Magnitskiy haqidagi hujjat Moskvaga nega yoqmadi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Senati kelasi hafta Magnitskiy Akti nomli hujjatni ovozga qo’yadi. Loyiha Rossiyada Sergey Magnitskiyning hibsga olinishi va o’limiga aloqador salkam 60 rasmiyga viza berishni taqiqlaydi va ularning hisob raqamlarini muzlatadi.

Tashabbus Rossiya hukumatining asabiga tegmoqda.

37 yoshli rus advokati, Amerika sarmoya firmasi xodimi Magnitskiy uch yil oldin Moskvadagi qamoqxonada jon berdi. Himoyachilarning aytishicha, u Rossiya zamonaviy tarixidagi eng yirik soliq ig’vosini fosh etgani uchun qamalib, keyin o’ldirilgan. Shu kungacha Rossiyada biror shaxs mazkur ish yuzasidan javobgarlikka tortilmadi.

AQSh Vakillar Palatasi o’tgan hafta Maknitskiy Aktini ma’qulladi. Dekabr oxirigacha hujjatni prezident Barak Obama ham imzolashi kutilayapti.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Oq Uyni shoshmaslikka undab, Moskvaning qarshi javobi qat’iy va keskin bo’lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Rossiyaga qarshi qaratilgan bu taklif ikki davlat rishtalariga ta’sir qilmay qolmaydi, deydi vazirlik matbuot kotibi Aleksandr Lukashevich.

Qayta saylangan prezident Vladimir Putin 1990-yillarni, Sovet Ittifoqi qulab Rossiya zaiflashgan bir paytlarni esga soluvchi dasturlarni tugatmoqda. Oxirgi oylarda Kreml USAID – AQSh Taraqqiyot agentligi va UNICEF – BMT Bolalar fondining Rossiyadagi proyektlarini yopdi. AQSh bilan yadroviy hamkorlik dasturi ham tugatildi.

Moskvadagi Oliy Iqtisodiyot maktabi professori Boris Kalyagin AQSh Kongressi nima sababdan Rossiyaga yopishib oldi, deb so’raydi. Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarda inson huquqlari poymol qilinayapti, nega Amerika qonunchilari shu masalalarni muhokama qilmayapti, deya savol beradi u.

“Rossiyani haqoratlovchi, izza qiluvchi maxsus hujjatning nima keragi bor?” – deydi 1990-yillarda rus televideniyesining Vashingtondagi muxbiri bo’lib ishlagan Kalyagin.

Rossiyaning davlatga aloqador matbuotida “G’arb bizni kuchdan qoldirmoqchi” mazmunidagi mulohazalar bot-bot yangrayapti.

Vashingtondagi Xadson Instituti olimi Deyvid Satter nazarida bu da’vatlar jamoatchilik kayfiyatiga ta’sir qilishi aniq. Lekin, shu bilan birga, Rossiya xalqi hukumatdagi korrupsiya, poraxo’rlikdan yaxshigina xabardor, deydi u.
Rossiyani haqoratlovchi, izza qiluvchi maxsus hujjatning nima keragi bor?


Kelasi yili Yevropa Ittifoqi ham Magnitskiy ishiga aloqador rasmiylarni jazolashi mumkin.

Bu, deydi Satter, Rossiya boshqaruv idoralariga yoqmasligi aniq.

“Bu insonlar porani katta qilib olib, Rossiyadan bemalol chiqib, dunyo kezishni, o’marilgan pulni G’arbda sarflashni xohlaydi”, - deydi ekspert.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG