Rossiyadan faryod: O'zbeklar o'lib ketsa ham Karimovga farqi yo'q


Moskva, 8-may, 2015

Moskva, 8-may, 2015

Rossiyada mehnat muhojirlariga bosim oshib borayapti. Hozir ularni noqonuniy ravishda deportatsiya qilish amaliyoti kengaygan. Huquq himoyachilari deydiki, Kreml ishorasiga ko'ra boshlangan bu chora aynan o’zbekistonliklarni nishonga olayotgani bejiz emas. Bu Prezident Islom Karimovning MDH sammitida qilgan tanqidlari bilan bevosita bog’liq, deydi faollar.

Deportatsiya qilinayotganlarning aksariyati qonuniy ishlab kelgan o’zbeklar ekani aytilmoqda. Politsiya deportatasiya uchun turli bahonalarni ro’kach qilmoqda.

Moskvadan huquq himoychisi Bahrom Hamroyev nazarida aynan qonuniy ishlab kelgan o’zbekistonliklarni nishonga olayotgan yangi to’lqin yuqoridan berilgan ko’rsatmaga binoan amalga oshirilmoqda.

“O’zbekistonliklarga nisbatan munosabat keskin ravishda o’zgardi. Rossiya o’zi o’ylab topgan qonunlarni ham buzib, deportatsiya qilishmoqda. Bu hozir avjga chiqdi. Mehnat muhojirlari ishlaydigan obyektlar ma’lum. O’sha joydagi muhojir O’zbekiston pasporti bilan bo’lsa, olib ketishadi. Mehnat muhojiri qonuniy ishlayotgan bo’lsa ham deportatsiya qarori chiqarilmoqda. Bu falsifikatsiya, odamlarni noqonuniy sud qilib yo’qqa chiqarish. Mujojirlarning o’zlari ham buni bilishadi, ayrimlari Karimov kelishsa bo’laridiku deyapti. Juda ko’p kishi buni 8-may kungi chiqish bilan bog’layapti. Hatto politsiyachilar Karimov paradda qatnashmadi, o’zinglar xohlamadinglar, endi ketinglar degan. O’zbekiston pasporti bilan yurganlarga munosabat keskin yomonlashgan, ahvol yomon, bu jiddiy o’rganilishi kerak”, - deydi Bahrom Hamroyev.

8-may kuni Moskvada o’tgan sammitdan keyin Karimov 9-may kuniga belgilangan g’alaba paradida ishtirok etmay Toshkentga qaytgan edi.

Karimov sammitda gapirganida paradda qatnashishni istamagan liderlardan o’pkalagan Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayevni jiddiy tanqid ostiga olgan va har bir davlat rahbar o’zi xohishiga binoan ish tutishga haqli, deya aytgan edi.

Bahrom Hamroyev fikricha Karimovning chiqsihi Rossiyada jiddiy aks-sado bergan. Sobiq ittifoq davlatlari rahbarlaridan tanqid eshitishga odatlanmagan Putin uchun kutilmagan holat bo’lgan.

“Bu tanqidni dunyo ko’rdi, o’rinli tanqid bo’ldi. Men Karimovni qanaqaligiga baho berib o’tirmayman, lekin u haq gapni gapirdi, mustaqil pozitsiyasini aytdi. Ammo Kreml uchun ham kutilmagan narsa bo’ldi, umuman. 9-may kuni esa bayramga ham qatnashmadi. Kremlparast Atambayevga qattiq tanbeh bergani, dunyodagi siyosatga baho berib, Rossiyani ham shu pozitsiyaga chaqirgani, jiddiy masala. Bu o’z o’zidan qilingan bayonot emas, Karimov juda to’g’ri qildi”, - deydi Hamroyev.

Mehnat mujojirlarini deportatsiya qilish Prezident Karimovga bosim o’tkazish sifatida baholanmoqda. Gap shundaki, bu siyosat uzoq yillardan buyon mehnat muhojirlari muammosini tan olmay kelayogan Karimovga nisbatan ish berishiga ishonch past.

Moskva: Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari doimiy bosim ostida pul topib, vatanidagi oilasini boqadi

Moskva: Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari doimiy bosim ostida pul topib, vatanidagi oilasini boqadi

“Moskva bunday harakat bilan hech kimni o’ziga do’st qila olmaydi. Bir o’zbekni chiqarib haydasa, bir tojikni kaltaklasa, bu siyosat emas. Agar do’st qilmoqchi bo’lsa, o’z millatiga qanday munosabat qilsa, muhojirlarga ham shunday bo’lishi kerak, ikkinchi, uchinchi sort emas. O’zbek hukumati esa Rossiyani bunaqa bosimlarini qabul qilmaydi, qolaversa o’zbeklar o’lib ketsa ham Karimovga farqi yo’q. O`zbeklar esa baribir yo’lini topadi, Turkiyaga boradi, Koreyaga boradi, qolaversa, jihodga ham borishi mumkin. Karimov baribir o’zining siyosatini qiladi. Lekin Rossiya bunaqa munosabat bilan Karimovni ham, o’zbek xalqini ham o’ziga do’st qila olmaydi”, - deydi Bahrom Hamroyev.

Rossiyada taxminan 3 milliondan oshiq o’zbekistonlik mehnat muhojiri bor. Rossiya Ukrainaga nisbatan siyosati sabab G’arb sanksiyalariga uchrashi ortidan kuzatilgan iqitisodiy inqiroz oqibatida O’zbekistonga yuborilayotgan mablag’ ikki barobarga qisqargan. Inqirozdan avval yiliga 6 millard dollarga yaqin pul jo’natilayotgan edi.

AQShdagi “Gallup” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rovda o’zbekistonliklarning 62 foizi Rossiya siyosatini quvvatlagan. Markaziy Osiyo miqyosida solishtirganda bu eng kam ko’rsatkich. Tojikistonda 93 foiz, Qirg’izistonda 79 foiz, Qozog’istonda 72 foiz odam Kremlning yonini olgan.

Rossiyadan migrantlarga nisbatan munosabat azaldan keskin, 2013-yil olingan surat

Rossiyadan migrantlarga nisbatan munosabat azaldan keskin, 2013-yil olingan surat

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG