Rossiyada yurgan mehnatkashlar Markaziy Osiyo rahbarlarini birdamlikka undamoqda


Vatandagi nochorlik sabab Rossiyaga borgan mehnat muhojirlari nazarida agar Markaziy Osiyo davlatlari jiplashsa, ko’plab murakkab muammolarga yechim topiladi.

Tojikiston mehnat muhojirlari harakati bu haqda prezidentlarga murojaatnoma yo’llagan. Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston o’zaro ziddiyatda ekan, ishchilarning olisdan turib rahbarlarga bunday iltimos va chaqiriq bilan chiqishidan nima foyda?

Mintaqani bo’hronlardan saqlash uchun oddiy fuqarolarning o’zi harakat qilmasa, kim kelajak haqida o’ylaydi axir, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan muhojirlar.

Markaziy Osiyoni birlashtirish g’oyasi hozirgacha siyosiy liderlar tomonidan bir necha bor samarasiz tarzda ko’tarilgan. Lekin muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelayotgan bu g’oya jamoatchilik orasida dolzarbligini yo’qotmagan ko’rinadi.

Birdamlik tashabbusi bu safar quyi qatlam - mehnat muhojirlari tomonidan ko’tarilmoqda.

Rossiyadagi “Tojikiston mehnat muhojirlari” jamoatchilik harakati prezidentlarga rasman murojaatnoma ham jo’natgan. Harakat raisi Karomat Sharipov ziddiyatlarga tortilib borayotgan mintaqani birlik saqlab qolishiga ishonadi.

“Odamlar hammasidan charchadi, o’zaro urushlardan, ziddiyatlardan. Mintaqani o’zbek-tojikka yoki boshqa xalqlarga bo’lish kerak emas. Bugun bizga bosimlar, hujumlar boshlanadi. Biz birlashmasak bizni Rossiya ham, Xitoy ham, AQSh ham qo’g’irchoq qilib o’ynatishi, yo’qotishi mumkin. Mintaqa xalqlari uchun Rossiyada, AQShda ham hech narsa yo’q. Vaziyatni yaxshilab, mintaqada ishlash kerak. Shuning uchun mintaqa davlatlari yagona bir parlament shaklida birlashishi juda muhim, ayniqsa xavfsizlik nuqtai nazaridan”, - deydi Sharipov.

Bu tashabbus Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi ziddiyatlar ortidan bildirilmoqda. Ammo bu g’oyaning yaqin yillarda amalga oshishi shubhali ko’rinadi, chunki mintaqadagi rejimlar buni istamaydi, ular o’z xalqi manfaatidan uzoq.

“Hozirgi rejimlar Rahmon ham, Karimov ham, Nazarboyev ham o’z xalqi manfaatlaridan uzoq. Bu tashabbus mintaqada rejimlar ketkazilganidan keyingina amalga oshishi mumkin. Buni siz va biz, mintaqa xalqlarining o’zi amalga oshirishi kerak”, - deydi Sharipov.

Markaziy Osiyo birligi tashabbusi bir paytlar O’zbekiston prezidenti, keyinchalik Qozog’iston prezidenti tomonidan ham ko’tarilgan. Tashabbus boshida ikki yirik davlat turganiga qaramasdan turli to’siqlar, o’zaro ambitsiyalar sabab bu go’ya amalga oshmagan.

O’tgan asrning 20-yillaridan beri yangrab kelayotgan Turkiston birligi g’oyasi mintaqa xalqlarining tili, madaniyati va dini bir ekaniga asoslanadi.

“Tojikiston mehnat muhojirlari” ko’tarib chiqqan bu mavzu turli munozaralar qo’zg’agan. Rossiyadagi o’zbek muhojirlari yetakchilaridan biri Maxsud Abdujabborovga ko’ra, tashabbus bugungi reallikdan uzoq.

“Rus matbuoti bu haqda kinoyalar bilan yozayapti. So’nggi yil 20 yil ichida har bir millat o’ziga tegishli og’ir bir yo’lni bosib o’tdi, jumladan tojiklar ham. Bugunga kelib bu millatar yagona bir ittifoqqa birlashishiga ishonmayman”, - deydi u.

Abdujabborovning aytishicha, hozirgacha Rossiyadagi mehnatkashlar orasida uyushish harakati kuzatilmagan. Kimdir muhojirlar nomidan shunday tashabbus bildirayotgan ekan, buni avvalo Rossiyadagi muhojirlarni o’zaro ittifoqqa keltirishdan boshlashi kerak.

“Mintaqa xalqlarining madaniy qadriyatlaridan biri bu Navro’z. Hatto shu bayramda ham bir uyushqoqlik bo’lganini kuzatmadim. Tojikiston tashkilotlari O’zbekiston yoki boshqalar bilan biror hamkorlik ham qilayotgani yo’q. Nafaqat birlik g’o’yasi, o’zbek, qozoq, qirg’iz va tojiklar bir stol atrofida o’tirib, muhojirlik muammolarini muhokama qiilishganini ham hali ko’rganim yo’q. Ehtimol, bu shunchaki shaxsiy tashabbusdir”, - deydi Abdujabborov.

Karomat Sharipovga ko’ra, yaqin kunlarda Moskvada Markaziy Osiyo diasporalari ishtirokida belgilangan uchrashuvda mazkur tashabbus muhokama qilinadi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG