Ryazanda o'zbek faollar huquqiy savodsizlikka qarshi kurashmoqda


Rossiyada milllionlab o'zbekistonliklar mehnat qilib, vatandagi oilasini boqadi.

Rossiyada milllionlab o'zbekistonliklar mehnat qilib, vatandagi oilasini boqadi.

Yaqinda Rossiyaning Ryazan shahrida markaziy osiyolik mehnat muhojirlari “Migrant” nomli gazeta nashr eta boshladi. Bosh muharrir Azim Maxsumovning aytishicha, rus, o’zbek va tojik tillarida chiqayotgan gazeta nafaqat Markaziy Osiyodan kelayotgan ishchi muhojirlar, balki Rossiyadagi barcha migrantlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun mo’ljallangan.


Azim Maxsumov Ryazan shahridagi ishchi muhojirlar jamiyatining faol yetakchilaridan. “Tojikistonlik mehnat migrantlari” tashkilotining Ryazandagi bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, “Biz har xilmiz va biz birgamiz” millatlararo assotsiatsiyasining (Межрегиональная ассоциация «Мы разные и мы вместе») migrantlar bilan ishlash departamenti rahbari.

Azim Maxsumov uzoq yillardan beri Rossiyada muhojirlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda haq-huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanadi. Yaqinda chop etila boshlagan “Migrant” gazetasi ham shu yo’lda boshlangan xayrli ishlardan biri.

“Gazeta keng muhojirlar ommasini qamrab olishga qaratilgan. Texnik va moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqib, hozir uni rus, o’zbek va tojik tillarida chop etyapmiz. Bu nima bilan bog’liq? Avvalo, Tojikiston va O’zbekistondan keladigan ishchilar Ryazan viloyatidagi jami muhojirlarning 70 foizdan ortig’ini tashkil etadi”, - deydi Azim Maxsumov.

“Ikkinchidan, Rossiyaning Yevropa qismidan keluvchi muhojirlar – ukrainlar, moldovanlar, Kavkazdan kelgan migrantlar rus tilini yetarli darajada biladi. Ularga gazetamizda rus tili orqali chiqishimiz mumkin”, - deydi bosh muharrir.

Ryazan shahrida mehnat muhojirlari 70 mingdan ortiq ekani aytiladi. “Migrant” gazetasi hozir oyda bir marta ming nusxada chop etilmoqda. Yil o’rtasiga borib nashrni haftalik qilish va adadini 4-5 mingga chiqarish niyatimiz bor, deydi Azim Maxsumov.

“Biz hukumatdan hech qanday yordam olmaymiz. Bosmaxona xarajatlarini qoplash uchun bir homiy topdik. Qolgan hamma ishlar, maqola yozish, ularni tayyorlash ko’ngillilarning xolis xizmati bilan amalga oshmoqda”, - deydi muhojirlar jamiyati faoli.

Azim Maxsumov mansub muhojirlar jamiyati faqat gazeta chiqarish bilan cheklanmaydi. Mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish, haq-huquqlarini himoya qilish jamiyat amalga oshiradigan ko’p tarmoqli xizmatlarning bir qismi.

“Vazifalarimiz juda ko’p. Migrantlarning bu yerga ijtimoiy va huquqiy jihatdan moslashuviga yordam beramiz. Rus tili kurslarini ochishni rejalashtirganmiz. Gazeta, asosan, muhojirlar orasida huquqiy savodsizlikni tugatish maqsadida tashkil etildi. Biz talabalar bilan ham ishlaymiz. Muhojirlarning bilim olish huquqlarini himoya qilamiz”, - deydi Azim Maxsumov.

“Bizga Kavkazdan, Ukrainadan, Belarusdan ham muhojirlar murojaat qiladi. Ya’ni biz millati yoki hududiga qarab odam ajratmaymiz, hammaga xizmat ko’rsatamiz”, - deya gapida davom etadi Maxsumov.

Hukumat ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili Ryazanda 73 ming mehnat muhojiri ro’yxatdan o’tgan. Bundan tashqari, 45-50 ming atrofida noqonuniy migrant borligi aytiladi. Ryazan viloyati aholisi soni bir milliondan ortiqroq ekanini hisobga olsak, bu oz emas, deydi Azim Maxsumov.

“Muhojirlarning asosiy qismi, 60-70 foizi, O’zbekiston va Tojikistondan. O’tgan yili birgina O’zbekistonning o’zidan 40 ming mehnat muhojiri ro’yxatdan o’tgan. Bu jami migrantlarning 50 foizidan ko’pi, degani. Ya’ni, asosan, Markaziy Osiyo respublikalaridan kelishadi”, - deydi huquq faoli.

Azim Maxsumovning aytishicha, Rossiyadagi muhojirlarning eng katta muammosi bilimsizlik, o’z haq-huquqlarini yaxshi bilmasligidir.

“Migratsiyaga oid qonunchilikda hatto tajribali yuristlarni ham o’ylantirib qo’yadigan masalalar bor. Muhojirlar esa, agar yaxshi bilimga ega bo’lmasa, bunday holatlarda o’zini eplab ketishi qiyin. Demak, birinchi navbatda ularni huquqiy tayyorgarlikdan o’tkazish kerak. Keyingi muammo muhojirlarning rus tilini yaxshi bilmasligi”, - deydi Maxsumov.

“Biz har xilmiz va biz birgamiz” millatlararo assotsiatsiyasi kabi Rossiyadagi muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar oldidagi eng katta muammo moliyaviy yetishmovchilik. Azim Maxsumovning aytishicha, muhojirlarga ko’rsatilayotgan barcha xizmatlar ko’ngilli faollar yordami bilan bepul amalga oshirilmoqda.

“Ryazanda o’zbek muhojirlari bilan ishlaydigan jamiyatlar ko’paymoqda, ammo moliyaviy muammolar bois ularning faol ishlashga imkoniyati bo’lmayapti. Bu kabi jamiyatlar davlat darajasida qo’llab-quvvatlanishi lozim. Afsuski, bugun biz bu narsani ko’rmayapmiz”, - deydi u.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG