Rossiya Kuril orollarida harbiy baza qurmoqchi, Yaponiya xavotirda

  • Amerika Ovozi

Kuril orollari tarkibiga kiruvchi Kunashir oroli

Kuril orollari tarkibiga kiruvchi Kunashir oroli

Rossiyaning Yaponiya bilan talash Kuril orollarida harbiy baza qurish rejasi uning Osiyoda mavqeini kuchaytirish hamda Tinch okeani bo'yidagi iqtisodiyotlar bilan savdo aloqalarini himoya qilishga qaratilgan harakat sifatida ko'rilmoqda.

Kuril orollari Ikkinchi jahon urushi yakunida Sovet Ittifoqiga qo'shib olinib, bugun Rossiyaning Saxalin oblasti tarkibiga kiradi. Yaponiya bu yerni Shimoliy hududlar deb atab, Moskvadan unga qaytarishni talab qilib keladi.

“Agar Rossiya Shimoli-sharqiy Osiyoda harbiy jihatdan faol bo'lishni istasa, Kuril orollarida baza qurish maqsadga muvofiq", - deydi Tokiodagi Strategik izlanishlar forumi tahlilchisi Grant Nyusham.

AQSh Prezidenti Barak Obama so'nggi yillarda Osiyoning muhim ekaniga urg'u berib keladi. Bunga bir sabab Xitoyning mintaqada iqtisodiy va harbiy jihatdan yuksalayotgani. Qo'shma Shtatlar nazarida hududdagi ittifoqchilar bundan bezovtalanmoqda.

Rossiya Kuril orollaridan tashqari Arktikada ham to'rtta harbiy baza qurmoqchi.

So'nggi 10 yilda mamlakat qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishga 600 milliard dollardan ortiq pul sarflangan. Yangi suvosti kemalari, samolyotlar, vertolyotlar qurildi.

Rossiyaning Tinch okeani floti tarkibida 73 ta kema bo'lib, shulardan 23 tasi suvosti, 50 tasi jangovar kemalardir.

Moskva-Pekin munosabatlari so'nggi yillarda ancha kuchaygan. Ikki mamlakat harbiylari yaqinda dengizda qo'shma harbiy mashqlar o'tkazdi.

Tahlilchi Nyushamning aytishicha, Kuril orollaridagi bazaning Rossiyani Tinch okeaniga ulovchi muhim yuk tashish yo'llariga yaqin joyda qurilishi strategik ahamiyatga ega. Sohil bo'ylarida neft va gaz zaxiralarining istiqboli hamda hududning baliqqa boy ekani ham orollarga bo'lgan diqqatni oshirmoqda.

Yaponiya da'vo qilayotgan hududda baza qurilishi Tokio-Moskva aloqalarini yanada sovuqlashtirishi mumkin.

Ikkinchi jahon urushida Germaniya ittifoqchisi bo'lgan militaristik Yaponiyani mag'lub etgan Sovet Ittifoqi orollarni o'zlashtirib, unda yashovchi 17 ming yapon aholisini hududdan haydagan. Tomonlar orollar bo'yicha kelisholmas ekan, ikki davlat o'rtasida haligacha tinchlik bitimi imzolanmagan.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Kuril orollarida

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Kuril orollarida

Avgust oyida Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev Xokkaydo oroli yaqinidagi Kunashir va Iturup orollariga safar qilgani Tokio noroziligiga uchradi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining javobi shu bo'ldiki, Moskva bosh vazirning Rossiya hududi bo'ylab safar qilish jadvalini Tokio bilan muvofiqlashtirishni zarur deb bilmaydi.

Rossiya mudofaa vazirining Kurilda harbiy baza qurish haqidagi bayonotini Yaponiya rasmiylari bosiqlik bilan qarshiladi.

"Biz bu haqda qo'shimcha ma'lumot olishimiz lozim. Agar haqiqatda shunday bo'lsa, Yaponiya hukumati keskin norozilik bildiradi, chunki bizning bu masala bo'yicha pozitsiyamiz o'zgarmagan - orollar Yaponiyaning suveren hududlaridir", - dedi Yaponiya vazirlar mahkamasi kotibi Yoshixide Suga.

Ikki mamlakat ushbu masala bo'yicha kelishib olsa, har ikki tomon iqtisodiy hamkorlikdan foyda ko'rishi aytilmoqda. Yaponiya Rossiyadan gaz va neft sotib olishi mumkin, masalan. Tokio Rossiyaning unga Kurildagi ikki kichik orolni qaytarish taklifini o'tmishda rad etgan.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening joriy yil boshida Ukrainaga borgani hamda Tokioning Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarga qo'shilgani Kremlni orollar masalasida murosasiz bo'lishga majbur qilmoqda.

“Yaponiyaning bu masalada qo'lidan biror ish keladi deb o'ylamayman", - deydi tahlilchi Nyusham.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oy boshida Yaponiyaga borishi kerak edi, biroq safar noma'lum muddatga qoldirildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG