Oq Uy Xodorkovskiy va Lebedev ustidan e’lon qilingan hukmdan afsusda

  • Amerika Ovozi

Oq Uy Xodorkovskiy va Lebedev ustidan e’lon qilingan hukmdan afsusda

Oq Uy Xodorkovskiy va Lebedev ustidan e’lon qilingan hukmdan afsusda

Moskva sudi sobiq tadbirkor Mixail Xodorkovskiy va uning hamrohi Platon Lebedevni mulkni o’zlashtirganlik va tovlamachilikda aybdor deb topgan.

Bugun sud ishi davom etib, jazo chorasi e’lon qilinishi kutilmoqda. Oq Uy bu qarordan afsusda.

AQSh rasmiylari tergov va sud xolis o’tmagani, adliya tizimi suiste’mol qilinayotgani haqidagi da’volardan xavotirda.

Oq Uy bayonotiga ko’ra, Rossiya umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, qonun ustuvorligini tan olishi lozim. Mavjud nuqsonlar Rossiya taraqqiyoti va AQSh bilan aloqalarga putur yetkazishi aniq, deyiladi bayonotda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xorij tanqidi va bosimi mutlaqo o’rinsiz demoqda.

Mixail Xodokorvskiyning advokati qaror noqonuniy deydi.

Mixail Xodokovskiy va Platon Lebedev nomidan aytishim mumkinki, qonun buzilmoqda, deydi advokat Vadim Klyuvgant.

Bir paytlar Rossiyaning eng badavlat kishisi bo’lgan Mixail Xodorkovskiy va uning sherigi Platon Lebedev Yukos kompaniyasiga qarashli neftni pullab, 27 milliard dollarni o’zlashtirganlikda aybdor deb topildi.

Hukm 250 sahifadan iborat bo’lib, prokuror suddan ayblanuvchilarga 6 yil berishni so’ramoqda.

Xodorkovskiy va Lebedev soliq to’lashdan bo’yin tovlash aybi bilan ayni damda sakkiz yillik qamoq jazosini o’tamoqda. Advokatlar yangi qaror yuzasidan ishni apellyatsiyaga topshirmoqchi.

Xodorkovskiy barcha ayblovlarni rad etib keladi. Uning o’g’li “otam siyosiy qasos qurboni” deydi.

“Mixail Xodorkovskiy siyosiy mahbus ekani va aybsizligi hammaga ayon. Putin undan qasos olmoqda, xolos”, - deydi Pavel Xodorkovskiy.

Mixail Xodorkovskiy muxolifatni yoqlagani, Bosh vazir Vladimir Putinning raqib va tanqidchilarini qo’llab-quvvatlagani uchun jazolanmoqda, deydi ba’zilar.

U avval Yukos neft kompaniyasini boshqargan. Kreml kompaniyani musodara qilib, bankrot deya e’lon qilgan va so’ng sotib yuborgan.

Shuningdek, Moskva sudi sobiq deputat Igor Izmestyevni terrorizm va qotilliklar buyurtmasi kabi ayblovlar bilan umrbod ozodlikda mahrum etgan.

Izmestyev Boshqirdistondan deputat edi. U yirik jinoiy guruhga a’zo bo’lgani va bu tuzilma o’nlab qotilliklar sodir etgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG