirasidagi tashabbuslar hamda Rossiya axborot vositalari olib borayotgan targ'ibot oqibatida mintaqada Sovet ittifoqi davriga qaytish kayfiyati kuchaygani kuzatiladi.

Millionlab fuqarolari Rossiyada tirikchilik qilayotgan O'zbekiston ham bundan mustasno emas. Faollarga ko'ra, eski tuzum shundoq ham O'zbekistondan ketmagan; mamlakat hamon sobiq ittifoq usulidagi totalitar boshqaruv ostida yashayapti.

“Karimovning o'zi kompartiya rahbari sifatida hokimiyatga kelgan, o'sha tuzumning odami. Mamlakatni ham faqat kommunistik usulda boshqarib kelayapti. Bular hammasi tepadagi kommunistparast rahbarlar tomonidan singdirilayotgan narsalar. Ular bu davrni qo'msatish uchun yana faoliyatlarini davom ettirishadi. Oddiy aholi esa hozirgi tuzumdan, siyosatdan norozi, qandaydir yangiliklar bo`lishini kutib yashayapti. Bu bayonot shunchaki ikkita frontda ishlash: bir tomondan, kommunistcha usuldan voz kechmaslik, ikkinchi tomondan esa biz eski tuzumga qaytmaymiz degan fikrlarni bildirish”, - deydi o'zbekistonlik siyosiy faollardan biri Abdulla Tojiboy o'g'li.

Rossiyaning Qrimni tortib olishi, Ukraina inqirozining ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekzabonlar tomonidan keng muhokama qilinayotgani O'zbekistonda ham rossiyaparast odamlar ko'p ekanini ko'rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG